Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Komil Allamjonov: «Qo‘lingizni tushirmang hurmatli hamkasblar! Biz to‘g‘ri yo‘ldamiz!»

Komil Allamjonov: «Qo‘lingizni tushirmang hurmatli hamkasblar! Biz to‘g‘ri yo‘ldamiz!»

Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligining qator veb-saytlarga yuborgan ogohlantirish xati mazkur tashkilot va ommaviy axborot vositalari o‘rtasida jiddiy munozara keltirib chiqardi.

Vaqtida AOKA rahbari sifatida faoliyat ko‘rsatib, ayni paytda Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik kengashi raisi qilayotgan Komil Allamjonov avvaliga voqelikka qisqa va sirli munosabat bildirish bilan cheklangandi. Munozaralar jiddiy tus olgach, o‘z nuqtai nazarini bir muncha kengroq bayon qilishga o‘tdi.

Quyida uning AOKA va OAV o‘rtasidagi munozaralar bo‘yicha navbatdagi munosabati bilan tanishasiz.

***

Aslida himoya shaxslarga bog‘liq bo‘lishi kerak emas. Qonun ustuvor bo‘lishi, har bir fuqaro, jurnalist, bloger yoki matbuot o‘z o‘zini himoya, haq-huquqini esa talab qila olishi kerak! (Fikrlarimni sodda qilib tushuntirib berishga harakat qilaman).

Boshidan boshlab...

Bugungi davr matbuotini agar yangi tug‘ilgan chaqaloqga tenglashtirsak, albatta u oyoqqa turishi, yurib ketishi uchun, unga ko‘mak, himoya kerak edi. Xuddi shu himoya AOKA vazifalaridan biri bo‘lgan. Nima uchun o‘sha davrdagi hukumat tarkibidagi Matbuot va axborot agentligi mavqei ko‘tarilib, prezident administratsiyasi tuzilmasiga kiritildi yoki uning direktori avval vazir darajasida bo‘lsa, keyinchalik prezident maslahatchisining birinchi o‘rinbosariga tenglashtirildi? Chunki matbuot 90 foiz holatda hukumat tarkibiga kiruvchi tashkilotlar, vazirliklar, idoralar, qo‘mita va hokimliklar, ya’ni ijro apparati faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini o‘rnatadi. Demak agar agentlik Vazirlar Mahkamasi tarkibida bo‘lsa va direktor darajasi boshqa vazirlar bilan teng bo‘lsa gapini o‘tkaza olishi, himoya qila olishi, kerak paytda hisobot va axborot berishga undashi qiyin kechadi. Bu holatda matbuotni bugungidek ko‘tarib bo‘lmas edi. Yana qonunlarga o‘zgartirish kiritish, ko‘plab normativ hujjatlar yaratish hukumat tarkibida tezroq kechadimi yoki undan yuqori prezident administratsiyasi tarkibidami?

Xullas, AOKA yuqorida aytganimdek go‘dak matbuotga enaga qilib belgilangan edi o‘shanda. Va shuning uchun ham jurnalist yoki blogerlar tomonidan qonunlar buzilsa ham, xatolar bo‘lsa ham ko‘z yumib turaylik, matbuot jonlanib olsin, deya targ‘ib qilar edik. Oradan mana 4 yil vaqt o‘tdi. Urilib, surilib, gohida qashqa bo‘lib, gohida g‘urra, bezori bolalar bilan urishib, talashib, matbuot ancha yetilib, tishlari chiqib, ko‘chada bemalol yura boshladi. Buni kuzatib turgan enaga ham sekin asta o‘zini orqaga tortdi. Bir so‘z bilan aytganda ular chinakam hayotga uchirma qilindi.

Endi minbardan turib, sizni himoya qilamiz, bizning himoyamizdasiz deydigan gaplar davri o‘tdi. Endi har bir jurnalist va bloger avvalo o‘zini o‘zi himoya qila oladigan darajada bo‘lishi kerak. Qonunlarni yaxshi bilishi, jurnalistika etikalariga rioya qilib ishlashi kerak.  Aslida bu sohada ham tartib bo‘lishi shart. Bu juda muhim. Ana o‘shandagina jurnalistning tili uzun, boshi mag‘rur bo‘ladi.

(Vaziyat ko‘rsatyaptiki, «spros» boshlandi)

O‘tgan hafta davomida bo‘lib o‘tgan voqelar shuni ko‘rsatdiki, matbuot gapini ayta oladigan, har qanday unga nisbatan ogohlantirishlarga munosabat, e’tiroz bildira oladigan, ochiq bahslasha oladigan davrga ham yetib keldi. Bu aslida Prezident boshchiligida yaratilgan so‘z erkinligi konsepsiyasining amalda ishlayotgani belgisi bo‘ladi. So‘z erkin bo‘ldiki bosim bo‘lyapti deya olyapsiz, sizga e’tiroz bildirgan davlat tashkilotiga fikringizni bemalol tengma teng ayta olyapsiz. Boshingizga bir urib mana senga xat jim o‘tir deydigan davrlar o‘tganidan darak bu. Albatta qiyinchiliklar ko‘p, lekin kim aytuvdi oson bo‘ladi deb? Ushbu darajaga yetib kelishda bizga ham o‘zi uchun turib bera olish sizga ham oson emas. Shuning uchun ham biz aynan shu safar jim o‘tirdik, kuzatdik va izoh bermadik. Bahslar, tortishuvlar faqat rivojlantiradi davlatni.

Bir so‘z bilan aytganda, qo‘lingizni tushirmang hurmatli hamkasblar! Biz to‘g‘ri yo‘ldamiz. Eng asosiysi bilingki, ushbu jarayonga to‘siq yoki qarshiliklar bo‘lishi mumkin, lekin bu foydasiz. Katta g‘ildirak joyidan qo‘zg‘alib yurib bo‘ldi.  Endi u to‘xtamaydi. Chunki ushbu islohotning konsepsiyasi juda puxta yaratilgan!

PS: O‘z vazifasidan kelib chiqib bizni yomon degan amaldorlar ertaga ishdan ketib, oddiy odam bo‘lib, jamiyat qatoriga qo‘shilsa, matbuot qanchalar odamlar dardiga malham ekanligini tushunadi. Masalaga qaysi nuqtadan turib qarash juda muhim.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring