Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Davlatlarni tanazzulga uchratuvchi sabablar nima?

Davlatlarni tanazzulga uchratuvchi sabablar nima?

Foto: «Xabardor.uz»

Usmonli turk sultonlaridan bo‘lmish Sulton Sulaymon Qonuniyni juda ko‘p o‘ylantiradigan bir savol bor edi: davlatlarni tanazzulga uchratuvchi sabablar nima?

Sulton bu savolga o‘zining «aql ustozi» — yetuk olim Shayx Yahyo hazratlaridan javob olmoq istab unga maktub yozadi va uni bosh vaziri orqali yuboradi. Vazir maktubga javob keltirmaydi.

— Yahyo hazratlari maktubingizni o‘qidilar va birgina gap aytdilar, xolos, — deydi vazir Sultonga.

— Nima dedilar?

— «Menga ne g‘am, deyilgan zamon... » , — dedilar.

Sulton Sulaymon bu javobning mag‘zini chaqmoq uchun ko‘p o‘ylanadi. Oradan bir necha kun o‘tgach, Shayxga yana bir maktub yozib, aytgan jumlasini sharhlab berishini iltimos qiladi.

Shayx Yahyo hazratlari maktubga shunday javob yozadi:

«Qaysi bir davlatda zulm kuchaysa;

qator-qator haqsizliklar yuz bera boshlasa;

adolat oyoqosti qilinsa va buni ko‘rib turganlar «menga nima?» deya sukut saqlasa;

arboblar yetim-yesirlarning, beva-bechoralarning, kambag‘allarning ahvoli bilan qiziqmasa;

muhtojlarning ohini toshlar eshitsa-yu, odamlar eshitmasa;

amaldoru ulamo bularning barini anglab, bilib tursa-yu, «menga ne g‘am?» deya o‘z nafsi bilan ovora bo‘lsa;

hokimlar hukmdorni aldash yo‘liga o‘tsa...

Ana o‘shanday davlatda fuqarolarning hukumatga ishonchi va hurmati yo‘qoladi. Xalqda osoyishtalik qolmaydi.

Bunday davlatlar tanazzulga mahkumdir!»

Sulton Sulaymon Qonuniy bu javobni o‘qib, yig‘lab yuborgan ekan...

Shayx Yahyo hazratlarining bu maktubi hozirda Istanbuldagi To‘pkapi saroyi muzeyida saqlanmoqda.

Farangis Isomiddin tayyorladi
(«Ma’rifat saodati» gazetasidan olindi)

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring