Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Karantin to‘xtamadi!

Karantin to‘xtamadi!

Foto: «Xabar.uz»

Bu haqda o‘tgan yili ham yozgan edik. Bir yil avval «bundan buyog‘iga faqatgina karantin choralaridan umid qilib bo‘lmasligini mas’ullar oxir-oqibat tushunib yetishyapti, chog‘i», deya umid qilganimiz o‘zini oqlamadi. Chunki tushunarsiz cheklovlar hamon davom etyapti.

Ulardan biri: joriy yilning 28 iyunidan 12 iyuliga qadar Toshkent shahriga qo‘shni viloyatlardan avtotransport (avtobus, avtomobil) vositalari orqali o‘ta zarurat bo‘lmagan hollarda kirish bo‘yicha cheklovlar o‘rnatiladi.

Bu qaror Toshkent shahrida va viloyatlarda yuz minglar odam bir joyga to‘planib, festivallar o‘tkazilib yotgan bir paytda qabul qilingandi. Qizig‘i, bu cheklovga yo amal qilinmadi, yoki imi-jimida bekor qilib qo‘ya qolishdi. Chunki Toshkent shahriga kirishda hech qanday taqiq kuzatilmadi. Ayrim joylarga o‘rnatilgan to‘siqlar bir-necha kun ichida olib tashlandi. IIV matbuot xizmati nimalarnidir inkor qildi. Ammo fakt shuki: bu cheklov o‘z-o‘zidan havoga uchdi.

Bugun ijtimoiy tarmoqlarda maxsus komissiyaning shu qarorida keltirilgan muddatni (28 iyunidan 12 iyuliga qadar) dalil qilib, «cheklovlar bekor bo‘ladi» degan xabarlarini SSV inkor qilib chiqdi. To‘g‘ri, ijtimoiy tarmoqlardagi xabarlarda ko‘ngilochar ob’yektlar – restoran, tungi klublar, diskoteka, karaoke, bilyard zallari va kompyuter o‘yinlari markazlari hamda umumiy ovqatlanish ob’yektlari – kafe, oshxona, choyxonalarni ishlashiga soat 8:00 dan 20:00 gacha ruxsat berilishi qismiga urg‘u berildi. Chunki bu qism Toshkent shahriga kirishni cheklash haqidagi qaror bilan birga e’lon qilingandi.

SSV xabarida kafe, oshxona, choyxonalarni ishlashiga cheklov bekor bo‘lishi inkor qilindiyu, Toshkent shahriga kirishni cheklash haqidagi qismi bo‘yicha hech narsa deyilmadi.

Boshqa masala: ko‘ngilochar ob’yektlar, kafe, oshxona, choyxonalarning 20:00dan keyin ishlashi taqiqlanishi bilan virus tarqalmasligini oldini olish o‘rtasida qanday bog‘liqlik bor — har qancha o‘ylang, tushunib yeta olmaysiz. 20:00gacha gavjum bo‘lsa, virus yuqmaydiyu, bu vaqtdan keyin virus kuchayib, yuqumli bo‘lib ketadimi? Deylik, tushlik vaqtida oshxonalar gavjum ishlab turibdiyu shundoq ham.

Bu cheklovning iqtisodiy, ma’naviy oqibatlari zararliroq emasmi jamiyatga?

Viloyatlarda hokimlar ham o‘zlarining «maxsus komissiyalari»ni tuzib, alohida cheklovlar kiritishi g‘alati.

E’lon qilingan cheklovlarga rioya qilinmaydigan, odamlarni ommaviy tadbirlarga o‘rgatib, so‘ng ko‘chada yolg‘iz yurganida niqob taqmagani uchun jarima soladigan, o‘zi uchun kabob pishirayotgan tadbirkorga «protokol» tuzadigan tizim va qoidalar odamlarni esankiratib, bezdirib, oxir-oqibat befarq qilib qo‘ydi. Yaxshiroq o‘ylab ko‘rish kerakdir hammasini.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring