Dam olish kunlari ob-havo keskin o‘zgarib, hududlarda yomg‘ir yog‘ishi mumkin

Respublika Gidrometeorologiya xizmati dam olish kunlari uchun ob-havo ma’lumotini taqdim etdi.
Bugun va dam olish kunlari O‘zbekiston hududining katta qismida biroz shamol bilan quruq va iliq ob-havo saqlanib turadi.
Ushbu kunlarda harorat asosan kechalari 13-18°, kunduz kunlari 30-35° atrofida bo‘ladi. Bu sentyabr oyining ushbu kunlari uchun o‘rtacha yillik harorat qiymatlaridan biroz yuqoridir.
Faqat respublikaning shimoliy hududlariga 25-sentyabr yakshanba kuni Volga bo‘yi hududlaridan nam va salqin havo massasi kirib kelishi boshlanadi. Qoraqalpog‘istonda va kechga tomon Xorazm viloyatida ba’zi joylarda yomg‘ir yog‘adi, momaqaldiroq bo‘lishi va shamol 15-20 m/s gacha, ba’zida 21-23 m/s gacha kuchayishi, ayrim joylarda chang-to‘zonlar kuzatilishi mumkin. Qoraqalpog‘istonning shimolida harorat pasayishi boshlanadi.
Keyingi haftaning boshida nam va salqin havo massasi O‘zbekistonning barcha hududiga tarqaladi. Respublika bo‘yicha ba’zi joylarda shamol chang-to‘zonlar bilan 15-20 m/s gacha kuchayishi kutilmoqda. Janubning eng chekkasida va Farg‘ona vodiysida shamolning kuchayishi 21-23 m/s ga yetishi mumkin. Dushanba kuni Buxoro, Navoiy viloyatlarida, seshanba kuni tog‘ oldi va tog‘li hududlarda yomg‘ir yog‘adi. 2500 m dan yuqori bo‘lgan baland tog‘larda yomg‘ir qorga aylanadi. Dushanba kuni shimoliy viloyatlar bo‘yicha, seshanba kuni yesa respublikaning barcha hududlari bo‘yicha salqinlashadi. Havo harorati kechalari 10-13° gacha, kunduz kunlari 22-25° gacha pasayadi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter