Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Bolalarimning hammasi bag‘rimda bo‘lsa edi» yoki Maryamning hikoyasi qayerdan boshlandi?

«Bolalarimning hammasi bag‘rimda bo‘lsa edi» yoki Maryamning hikoyasi qayerdan boshlandi?

foto:lovepik.com

Epilog

Biz qismat, taqdir deymiz. Insonlarning farqli hayotlari ba’zan bizga bir oz boshqacha tuyuladi, xato yashayapti, deb o‘ylaymiz. Ammo bunday qismat bizning ham boshimizga tushib qolishi haqida o‘ylab ko‘rmaymiz. O‘sha payt biz qanday yo‘l tutishimizni ham bilmaymiz. Hayotimiz davomida, nima bo‘lishidan qat’iy nazar, hamisha tanlash majburiyatidamiz. Ba’zan to‘g‘ri, ba’zida esa noto‘g‘ri tanlov qilamiz. Xato qilganimizda afsuslanib, ich-etimizni yeyishimiz ham bor gap. Unday bo‘lsa, nega atrofimizdagi kishilarning taqdirini muhokama qilamiz? Ular ham ba’zan xato qilishi mumkinligini o‘ylab, nima uchun tushkunlikka tushgan insonlarga yordam qo‘lini cho‘zmaymiz?

Bugungi hikoyamiz muhojirlikda yashab, taqdir zarbalariga uchragan bir ayol haqida. Uning ham tanlovlari bo‘ldi: ammo bu tanlovlarni biz to‘g‘ri yo noto‘g‘ri deyolmaymiz, chunki Maryamning hayotini bizlar yashab ko‘rmadik. Bu haqdagi fikr-mulohazalaringizni kutib qolamiz.

Maryamning onasining hikoyasi

90-yillar edi. Mashhura opa 35 yoshida ikki bolasi bilan beva qoldi. Eridan ikki xonali kichikkina uy meros bo‘ldi. Mashhura opa o‘rta-maxsus ma’lumoti bilan tumandagi nufuzli tashkilotlardan biriga hisobchi yordamchisi bo‘lib ishga kiradi. Qiyinchilik yillari edi,  ozgina maosh ikki bolasiga yetmas, oilaning kami esa tugamasdi. So‘ngra ayol o‘zi ishlayotgan tashkilot rahbari (uning xotini vafot etgan edi)ga turmushga chiqdi, yana bir farzandli bo‘ldi. Katta o‘g‘li va Maryamni rus maktabida o‘qitdi, qo‘shimcha ularni ingliz tilidan repetitorga berdi. Maqsadi, farzandlarini oliy ma’lumotli qilish edi. Ammo taqdir ekan, bu orada ayolning ikkinchi eri ham vafot etadi. Kichik o‘g‘li nomiga olingan katta yer uchastkasini esa erning aka-ukalari olib qo‘yadi. Mashhura opa uch farzandi bilan ikki xonalik uyiga qaytib keladi.

Ona o‘g‘li va Maryamni o‘zi orzu qilganidek, institutlarda o‘qitolmadi. Farzandlari ishlashga majbur bo‘lib qolishdi. Bu orada, 17 yoshga kirgan Maryamni turmushga uzatdi. So‘ngra Mashhura opa kichik o‘g‘lini qo‘shnisiga tashlab, qarz-havola qilib to‘ng‘ichi bilan Rossiyaga ishlash uchun jo‘nab ketdi.

Orzusi og‘zida qolganlar

Ammo Maryamning turmushi buzilib uyiga qaytdi, farzandini ham onasinikida dunyoga keltirdi. Farzandi bir yoshga to‘lgach, uni va maktab yoshidagi kichik ukasini xolasiga tashlab, onasining yoniga, Rossiyaga jo‘nab ketdi. Maryam go‘zal ayol edi. Boshqalardek baxtli bo‘lishga, unga suyanchiq bo‘la oladigan umr yo‘ldoshi bo‘lishiga haqli edi, albatta. U Mahkam bilan Rossiyada tanishdi, so‘ngra turmush qurdilar. Biroq...

– Erim bilan kechgan ikki yilim azobda o‘tdi. Kaltak yemagan kunim yo‘q edi. Ishlardim. Arzimagan bahona bilan urardi. Deyarli har kuni yuz-ko‘zimning ko‘kargan joylariga upa surtib yurardim. O‘g‘illik bo‘ldik, ammo turmushimiz o‘nglanmadi. Kaltaklardan to‘yib ketdim va erimdan ajrashdim. O‘g‘limni olib onam bilan birga qishloqqa qaytdik.

O‘sha paytdagi ahvolim juda yomon edi. Depressiyaga tushdim. Bolalarimni boqishim, onam va ukamga ham qarashim kerak edi. Oilamizning mendan boshqa tayanchi yo‘q edi. Pul topishga majbur edim, oradan bir necha oy o‘tgach, ikki o‘g‘limni ham onamga tashlab, Turkiyadagi bir qarindoshimizning oldiga ketdim.

Istanbullik o‘zbek kelin

Maryamning Istanbulga kelganiga to‘rt yil bo‘ldi. O‘sha uzoq qarindoshi uni o‘zi ishlaydigan tikuv sexiga olib bordi. Tikuvchilik qo‘lidan kelmagani uchun Maryamni dazmollash ishiga qo‘yishdi. Uquvli bo‘lganidan bir yil ichida andozalash bo‘limiga o‘tkazishdi. Oyligi ko‘p emasdi, ammo borini oilasiga, bolalariga yuborardi. Sex boshqaruvchisi Mexmet unga ko‘p yordam berdi, boshqalardan qo‘ridi, qo‘lladi. Nihoyat, o‘zidan 20 yosh katta bo‘lgan Mexmet Maryamning muhabbatini qozondi...

Oradan 1,5 yil o‘tib, Maryam O‘zbekistonga keldi, uning homiladorligini bilgan onasi qattiq iztirobga tushdi: «Odamlar nima deydi?» Tanish doktor ayolga olib bordi, ammo doktor Maryamning qornidagi 5 oylik homilasini olishdan bosh tortdi.

– Nima qilay, taqdir ekan, – deydi Mashhura opa kuyunib,  – agar men ikkinchi marta turmush qurmaganimda, balki qizim qismatimni takrorlamas, birinchi turmushida baxtli bo‘lib, bunaqa sarsongarchilikni ko‘rmasmidi.

Agar O‘zbekistonda o‘g‘illarni onalardan ko‘ra ko‘proq otalar tarbiyalaganida, erkaklarimiz balki bir oz mas’uliyatli, shafqatli bo‘larmidi?

Istanbullik Muxamed K. o‘zbek ayollari haqida kuyunib gapiradi:

 – Qayerga borsang o‘zbek ayollari! Go‘zal, aqlli, farosatli ko‘pchiligi. Oriyatlilari ham ko‘p uchraydi. Bu ayollarni egasiz begona yurtga yuborish uvol emasmi? Qaysi erkak o‘z jufti halolini, bo‘yga yetgan qizini va hatto sochiga oq oralagan keksa onasini begona yurtga pul topish uchun yuborib qo‘yib, o‘zi mamlakatda bemalol bosh ko‘tarib yuradi? Bizlar ayollarimizga hamisha soxib chiqamiz, hatto ajrashib ketgan taqdirda ham sobiq rafiqalarimizni iqtisodiy ta’minlaymiz, ularni sharafimiz kabi qo‘riqlaymiz.

Oradan bir necha oy o‘tgach, Maryam Istanbulda uchinchi o‘g‘lini dunyoga keltirdi. Yana 1-2 oy o‘tib esa, u Istanbulga kelin bo‘ldi...

Maryamning akasi bor

Uzoq yildan beri Rossiyada yashaydi. Uylanib ajrashgan, yurtdagi ikki bolasi va rafiqasi bilan umuman ishi yo‘q, ular nima yeb-nima ichayapti – o‘ylamaydi ham. Na onasi, na singlisi va na ukasidan hol so‘raydi. Ammo Maryamga har zamon o‘dag‘aylab qo‘ng‘iroq qiladi: «Agar birortasi bilan yursang (gaplashsang) so‘yib tashlayman!»

Shu o‘rinda bir so‘z. Oriyat qilishdan oldin singilga ega chiqish kerak. Yaxshi-yomon kunida yonida bo‘lmasa-da,yonida bo‘lgani kabi his ettirish kerak. «Ahvoling qalay, singiljon!» deya olish kerak, uning muammolarini birgalikda hal qilish yoki hal qilishga yordam berish, qo‘ldan kelgancha iqtisodiy tarafdan ta’minlash, tengi chiqsa yaxshilab so‘rab-surishtirib, so‘ngra birgalashib bir qarorga kelib uzatish kerak emasmi?

Maryam ora-sira bo‘lsa-da akasiga qo‘ng‘iroq qilib turadi. U musofirchilikda yurib aka-singillar bir-birlariga qon bilan bog‘liq bo‘lishini tushunib yetdi. Aka onasi va ukalariga umuman yordam bermaydi. Maryam Turkiyadan yuboradigan pulni Mashhura opa nevaralari va endigina institut talabasi bo‘lgan kichik o‘g‘lining xarajatlariga ishlatadi. Shu yildan kenjasi ham darsdan bo‘sh paytlari bir kafeda ishlay boshladi. Demak, Maryamning xarajatlari bir oz kamayadi. Meni bir narsa hayron qoldirdi: Rossiyadagi aka singlisining Turkiyada turmushga chiqqani-yu farzand ko‘rganidan bexabar ekan! Singlisining hayotidagi muhim voqeani eshitmagani muhim emas,  ishtiroki muhim emas, gap akaning bularni his etmaganida.

Istanbullik o‘zbek kelin farzandini tuqqunicha tikuv sexidagi ishini davom ettirdi. Tug‘ruqdan so‘ng ham bir oyga qolmasdan ishiga chiqdi. Bolasi ish stoli yonidagi qo‘lbola supachada katta bo‘ldi. Chunki Maryamning boshqa chorasi yo‘q, u ishlashi lozim edi, O‘zbekistonda yana ikki o‘g‘li, onasi va talaba – ukasi uning yuboradigan puliga ko‘z tikishgan.

– Yaxshiki erim yonimda, har doim yordam beradi. Oyligim oz, ammo Mexmet, turmush o‘rtog‘im bu pulga o‘zidan qo‘shib O‘zbekistonga jo‘natadi. Ham bu yerdagi ijara uyimiz, yemoq-ichmoq, o‘g‘limning xarajatlari – bularning hammasi erimning zimmasida. Hayotimda hali hech kim meni bu qadar qo‘llab-quvvatlamagan edi...

Saxiy Mexmet

Mexmet 53 yoshda. Ikki farzandi bor. Yaqinda qizi turmushga chiqdi. Ammo to‘y arafasi kasalxonaga tushib qoldi. Aytgandek, uning yuragi kasal, to‘g‘rirog‘i, yuragida kardiostimulyatori bor. Buni Maryamga uylangandan so‘ng aytgan. Mexmetning ota-onasi Maryamni oilalariga qabul qilishgan. Chunki u Mexmetga yaxshi qaraydi. U tez-tez kasalxonaga tushib qoladi. Shunday paytlarda Mexmetning ota-onasi yo opalari «o‘g‘lingga biz qarab turamiz, sen ishingga borib kelavergin», deya bir necha marta taklif qilishgan. Ammo Maryam o‘g‘ilchasini ularga  ishonmaydi. «Erimga bir gap bo‘lsa, o‘g‘limni mendan olib qo‘yishadi», deb qo‘rqadi. Maryam Turkiya fuqaroligini olmagan. Chunki u bu yerda qolishni istamaydi – o‘g‘illari yonida emas.

– Men qachonki yonimda barcha farzandim bo‘lsa, ishdan kelganimda bolalarim uyimda yayrab-o‘ynab yurishganini ko‘rsamgina xotirjam va baxtli bo‘laman. Hozirda esa mening tinchim yo‘q. Chunki bolalarimning uchchalasi ham bag‘rimda emas, – deydi Maryam.

Bir oy avval Maryamning erini og‘ir ahvolda yana kasalxonaga yotqizishdi. Oilasidagilar qarashyapti. Maryam esa uyda, ikki yoshli Emin bilan qoldi. Ammo ishlashi kerak. Xarajatlari bor. Erining qarindoshlari, qo‘shnilari yordam berib turishdi, ammo qachongacha? Maryam O‘zbekistondan onasini chaqirdi. «O‘rtancha o‘g‘limni olib keling, siz uyda nevaralaringizga qaraysiz, men esa ishlayman»,  – dedi.  Onasi o‘rtancha nabirasini olib Istanbulga keldi. Ikki bolaga qarab o‘tiribdi. Maryam esa tikuv sexida ishlayapti, erta ketib kech qaytadi. Uning katta o‘g‘li Bakir esa...

 «Men hamma ishni qila olaman»

Bakir onasining yoniga kelolmaydi. Uning Rossiyada ishlayotgan otasi ruxsat bermaydi. O‘g‘li uchun aliment to‘lamaydi, moliyaviy yordam ko‘rsatmaydi, ammo shunda ham «o‘g‘lim O‘zbekistondan tashqariga chiqmaydi», –  deya qattiq turib olgan. Bola bu yoshda ham otasiz, ham onasiz o‘smoqda.

Bakir 2-sinfda o‘qiydi. Gaplashsangiz, hech ham 8 yoshli bola demaysiz, aqlli bola. Mashhura opa uni qo‘shnisiga tashlab kelgan. Yakshanba kunlari shahardagi institutda o‘qiyotgan kichik o‘g‘li kelib Bakirni oladi va o‘z uylarida bir kun bo‘lsa-da birga qolishadi. Dushanba kundan Bakir yana qo‘shninikiga ketadi.

Qo‘shni ayol insofli, diyonatli ayol ekan. Bakirga o‘z nabiralari qatori qarayapti.

– Bu yerda yaxshi yuribsanmi? – deya savol beraman Bakirga.

– Ha yaxshi. Men hamma ishni qila olaman! Suv tashiyman, ekinlarni parvarish qilaman, uy supuraman, yig‘ishtiraman, – deydi so‘ramasam ham.

Shunchaki, bola begonanikida yashayotgani va qo‘shnining oila-a’zolari undan norozi bo‘lmasliklari uchun ham uy ishlarini bajara olishi va buning uchun kattalardan olajak maqtovi bilan onasi va buvisini xursand qilishni xohlaydi. Buni biz kattalar yashash instinkti deb ataymiz.

 – Katta bo‘lsang kim bo‘lmoqchisan, Bakir?

– Biznesmen bo‘laman! – qat’iy oxangda javob beradi u.

Bir ozdan uning akasi (kichik tog‘asi) kelganini xabar qilishdi. Bakir sakrab o‘rnidan turdi va biz bilan xayrlashgancha, tashqariga otildi. Uning ortidan chiqdim. Yo‘lakda muhojirlar kabi so‘zsiz bir-birini qattiq bag‘riga bosib turgan aka va ukaning g‘am qorishiq baxtli yuzlarini ko‘rdim. Ularga qarab turib «muhojirlik faqat vatandan tashqarida emas, yurt ichida ham yashar ekan», – degan xulosaga keldim. Ota-onasiz, yaqinlaridan uzoqda qolgan bu ikki yigitcha shunday mungli ko‘rindi menga.

Andijondagi umumta’lim maktablaridan birining ismi sir saqlanib qolishini so‘ragan o‘quv ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari Zulfiya K.ning so‘zlariga qaraganda, u ishlayotgan maktabda har bir sinfdagi o‘quvchilarning 45-50 foizining ota-onalari mehnat muhojirlari ekan.

 XULOSA

– Maryam, bundan so‘ng nima qilmoqchisiz?

– Erimning holatini aytdim. Yana qancha umri borligi Allohga ayon. Ammo unga biror kor-xol bo‘lsa, bilmayman, bu yerda qolamanmi yoki yo‘q. Ayni paytda bolalarimning yonimda bo‘lishlarini xohlayman. Men uchun shu muhim. Ikkinchi o‘g‘limni o‘z nomimga rasmiylashtirganman, u bilan bog‘liq muammo yo‘q. Lekin katta o‘g‘lim uchun sobiq erimdan ruxsat ololmayapman. Yaqinda o‘zbekistonlik bir advokat bilan gaplashdim, 800 dollar bilan bolangni otalik huquqidan mahrum qilib beraman, deyapti. Zero Turkiyada aynan shu qog‘oz bo‘lmasa chet ellik bolani maktabga olishmaydi. Menda esa hozircha buncha pul yo‘q. Ammo yaqin-orada pulni to‘plab beraman advokatga...

So‘nggi so‘z o‘rnida. Maryam har kuni 11 soat ishlaydi. Oyligi 4,5-5 million so‘m atrofida. O‘zbekistonga jo‘natadigan pulidan tashqarisini yemay-ichmay to‘plasa, 4 oyda advokat uchun 800 dollarni to‘play oladi. Va bu umid o‘g‘lini unga qaytarib beradigan so‘nggi choradir. Buni Maryam yaxshi biladi.

  Sabohat RAHMON, jurnalist

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring