Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Davlat budjeti xarajatlari muhokama qilindi

Davlat budjeti xarajatlari muhokama qilindi

Foto: Senat axborot xizmati

Oliy Majlis Senatining o‘n to‘qqizinchi yalpi majlisida Vazirlar Mahkamasining O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetining 2021 yilning birinchi yarim yillik yakunlari bo‘yicha ijrosi to‘g‘risidagi hisoboti eshitildi.

Ta’kidlangandek, 2021 yil yanvar-iyun oylarida respublikamiz iqtisodiyotining YaIM hajmi 6,2 foizga o‘sib, dunyoda kechayotgan pandemiyaga qaramay 318,5 trln so‘mni tashkil etdi. 

Iqtisodiy o‘sish sanoatda 8,5 foiz, qurilishda 0,1 foiz, qishloq, o‘rmon va baliq xo‘jaligida 1,8 foiz hamda xizmatlarda 8,0 foizga o‘sgan. Inflyasiya darajasi yil boshidan 4,4 foizni, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan esa 10,9 foizni tashkil etgan.

Davlat budjeti daromadlari 2021 yil 1-yarim yilligida 74,9 trln so‘mni tashkil etib, prognozga nisbatan 107,8 foizga yoki 5,4 trln so‘mga oshirib bajarilgan. Daromadlar o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 16,7 trln so‘mga oshgan.

Qo‘shilgan qiymat solig‘i bo‘yicha joriy yil yanvar-iyun oylarida soliq to‘lovchilarga respublika budjetidan 7,6 trln so‘m, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 6 barobardan ko‘p mablag‘ qaytarib berilgan.

Davlat budjetining 2021 yil 1-yarim yilligi xarajatlari davlat maqsadli jamg‘armalarisiz 79 trln 331,9 mlrd so‘mni aniqlangan reja ko‘rsatkichlariga nisbatan 96,9 foiz yoki YaIM ga nisbatan 24,9 foizni tashkil etgan.

Hisobot davrida mahalliy budjetlar daromadlar qismi prognozga nisbatan 118,9 foiz, xarajatlar qismi rejaga nisbatan 97,3 foizga ijro etilgan.

Mahalliy budjetlar mustaqilligini oshirish bo‘yicha hukumat tomonidan amalga oshirilgan chora-tadbirlar natijasida mahalliy budjetlar daromad ko‘rsatkichi 2 trln 639 mlrd so‘m ortig‘i bilan ijro etilgan.

2021 yilda O‘zbekiston Respublikasi Davlat maqsadli jamg‘armalarining daromadlari yillik prognozga nisbatan 44 foizga (18 trln. 353,1 mlrd. so‘mga) bajarilishi ham o‘z navbatida, aholini ijtimoiy himoyalash va kambag‘allikni qisqartirish, ish haqi va unga tenglashtirilgan to‘lovlar, ijtimoiy nafaqalar, moddiy yordam va kompensatsiya to‘lovlarini o‘z vaqtida amalga oshirish imkonini bergan.

Majlis davomida budjet mablag‘laridan samarali foydalanishni ta’minlash maqsadida quyidagi masalalarga alohida e’tibor qaratildi.  Xususan, Moliya vazirligi tomonidan:

  • Davlat budjetidan ichimlik va oqava suv ob’yektlari uchun ajratilgan mablag‘larni maqsadli xarajat qilish ustidan nazorat o‘rnatish;
  • ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish, investitsiya loyihalari dasturlari uchun Davlat budjetidan ajratilgan mablag‘larning maqsadli va samarali ishlatilishi hamda Xalq ta’limi, sog‘liqni saqlash, suv xo‘jaligi vazirliklari va Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi tomonidan budjet mablag‘laridan foydalanish bilan bog‘liq faoliyat samaradorligi indikatorlari ijrosi yuzasidan moliyaviy nazoratni o‘rnatish;
  • Davlat soliq qo‘mitasi va Davlat bojxona qo‘mitalari bilan birgalikda davlat budjetiga daromadlarni o‘z vaqtida va to‘liq tushishini ta’minlash, soliq qarzi va ortiqcha to‘lov miqdorlarini qisqartirish borasidagi ishlarni samarali tashkil qilish;
  • soliqlarning yig‘uvchanlik darajasini oshirish, qo‘shimcha daromad manbalari hamda yashirin iqtisodiyot tarmoqlarini aniqlash bo‘yicha tegishli chora-tadbirlarni amalga oshirish bo‘yicha vazifalar belgilandi.

Ko‘rib chiqilgan masalalar yuzasidan Oliy Majlis Senatining tegishli qarori qabul qilindi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring