Antiqa e’lon: «Bir oy maoshsiz ishlayman»
Sizning kundalik ishingiz ─ bu o‘ziga xos tovar bo‘lib, uni yaxshigina foydani ko‘zlab sotishga harakat qilasiz. E’tibor bergan bo‘lsangiz, men «eng qimmat narxda» deb yozmadim. Sizga taklif etilgan eng yaxshi ishga har doim ham yuqori haq to‘lamasliklari mumkin! Ammo unda siz mansabga ko‘tarilishingiz, o‘qishga, ish tajribasiga ega bo‘lishingiz yoki yuqori mavqeni qo‘lga kiritish imkoniyatini qo‘lga kiritishingiz mumkin.
Siz ish axtarganingizda hamisha unga istiqbolli hamda nima berishi mumkinligi nuqtai nazaridan qaramang, shunchaki tirikchilik uchun bir vosita sifatida munosabatda ham bo‘lmang. Imkoniyat axtargan, keyin uning o‘zi eshik qoqib kirib kelguncha sabr qilgan odamga misol keltiraylik.
Texnologik kollejni bitirgan Jon Uesli Etton o‘zining xizmatlarini sotishga qaror qildi. U bamisoli o‘z tovarlarini bozorga chiqaradigan omadli biznesmen sifatida mahorat bilan ish ko‘rdi. Dastavval qanday mavqega ega bo‘lishi va qancha maosh olishini bilishga qaror qildi. Shundan keyin barcha gazetalarga quyidagicha e’lon berdi:
«Janob texnik firma rahbari! Siz muhandis, texnologik kollej bitiruvchisi, shu yil bitirganlar orasida eng yuqori baho olgan odamni ishga qabul qila olasizmi? Uning sizga foydasi tegishi mumkin, o‘zini ko‘rsatishi va bir oy davomida bepul ishlashiga imkoniyat bersangiz bas. Men qonun-qoida chegarasidan chiqmayman. O‘z-o‘zini boshqarish, ishga sabr-toqat bilan yondashish, murosa qilish, o‘ta serg‘ayratlik, ishni aniq bajarish va yangiliklarni bilishga doir nihoyatda qiziqarli fazilatlarga egaman».
Etton 300 dan ortiq taklif oldi. Yirik kompaniyalardan birining rahbari shunday deb yozgan edi:
«Sizni kelgusi chorshanba kuni Nyu-Yorkdagi asosiy idorada kutaman. Agar xuddi yozganingizdek, yaxshi fazilatga ega bo‘lsangiz, narsalaringizni ham olib keling. Kamina bilan birga ishga shay holda zavodlarimizdan biriga ketishingiz mumkin».
Ha, Ettonning muomala tarzi, o‘zgacha yondashuvi shunchalik noyob bo‘lib, albatta, diqqat-e’tiborni jalb etardi. Ayniqsa, bir oy bepul ishlash to‘g‘risidagi taklif ishbilarmon rahbarlarni qiziqtirib qo‘ydi va u bundan ham ko‘proq kompaniyaga foyda keltira olishi mumkinligini ko‘rsatishga intildi. Shu bilan birga o‘ziga nimadir olishi mumkinligini namoyon etdi. Ularga taqdim etgan o‘z-o‘zini maqtov ro‘yxati o‘z-o‘zini osmonga ko‘tarish bo‘lib, ko‘rinmasligi o‘rniga bo‘lajak xodimning shaxsiy va ishchanlik fazilatlarini ko‘rsatar, bir oylik bepul ish davomida u bularni namoyon etishga muvaffaq bo‘lardi.
Kompaniya rahbari bilan suhbat o‘tkazish jarayonida Etton charm muqovali risolani uzatdi. Unda o‘zi to‘g‘risida hikoya qiluvchi anketa ma’lumotlari, fotosuratlar, qiziqishi bo‘yicha sohalar ro‘yxati, baholar vedomostidan ko‘chirma (diplomga ilova), shuningdek, unga tavsiyanoma berishi mumkin bo‘lgan shaxslar ro‘yxati berilgan edi.
Etton ishga qabul qilindi va uning bir oy bepul ishlashiga hojat ham qolmadi. Beriladigan maosh ishining birinchi oyi oxirida o‘zaro kelishuv asosida belgilanadigan bo‘ldi, u o‘zining imkoniyatlarini namoyon etgach, to‘lanadi, deb qaror qilindi. Hatto shunday sharoitda ham Etton bu ishni qabul qilishga rozi bo‘ldi, chunki lavozimi unga xizmat ko‘rsatish pillapoyalaridan ilgarilash uchun chek-chegarasiz imkoniyatlar berishini u anglagan edi.
Ushbu voqeiy hikoyani keltirishdan maqsadim: har qanday ishda kashfiyotchilikni ko‘rsata oling. Tashabbusingizdan foydalaning. O‘zingizga: «Meni ishga olmoqchi bo‘lgan odamning diqqatini qanday qilib jalb etishim mumkin? Xizmatga doir qadriyatlarimni qanday qilib namoyish eta olaman?» degan savollar bering.
O‘zingizga hech qachon oshirib baholab yubormang. Bajarib bo‘lmaydigan ishga va’da berib o‘tirmang. Oshirib baholash ─ mavqega ega bo‘lishda eng yaramas poydevor hisoblanadi. Uning o‘rniga shunday ish qilingki, boshlig‘ingiz va’da berganingizdan ko‘ra ko‘proq ish ijrosini bilib, hayratga tushsin. Bu sizga mansab pillapoyalaridan bir zina yuqoriga ko‘tarilishingizga yordam beradi.
(Napoleon Xill kitobidan)
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter