Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Buxoro bo‘ylab YPX xodimlariga pora berayotganlar ushlanmoqda

Buxoro bo‘ylab YPX xodimlariga pora berayotganlar ushlanmoqda

Foto: Xabar.uz

Buxoro viloyatining turli hududlarida faoliyat yuritayotgan yo‘l patrul xizmati inspektorlariga pora berishga urinishlar son jihatdan oshmoqda.

Viloyat IIB axborot xizmati rahbari Shuhrat Jalolovning «Xabar.uz»ga ma’lum qilishicha, yo‘l harakati qoidalarini buzgan va unga rioya qilmagan haydovchilar orasida oson yo‘l bilan javobgarlikdan qutilish uchun xizmat xodimlariga pora taklif qilishlar ortmoqda.

Ta’kidlanishicha, «Sarmijon» yo‘l patrul maskanida xizmat olib borayotgan inspektor Xorazm viloyatining Qo‘shko‘pir tumanida yashovchi fuqaro boshqaruvida bo‘lgan «Kobalt» rusumli avtomashinani haydovchining hujjatlarini tekshirish maqsadida to‘xtatgan. Unda haydovchilik guvohnomasi yo‘qligini aniqlagan. Shundan so‘ng haydovchiga nisbatan elektron ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan. Avtomashinani jarima maydoniga joylashtirayotgan vaqtida huquqbuzar ushbu bayonnomani bekor qilish evaziga inspektorga pora taklif qilgan. Inspektorning bir necha bor ogohlantirishiga qaramasdan, qoidabuzar fuqaro maqsadidan qaytmay, uni porani olishga dalolat qilavergan.

Shu kuni xodimning belgilangan tartibda yozgan bildirgisi asosida O‘zbekiston Respublikasi IIV Shaxsiy xavfsizlik bosh boshqarmasi Buxoro viloyati bo‘yicha boshqarmasi hamda Departamentning G‘ijduvon tuman bo‘limi xodimlari hamkorligida tezkor tadbir o‘tkazilgan. Huquqbuzar haydovchi inspektorga 1 500 000 so‘m miqdordagi pullarni pora tariqasida berib, qolgan 1 000 000 so‘mini plastik kartaga o‘tkazib bermoqchi bo‘lganida qo‘lga olingan.

Xuddi shunday holat viloyati hududidan o‘tuvchi A-380 avtomobil yo‘lining 325-kilometrida xizmatga jalb qilingan yo‘l-patrul xizmati inspektori faoliyatida ham ro‘y bergan. Bunda ham xorazmlik haydovchi yo‘l harakati qoidasini qo‘pol ravishda buzgani uchun unga tegishli avtomashinani jarima maydoniga yo‘llar yuzasidan bayonnoma qayd etilgan. Haydovchi o‘z xatti-harakatlarini «yopish» maqsadida inspektorni «rozi» qilishga uringan. U Romitan tumanining Gazli shaharchasida joylashgan jarima maydoni qorovulxonasida Yo‘l patrul xizmati inspektoriga 1 400 000 so‘m miqdoridagi pullarni pora tariqasida berayotgan vaqtda ushlangan.

Olot tumani IIB Jamoat xavfsizligi xizmati Huquqbuzarliklar profilaktikasi «O‘zbekiston» mahallasi profilaktika inspektori o‘z xizmat hududida joylashgan g‘isht ishlab chiqarish zavodida mutaxassislar ishtirokida tekshiruv olib borgan. Bunda korxona rahbarining g‘isht zavodi elektr energiyasidan noqonuniy foydalanib kelayotganini aniqlagan. Holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlarini o‘tkazayotganda, ushbu korxona rahbari aniqlangan zararni kamaytirib ko‘rsatish va yengilroq chora ko‘rish evaziga profilaktika inspektori va elektr tarmoqlari tuman bo‘limining mutaxassis xodimining har biriga 1000 AQSh dollaridan pora taklif qilgan. Ushbu fuqaro profilaktika inspektoriga kelishilgan summadan bo‘nak sifatida 100 AQSh dollari hamda 4 million so‘m miqdoridagi pullarni pora tariqasida berayotgan vaqtida ushlangan.

Hozirgi kunda mazkur holatlar yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi JK.ning 211-moddasi (Pora berish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring