Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Bechora o‘qituvchi»

«Bechora o‘qituvchi»

Illyustratsiya: «Xabar.uz»

Keyingi paytlarda «o‘qituvchi» degan so‘zga «bechora» so‘zi ergashadigan bo‘lib qoldi. Buning albatta jiddiy sabablari bor va bu sabablar jurnalistlaru blogerlar tomonidan OAV hamda internetda obdan tahlil qilib berildi...

Odatdagidek ish kunlarining birida xonamiz eshigi beozor taqilladi va ichkariga yoshi elliklardan o‘tgan bir erkak kirib keldi. Salom-alikdan so‘ng qo‘lidagi narsani ko‘rsatib, sotib olishimizni taklif qildi. Taklif qilgan narsasi chiroyli qutidagi pichoqlar to‘plami ekan. Qiziqsinganimizdan ruhlangan sotuvchi molini maqtay ketdi: «germanskiy» toza mol, bunisi undoq uchun, bunisi bundoq uchun, hatto tabaka kesish uchun qaychisi ham bor...

Turli o‘lcham va maqsadga mo‘ljallangan ajoyib pichoqlarni qo‘lma-qo‘l qilar ekanmiz, birimiz qo‘yib birimiz maqtay ketdik: ha zo‘r ekan, vuy o‘tkirligini, oshxona ko‘rki-ku...

Nihoyat, sabrim chidamadi:

— Narxi qancha o‘zi?

Sotuvchi savolimga e’tibor bermaganday yana molining xususiyatlarini sanay ketdi, gap orasida bozorda bunaqa asl narsalar ancha qimmatligini, firmadan shaxsan o‘zi olgani uchun arzon sotishini qistirib o‘tdi.

— Xo‘p, narxini ayting, narxini, – mendan avval boshqa hamkasblarim olib qo‘yadigandek betoqatlandim.

— 170 ming... bozorda...

Narxini eshitib, hamkasblar bir-birimizga qaradik. Qo‘lma-qo‘l bo‘lib pichoqlar jimgina bir joyga yig‘ila boshladi. «Qimmatroq ekan», «Molingizga gap yo‘q, lekin...», «Hali oylik olmagandik»...

Vaziyat o‘zgarib ketganidan sotuvchi asabiylasha boshladi. «Bu pulga nima berayapti hozir... Bozorda bundanam qimmat... Bunaqasini topolmaysizlaram... kelishtiraman agar olsangiz...».

— Yuz ming bo‘ladimi? – maqsadga ko‘chaqoldim.

Molini yerga urib qo‘ydim shekilli, rostanam jahli chiqdi, yuzlari qizarib ketdi. Boshqa hamkasbimiz vaziyatni yumshatishga harakat qildi: «Aka, to‘g‘ri tushuning, biz ham oylikka yashaydigan jurnalistlarmiz. Jur-na-list!».

Biroz o‘zini bosib olgan sotuvchi endi ko‘zlarini pirpiratgancha diydiyoga o‘tdi.

— To‘g‘ri, tushunaman, nima qilay, oddiy bechora o‘qituvchi bo‘lsam, qiz chiqarishim kerak, quruq oylik bilan to‘y qilishning o‘zi bo‘ladimi, shunga shu ishni qilishga majburman-da. Ja, ko‘p qo‘ymayman ustiga, arzimagan pul qoladi...

«Bechora o‘qituvchiman» degan so‘zidan barchamiz sergak tortdik. Hammaning ko‘ngli allanechuk g‘alati bo‘lib ketgani nigohlardan sezilib turardi.

— Yuz yigirmaga bering unda...

— To‘g‘ri kelsa berardim, sotganim foyda-ku, aytayapmanu o‘qituvchiman o‘zim... Naqd pul bo‘lmasa plastikdan ham o‘tkazib berishingiz mumkin.

— Bir yuz ellik mingga bering, plastigingizga o‘tkazib beraman, – ro‘paramdagi hamkasbim dangalini aytdi-qo‘ydi.

— Mayli, sizlar ham o‘zimga o‘xshagan ekansizlar, kelishdik.

Shunday qilib hamkasbimiz 150 mingni uning plastik raqamiga o‘tkazib berdi. U xursand bo‘ldi. Yana albatta kelishini, bundanam zo‘r to‘plamlari borligini aytib chiqib ketdi.

U ketgach yana pichoqlarni bir-bir ko‘zdan kechirdik. Hamkasbimizni omadli xaridi uchun alqadik.

— Yaxshi qildingiz, kelin rosa xursand bo‘ladi-da...

— O‘ziyam zo‘r pichoq ekan... Tabaka qirqadigan qaychisini qarang...

— Savobga qoldingiz, bechora o‘qituvchi ekan...

— Keyingi gal biz ham sotib olamiz...

— O‘ziyam soplari fil suyagidanmi deyman...

Maqtovlaru tashbehlardan hamkasbimiz og‘zining tanobi qochib zavqlanardi.

...Oradan ikki kun o‘tib, «Abu Saxiy»ga bordim. Kerakli narsalarni xarid qilib qaytarkanman, ko‘zim shundoq pichoqlar to‘plamlariga tushdi. Hamma yoqda shunaqa to‘plamlar, hatto yerlarga ham uyub tashlashibdi. Turli-tuman qutilarda, bir-biridan chiroyli... Xuddi o‘sha o‘qituvchi sotib ketganlaridan ham bor. Tabiiyki, narxlari bilan qiziqdim. «Hoynahoy 200 mingdir-ov», – xayolimdan o‘tkazdim to‘plamlarga yaqinlasharkanman. – «Albatta qimmat bo‘ladi-da, o‘qituvchi bizga arzon sotib ketdi-da, baraka topsin bechora. Bu yerdagi narxni hamkasbimga aytsam xarididan yana bir karra xursand bo‘ladi».

— Tanlang, aka, qaysi birini ko‘rsatay?

Xayolimni yig‘ib olmasimdan sotuvchi yigit qo‘limga bitta qutini tutqazdi.

— Qancha ekan? – savolim, baribir sotib olmayman, qimmatligini bilaman degandek eshitildi o‘zimga.

— O‘ziga qarab, aka, mana shu qo‘lingizdagi ellik ming, kami bor, akajon.

— Nima, ellik ming! – aldamayaptimi ishqilib, haligi...

— Aytdimu, aka, kami bor deb, so‘rang, ja qimmat aytmadimu...

— Yo‘q-yo‘q, qimmat emas, – avvaliga nima deyishni bilmay qoldim, – haligi buningiz sifatsizmi deyman, yaxshirog‘i yo‘qmi? Haligi «germanskiy»si...

— Aka, «granitsa»dan o‘tib o‘zim olib kelaman Qozog‘istondan. Mana, xohlaganingizni tanlang, aytyapmanu o‘ziga, metali ko‘p yo ozligiga qarab-da endi. Ellik mingdan boshlanadi. Siz tanlang. Narxini kelishamiz, bu bozor-ku.

Qidirib topdim, mana o‘sha hamkasbimga pullangan eng qimmati. Ochib ham ko‘rdim, xuddi o‘zi, pichoqlar soni ham, ko‘rinishi ham, inglizcha yozuvlariyam, hatto tabaka qaychilaydigan qaychisi ham bor: «Shunisi qancha?».

— Molning farqiga borarkansiz, – narsasi qolib o‘zimni maqtay ketdi sotuvchi. Ularni ishi shu-da, cholniyam ota deb matohini o‘tkazishadi. – Bunisi sal qimmatroq, lekin sizga arzonlashtiraman, aka.

— Xo‘sh, qancha ekan? – avrab bo‘psan, xayolimdan o‘tgani shu bo‘ldi.

— Sakson ming, sizga 75 mingga beraman. Bozorda bundan arzonini topolmaymiz, boshqalar o‘zi mendan olib ketib sotishadi. O‘zingiz istagan eng yaxshisi shu, «germanskiy», o‘zim «granitsa»dan o‘tib...

Sotuvchi yana nimalarnidir tinmay gapirar, pichoqlarning hali unisini, hali bunisini qo‘liga olib maqtardi: «Aka, pulingiz yoningizda ketadi»...

Hech nima demadim, qo‘limdagi qutini sotuvchiga tutqazdimu tez yurib bozordan chiqib ketdim. Ortimdan uning ovozi keldi: «Hov, aka, oling, 70 mingga beraman sizga»...

Ketarkanman qulog‘im ostida «bechora o‘qituvchi»ning so‘zlari jarangladi: «Yana kelaman, sizlar ham o‘zimga o‘xshagan ekansizlar...».

Alqissa: eshigingizni taqillatib kelgan har qanday «bechora»ga ishonavermang...

Usmonjon Yo‘ldoshev, jurnalist

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring