Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

BMT Orolbo‘yida ekologik vaziyatni yaxshilash bo‘yicha 6 yillik ish natijalarini taqdim etdi

BMT Orolbo‘yida ekologik vaziyatni yaxshilash bo‘yicha 6 yillik ish natijalarini taqdim etdi

Birlashgan Millatlar Tashkiloti O‘zbekiston hukumati va rivojlanish bo‘yicha asosiy hamkorlar bilan birga Ozarbayjon poytaxti Boku shahrida Orol dengizi mintaqasida barqaror rivojlanish bo‘yicha COP29 yordamchi tadbirini tashkil qildi.

O‘zbekistondagi Orolbo‘yida inson xavfsizligi bo‘yicha ko‘p sheriklik trast fondi bilan hamkorlikda tashkil etilgan tadbirda Orol dengizi inqirozining ekologik va ijtimoiy oqibatlarini bartaraf etish bo‘yicha atrof-muhitni tiklash va jamiyatning barqarorligini oshirish bo‘yicha olti yillik yutuqlar namoyish etildi. Shuningdek, u mintaqaviy va xalqaro hamkorlarning iqlim o‘zgarishiga qarshi kurash bo‘yicha yangi majburiyatlari uchun platforma yaratdi.

«Orol dengizi mintaqasi iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashdagi qiyinchiliklar va barqarorlikni ifodalaydi. Birlashgan Millatlar Tashkiloti ham iqlimga chidamli, ham insonlarga yo‘naltirilgan tashabbuslar orqali Qoraqalpog‘iston xalqini qo‘llab-quvvatlaydi», - dedi BMT Bosh kotibi o‘rinbosari va BMT YeIK Ijrochi kotibi Tatyana Molchan.

O‘zbekiston investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov mamlakat inqirozni yechish tarafdori ekanini tasdiqladi.

«O‘zbekiston hukumati Orolbo‘yi mintaqasini tiklashga to‘liq sodiqdir. Barqaror qishloq xo‘jaligi, yashil energiya va sog‘liqni saqlash infratuzilmasini rivojlantirish borasidagi sa’y-harakatlarimiz oldinga qo‘yilgan muhim qadam bo‘lib, hamkorlik ushbu ekologik fojiani yengishning kaliti ekanligini ko‘rsatadi», - dedi u.

Global yashil o‘sish instituti, Italiya, OPEK jamg‘armasi va BMT agentliklari (UNDP, YeIK, UNFPA) hamkorlari transformativ o‘zgarishlarni qo‘llab-quvvatlab, Orolbo‘yi mintaqasida barqaror rivojlanishga sodiqligini yana bir bor tasdiqladi. Muloqotda o‘sib borayotgan iqlim muammolarini hal qilish uchun sog‘liqni saqlash, qishloq xo‘jaligi va turmush tarzida barqarorlikni kuchaytirish zarurligi ta’kidlandi. Taqdim etilgan videorolikda Orol dengizi trast fondining olti yillik samarali loyihalari 293 000 dan ortiq kishiga foyda keltirgani qayd etildi.

«Biz birgalikda barqaror kelajak sari yo‘l qurmoqdamiz, - dedi BMTTD ma’muriyati yordamchisi va mintaqaviy direktor Ivana Zivkovich. - BMT oilasi va BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi vakolatxonasi Orolbo‘yi mintaqasiga sodiqdir va bizning tadbirlarimiz iqlim o‘zgarishiga moslashish, jamiyat salomatligi va barqarorlik qo‘llab-quvvatlashini ta’minlaydi».

O‘zbekiston Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri o‘rinbosari Obidjon Qudratov Orolbo‘yi mintaqasini jonlantirish bo‘yicha ulkan rejalarga alohida to‘xtalib o‘tdi.

«Bizning qarashlarimiz atrof-muhitni tiklashdan ham kengroq. Biz yangi iqtisodiy imkoniyatlar yaratish tarafdorimiz», - dedi u.

UNFPAning Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy direktori Florens Bauer esa so‘nggi olti yil davomida amalga oshirilgan loyihalarning o‘zgaruvchan ta’sirini yuqori baholadi.

«UNFPA Orolbo‘yi mintaqasidagi aholi salomatligi va farovonligini qo‘llab-quvvatlashga intiladi, bunda onalar salomatligi va ayollarning imkoniyatlarini kengaytirishga barqaror rivojlanishning kaliti sifatida e’tibor qaratiladi», dedi u.

Tadbir Orol dengizi mintaqasida iqlim bilan bog‘liq dolzarb muammolarni hal qilish bo‘yicha manfaatdor tomonlarning yangi majburiyatlari bilan yakunlandi. Olti yillik ta’sirli loyihalarga asoslanib, Orol dengizi trast fondi va uning hamkorlari salomatlik, turmush sharoiti va barqarorlikni qo‘llab-quvvatlash uchun innovatsion, iqlimga chidamli yechimlarni kengaytirishga e’tibor qaratishgan. Maqsad - Orol dengizi mintaqasini butun dunyo bo‘ylab shunga o‘xshash iqlim ta’siriga duchor bo‘lganlar uchun barqarorlik namunasi va umid manbaiga aylantirishdir.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring