Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Bug‘doyzordagi prokuror yoki Shamsutdinovga «master-klass»!

Bug‘doyzordagi prokuror yoki Shamsutdinovga «master-klass»!

Bosh prokuratura matbuot xizmati rahbari Hayot Shamsutdinov bilan ish yuzasida gaplashmagan kunimiz yo‘q. Kundalik muloqotlarning eng katta foydasi shuki, prokuratura tizimining «ichki kuxnyasi» haqida ozdir-ko‘pdir tasavvur hosil qilasan. O‘z navbatida, mahkama mas’uli ham ommaviy axborot vositalari xodimlari ishining ma’lum ikir-chikirlaridan voqif bo‘lib boradi.

Yaqinda Hayot Ne’matovich kaftdekkina matn va surat yubordi: shuni saytda chiqarsak?

Matnni o‘qidik: Sirdaryo viloyat prokurori R.Masharipov rahbar bo‘lgan sektorda bug‘doyga o‘roq tushibdi. Hosil cho‘g‘i balandroq bo‘lishi ehtimoli yuqori ekan. Bunga isbot tariqasida o‘sha prokurorning bug‘doyzorda bosiq, ammo yuzidan mamnunlik aks etgan (xotini o‘g‘il tuqqan erkakday go‘yo) surati ilova qilingan deng...

«Bu xabar «Xabar.uz»ga ko‘pam tortmaydi», dedik ochiq-oydin va biroz so‘z o‘yini qilib.

«Nega? Respublikada birinchi bo‘lib...».

«Baribir favqulodda yangilik emas-da, saraton eshik qoqishi hamono bug‘doy o‘rimi boshlanishi kimga sir?!».

Shu gapdan keyin tasavvur qildikki, Hayot Shamsutdinovning peshonasi tirishdi, bug‘doyrang yuzi xiyol qizargan bo‘lsa kerak-ov. Nega desangiz, hamsuhbatimizning keyingi gaplarida iztehzo ohangi bo‘rtib qoldi-da: «Agar o‘sha bug‘doyzorda prokuror kombayndan yiqilib, oyog‘i singan bo‘lsa, shu haqda yozardinglar-a?!»

«Albatta!»

«Nega?»

«Prokurorning har kuni bug‘doyzorda yurishi yangilik emas. Biroq doim ham kombaynga chiqib, oyog‘ini sindirmaydi. Gap shunda!».

«Yo‘g‘-ye?!».

«Ha-de?!».

Shunday keyin Bosh prokuraturadan bug‘doyzorda yurgan prokurorlar haqida boshqa xabar kelmadi. Hech kim lat yetmagan, chamasi...

Salomat bo‘lishsin!

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring