«Azon.uz»ga bosim o‘tkazilganmidi? Din ishlari bo‘yicha qo‘mita bayonot berdi
3-fevral kuni ijtimoiy tarmoq sahifalarida «Azon.uz»ga bosim qachon tugaydi?» nomli bayonotda mazkur veb-saytning bosh muharriri A.Raimov tahririyatga nisbatan bosim o‘tkazilgani sababli egallab turgan lavozimidan ozod etish bo‘yicha ariza berganini e’lon qilgan va bu holat tarmoq foydalanuvchilari orasida muhokamalarga sabab bo‘ldi.
Din ishlari bo‘yicha qo‘mita matbuot xizmati mazkur voqea yuzasidan bayonot berdi.
Unda aytilishicha, «qo‘mita diniy mazmundagi materiallarni tayyorlash va tarqatishda diniy-ma’rifiy saytlarga yo‘nalish va tavsiya berishi mumkin. Lekin, qaysidir saytdan qandaydir ma’lumotni oldirib tashlash yoki olib tashlashga majbur qilish vakolatiga ega emas.
Shunga ko‘ra, «Azon.uz» saytida e’lon qilingan muayyan maqolalarni oldirib tashlash bo‘yicha Qo‘mita rahbariyati tomonidan hech qanday topshiriq bo‘lmaganini qat’iy ma’lum qilamiz.
Shu o‘rinda, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita qator ommaviy axborot vositalari bilan doimiy hamkorlikda faoliyat olib borayotganini, Davlatimiz Rahbari boshchiligida diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan yangilik va o‘zgarishlarni birgalikda omma e’tiboriga havola qilayotganini alohida qayd etish lozim.
Bayonot yakunida, yurtdoshlarimizga yana bir bora, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita rahbariyati tomonidan «Azon.uz» sayti tahririyati va jamoasiga maqolani oldirib tashlash bo‘yicha bosim bo‘lmaganini, aksincha saytda berilayotgan xabar va maqolalar keng xalq ommasiga mo‘ljallangani uchun foydali va xolis bo‘lishi borasida doimiy hamkorlik qilib kelayotganini bildiramiz» -deyiladi bayonotda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter