Bolalarga nisbatan zo‘ravonlikka qarshi qonun loyihasi muhokamada
Ijtimoiy himoya agentligi, Adliya vazirligi va YuNISEF bolalarga nisbatan zo‘ravonlikka qarshi qonun loyihasini tayyorlamoqda, deb yozmoqda huquqshunos bloger Bahodir Ahmedov.
Adliya vazirligi vakillari bir necha ma’lumotlar keltirib o‘tdi, deyiladi xabarda. Unga ko‘ra har yili dunyo bo‘ylab 1 mlrd.dan ortiq bola jismoniy, hissiy yoki jinsiy zo‘ravonlikka duchor bo‘ladi. Yaqinda o‘tkazilgan Multiindikator klaster kuzatuvi (MICS) shuni ko‘rsatdiki, O‘zbekistonda 1 yoshdan 14 yoshgacha bo‘lgan har uch boladan ikkitasi (62%) qattiq intizomiy usullarga (jismoniy jazo va/yoki psixologik tajovuz) duchor bo‘lgan va 15-19 yoshli qizlarning 33 foizi er tomonidan xotinning kaltaklanishini oqlaydi.
O‘zbekistonda 2023 yilning 9 oyida 166 nafar bolalar o‘z qarindoshlari tomonidan zo‘ravonlikka uchragan.
Yig‘ilishda aytilishicha, O‘zbekistonda 2023 yilning atigi 9 oyi davomida voyaga yetmaganlarga nisbatan 1240 ta zo‘ravonlik holatlari qayd etilgan. Ulardan 417 tasi jinsiy zo‘ravonlik holatlaridir.
«Afsuski, oilada yoki ta’lim va boshqa muassasalarda bolalarga nisbatan zo‘ravonlik faktlarini bila turib, odamlar ko‘p hollarda bolaning taqdiriga befarq bo‘lishadi», – dedi Shahnoza Mirziyoyeva.
Uning so‘zlariga ko‘ra, zo‘ravonlik sodir etgan shaxslarga nisbatan chora-tadbirlarni keskin kuchaytirish zarur.
Bundan tashqari faktlarni yashirish yoki zo‘ravonlik holatlari to‘g‘risidagi murojaatlarga javob bermaslik holatlarida mansabdor shaxslarning javobgarligini oshirish kerakligi aytildi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter