Bugun shtrix-kod rasman qabul qilingan kun
1973-yilning 3-aprelida «IBM» kompaniyasi o‘zining eng keng tarqalgan chiziqli shtrix-kod belgilaridan biri bo‘lgan UPC ishlanmasini rasman taqdim etdi. Shu kundan buyon ushbu sana – shtrix-kodning tug‘ilgan kuni sifatida eslanadi. AQShlik Norman Vudland va Bernard Silverlar uning kashfiyotchilari hisoblanadi.
XX asrning eng ilg‘or va foydali ixtirolaridan biri bo‘lgan shtrix-kod – tovarlarni hisobga olish va tarqatish jarayonini avtomatlashtirishni boshlab bergan. Bu esa savdo majmualarida mijozlarga xizmat ko‘rsatish sifatini yaxshiladi va tezlashtirdi.
Bugungi kunda shtrix-kod har qanday do‘kon va chakana savdo ob’yektining kundalik amaliyotidir, chunki shtrix-kodning asosiy maqsadi mahsulotni yoki uning biron bir xususiyatlarini (qadoqlash, seriya raqami va boshqalar) aniqlash. Bu ham mutaxassislar, ham iste’molchilar uchun har bir mahsulot haqida kerakli ma’lumotlar beradigan o‘ziga xos kalit bo‘lib, uni mahsulotlarga qo‘llash barcha ishlab chiqaruvchilar uchun majburiy talab. Bungacha barcha tovarlarning narxi kassaga qo‘lda kiritilgan edi, shu bois shtrix-kodlardan foydalanish ko‘plab odamlarning, birinchi navbatda, savdo sohasi xodimlari ishini osonlashtirdi.
Ammo shuni ham aytish kerakki, shtrix-kod va uni o‘qish uchun skanerlar ixtiro qilinishidan ancha oldin, mahsulotni sotish va hisobga olish jarayonini yaxshilaydigan shu kabi qulay vositani yaratishga urinishlar bo‘lgan. Dastlab perfokartalar ilgari surilgan, biroq ular ancha noqulay – o‘qish uskunalari ulkan o‘lchamdagi mashinalar, boz ustiga juda qimmat edi.
Shtrix-kodni yaratish bo‘yicha dastlabki ishlanmalar 1948 yilda AQShning Filadelfiya shahridagi Dreksel texnologiya instituti aspiranti Bernard Silver tomonidan amalga oshirilgan. U mahalliy oziq-ovqat kompaniyasi egasi to‘g‘ridan-to‘g‘ri supermarket kassalaridan avtomatik ravishda ma’lumot to‘plash bo‘yicha tadqiqot o‘tkazishni so‘ragan suhbatga beixtiyor guvoh bo‘lib qoladi. Shu sabab bo‘lib yosh aspirant ulrabinafsha nurda porlab turadigan siyoh bilan qo‘llaniladigan noyob tovar belgilarini ishlab chiqish g‘oyasini ilgari suradi. Biroq ishlab chiqilgan birinchi namuna ishonchsiz va juda qimmat edi. Silver tadqiqotlarini davom ettiradi. Bir necha oylik izlanishlardan so‘ng, u do‘sti Norman Jozef Vudlend bilan birga o‘sha davrda mashhur bo‘lgan ikkita kodlash texnologiyasi (kinofilmlar va Morze alifbosi uchun ovozli treklar) elementlariga asoslangan chiziqli shtrix-kod variantini ishlab chiqdi. Va bu ikkinchi urinish yangi kodni namoyish qilish prototopiga aylandi – pastga qarab cho‘zilgan nuqta va chiziqlar oq bo‘shliqlar bilan ajratilgan qora keng, tor chiziqlar ketma-ketligi ko‘rinishidagi naqshga o‘xshardi. Filmlarni ovozlashtirish usuli shtrix-kodni o‘qish jarayonining asosini tashkil etdi.
1949-yili do‘stlar o‘z ixtirosini patentlashdi. Ikki yildan so‘ng Vudlend IBMda ishlash uchun taklif oldi va u yerda ular ushbu kodni o‘qiy oladigan qurilmani loyihalashni boshlashdi. Bu qurilma bir necha oylik mashaqqatli mehnatdan so‘ng paydo bo‘ldi va garchi u zamonaviy skanerlarga nisbatan ulkan hajmga ega bo‘lsa-da, haqli ravishda skanerning prototipi – bosma belgilarni elektron tarzda o‘qiydigan qurilma deb hisoblanadi. Biroq bu texnologiyani sanoat miqyosida faqat 1960-yillarning oxirida, lazerlar va kompyuterlarning paydo bo‘lishi va tarqalishi bilan qo‘llash mumkin bo‘ldi.
1974-yil 26-iyunda shtrix kodli birinchi mahsulot – bir quti saqich bo‘lib, ushbu saqichning paketlaridan biri Smitson Amerika tarixi muzeyida saqlanadi.
Suratda: Wrigley’s Juicy Fruit saqichi, Smitson Amerika tarixi muzeyi
Hozirda turli qalinlikdagi chiziqlar va 13 ta raqam bilan yozilgan EAN-13 shtrix-kodi ko‘p qo‘llaniladi. Ushbu kod dunyodagi mahsulotlarning 80 foizini belgilaydi. Masalan, koddagi dastlabki ikkita (yoki uchta) raqam mahsulot ishlab chiqaruvchi mamlakatni (keyingi to‘rtta raqam – ishlab chiqaruvchi kodi, undan keyingi beshta raqam – mahsulot kodi, oxirgi bitta raqam – nazorat raqami) bildiradi. Shunday qilib, mahsulot ishlab chiqaruvchisi sifatida O‘zbekiston kodi – 478.
Aytgancha, bugungi kunda shtrix-kodlar faqat qora va oq chiziqlar ketma-ketligi emas. Shuningdek, nuqtalar, kvadratlar va boshqa geometrik shakllardan iborat shtrix-kodlar mavjud bo‘lib, ular mashina tomonidan osongina tan olinadi va ba’zi dizaynerlar kodning o‘qilishiga putur yetkazmasdan, ulardan butun san’at asarlarini yaratishga muvaffaq bo‘lishyapti. Qadoqlash dizaynidagi ushbu yo‘nalish hatto o‘z nomini oldi – Barcode art. Bundan tashqari, shtrix-kod nafaqat savdoda, balki chiptalar, hujjatlar va boshqalarni belgilash uchun ham qo‘llaniladi.
Ma’lumot o‘rnida, 1999-yil 21-sentyabrda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining «O‘zbekiston Respublikasida ishlab chiqariladigan tovarlarga shtrixli kodlashni joriy etish to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi. Qarordan ko‘zlangan maqsad O‘zbekiston tovarlarining ichki va tashqi bozorlarda raqobatbardoshligini oshirish, shuningdek, iste’molchilar huquqlarini himoya qilish bo‘yicha xalqaro mahsulot raqamlash tizimi doirasida tovar ishlab chiqaruvchisini aniqlashdan iborat edi.
Usmonjon Yo‘ldoshev tayyorladi
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter