Dang‘illama darvozalar oldidagi sukut
— Bozorni nazorat qiladigan odam qolmadi-da, o‘ziyam. Bitta ayvon tiklashim 30-40 «ko‘ki»ga tushyapti, — hasrat qildi birov.
— Nima balo, ayvon emas, yana qo‘shqavatli imorat ko‘taryapsizmi, deyman! — kesatdi boshqasi.
—Unchalik emasu, mana-man, deganlarning orti bo‘lmaylik, deyman-da...
E’tibor qilyapsizmi, hatto, ayvonini-da, birovdan o‘zdirib tushirishga intilayotgan dunyoparast, shaytoniy vasvasalarga qul bo‘lgan odamning javobiga. Yana bozordan ham nolib qo‘yishiga nima deysiz?
Shundoqqina yangi tiklanayotgan maktab binosi oldida kuni kecha odmigina turgan hovli darvozasi tez orada dang‘illama bo‘ldi-qoldi. Vahima! Ustunlarini aytmaysizmi? Naq, shohona qasr, deysiz.
Dasturxonidagi nonini ham «g‘isht» qilib devorlariga «yopishtirgan» ko‘rinadi. Bu odamning gapini eshiting: «Davlat tiklayotgan binolar oldida bizniki ham xarob ko‘rinib qolmasin» emish.
Ha, uy-joylar, imoratlar zamonaviylashib ketdi. Tuppa-tuzuk tomlar buzilib, o‘rnida xitoycha qip-qizil cherepitsalar osmonqadar bo‘ylamoqda. Xuddi shafaq bilan «bellashadi». Yana zamonadan, tirikchilikning og‘irlashib borayotganidan nolib ham qo‘yishadi.
— Bugun hamma narsadan baraka ketdi.
— Imorat o‘lgurlarimizning ikkinchi qavati bitmay qoldi.
— Bozorlarda odamlarning jonidan bo‘lak hamma narsa qimmat...
Qalbi insoniylikdan, mehr-oqibatdan yiroq bunday odamlarning koshonalariga qadam bossangiz, devorlariga ilingan allambalo suratlari salkam mingta kitob narxidan qimmat. Ichikib ketasiz. Loaqal, bitta kitobga nazaringiz tushsa ham mayli. Boyaqish, ularning bolalari hech kitob o‘qisharmikan? Hoynahoy, javonlardagi ko‘zni oluvchi «yaltiroq» idishlarga termilib o‘tirishsa kerag-ov.
Shu o‘rinda bir o‘quvchining hikoyasini keltiraman:
— Sinf rahbarimiz maktab kutubxonasi uchun agar imkon yetsa, har birimizdan bir-ikkitadan badiiy kitob keltirishimizni so‘radi. Oyim bilan dadamga bu haqda bildirgan edim, dadam: «Qilishga boshqa ishing yo‘qmi?» — deb tergab berdi. Oyim esa: «Opangning saruposiga mebel olganman. Hali duxoba olishim kerak. Seni kitobing oshu non non berarmidi?» — deb rosa javradi. Kuzatsam, oyim bilan dadamning biz bilan umuman ishi yo‘q. Dasturxon atrofida ham bozordagi narx-navoyu, yetti yot begonalarning oilaviy «qo‘ydi-chiqdi»si muhokama qilinadi. Yonginamizda o‘tirgan yaqinlarimiz go‘yo, bizdan yiroq odamlar...
Biri-biriga juda yaqin insonlarning ko‘ngli yiroq ekaniga sabab nima? Molu davlatga o‘chlik, kimo‘zarchilikka mukkasidan ketish ota-ona va farzandlar o‘rtasida «jarlik» paydo qilib qo‘yayotganini xayollariga ham keltirishmaydi. Ularning-cha, go‘yoki, hamma narsa bir xil kechayotgandek ko‘rinadi. Aslida, ko‘pchilik to‘q oilada ilmu ma’rifatdan libos ustun, tarbiyadan ko‘ra, boylik afzal. Bora-bora bunday oilalarda kamolga yetayotgan bolalar ham bemehr bo‘lib o‘sadi. Baland tom ostida yaqinlaridan yiroq bo‘lib, kerak paytda g‘amxo‘rlik ko‘rmagan farzand kelajakda ota-onasiga mehribon bo‘ladi, deb kim kafolat bera oladi.
Osuda hayotning besaranjom, behalovat odamlari dang‘illama imorat ichra ma’nan huvullab qolayotganga o‘xshaydi. Tepadagi osmon, oyoq ostidagi yer, tandagi jon omonat ekanini his etib yashashga nima yetsin...
Laylo Hayitova


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter