Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Bekobodda yangi sahifa ochildi

Bekobodda yangi sahifa ochildi

Bugun yurtimizning har bir go‘shasida Mustaqillik bayramining shukuhi va shodiyona kayfiyati hukm surmoqda. Ana shunday ma’naviy-ruhiy ko‘tarinkilik muhitida Toshkent viloyati Bekobod tumani mehnatkash fuqarolari ishtirokida samimiy va fayzli suhbat bo‘lib o‘tdi.

Aytish joizki, bu uchrashuv, avvalo, Prezidentimizning tashabbuslari bilan butun mamlakatimiz bo‘ylab “Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun” shiori ostida o‘tkazilayotgan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarning uzviy davomidir. Uning asosiy maqsadi — xalq orasida yurish, qalblarga nazar tashlash, har bir fuqaro bilan dildan muloqot qilishdir.

Ma’naviyat va ma’rifat bayrami

Qariyb bir asrlik tarixga ega Bekobodda ayni kunlarda bunyodkorlik ishlari qizg‘in davom etmoqda. Yo‘llar ta’mirlanmoqda, ko‘rkam bog‘-rog‘lar barpo etilmoqda, yangi ishlab chiqarish inshootlari qad ko‘tarmoqda, zamonaviy infratuzilmalar qurilmoqda. Bir so‘z bilan aytganda, hech kim bo‘sh emas.

Shu sharoitda biz — ziyolilar, taniqli san’atkorlar, yozuvchilar va ma’naviyat targ‘ibotchilari “qaydasan, Bekobod!” deya tumandagi aholi huzuriga oshiqdik.

Tuman madaniyat saroyida hokim Zaynilobiddin Nizomiddinov hamda tuman ahlining faol qatlami — yoshlar, mahalla “yettiligi”, xotin-qizlar va ko‘plab fuqarolar bizga samimiyat bilan peshvoz chiqishdi. Biz ham ularga Davlatimiz mustaqilligining 34 yilligi munosabati bilan Prezidentimizning ma’naviy salomlarini yetkazdik.

Uchrashuvda mamlakatimiz mustaqillikka erishish yo‘lida xalqimizning fidoyilarcha mehnati bilan bog‘liq tarixiy voqealarga to‘xtaldik, fikr va mulohazalar almashdik. Suhbat samimiyat va ko‘tarinki ruh bilan o‘tdi.

“Uchrashuvdan g‘oyat katta ma’naviy ozuqa oldik”, — deydi Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Bekobod tumani bo‘limi rahbari Nurali Jalilov. — “Ayniqsa, xalqimiz ardog‘idagi san’atkorlar — O‘zbekiston xalq artistlari Erkin Komilov va Gavhar Zokirovalarning tumanimizga tashrifi tarixiy voqea bo‘ldi. Prezidentimiz tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan bu tadbirlar xalq bilan yuzma-yuz muloqot qilish, orzu-umidlarini baham ko‘rish imkonini bermoqda”.

Yangi Bekobodning yangi ma’naviy hayoti

“Bu tashrifdan ma’nan boyidik, boshimiz osmonga yetdi”, — deydi “Yangi Bekobod” gazetasi bosh muharriri Sarvinoz Sheraliyeva. — “Chindan ham, so‘nggi yillarda tumanimizda ma’naviy-ma’rifiy sohada tanazzul kuzatilgan edi. Ayniqsa, hokimiyat gazetasining chop etilmasligi ma’lum bir uzilishlarga sabab bo‘lgandi. Endi esa, ijobiy o‘zgarishlar tufayli gazeta yana qayta tiklandi. Yangi nom — “Yangi Bekobod” bilan muntazam chop etilayotgan nashr orqali xalqimizga yangiliklar va ma’rifiy g‘oyalarni yetkazmoqdamiz. Fursatdan foydalanib aytamanki, biz ma’rifat tarqatishdek ulug‘vor ishdan charchamaymiz”.

Bayram kayfiyati davom etadi

Tadbirda Yoshlar ittifoqi faollari tomonidan sahnalashtirilgan “Jadidlar orzusi” dramasi hamda taniqli xonanda Boburjon Xudoyqulovning mahoratli chiqishlari tomoshabinlarda o‘chmas taassurot qoldirdi.

Yig‘ilish yakuniga yaqin tuman hokimiga O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi, senator Sirojiddin Sayid qo‘ng‘iroq qilib, “Ma’naviyat karvoni” doirasida mingdan ziyod adabiyotlar yuklangan yuk mashinasi Bekobod sari yo‘lga chiqqanini ma’lum qildi. Demak, bu yerda ma’naviyat va adabiyot bayramlari hali davom etadi.

Obiddin Mahmudov,
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi va
Respublika Ma’naviyat va ma’rifat targ‘ibotchilari a’zosi

 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring