Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Doniyor G‘aniyev nega deputatlikdan ketdi?

Doniyor G‘aniyev nega deputatlikdan ketdi?

Kecha, 6 avgust kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Doniyor G‘aniyev parlamentdan hukumat tizimiga o‘tgani ma’lum bo‘ldi. Deputatlik mandatini muddatidan oldin topshirishga qaror qilgan D.G‘aniyev Vazirlar Mahkamasi investitsiyalar, eksport, savdo, qishloq va suv xo‘jaligi masalalari kotibiyatida bo‘lim boshlig‘i o‘rinbosari lavozimiga tayinlangan.

«Inson atrofidagi o‘zgarishlar, reallik bilan hisoblashishi hamda o‘z imkoniyat va qobiliyatlarini to‘g‘ri baholay olishi kerak. Garchi deputat sifatida samarali faoliyat olib bordim, deb o‘ylasam-da, bu faoliyatda davom etish o‘zim uchun ham, saylovchilar uchun ham manfaatli bo‘lmasligini tushunib yetdim. Menimcha, hayotimda o‘zgarishlar qilish, yangi chellenj va imkoniyatlarni qarshi olishning ayni vaqti. Shu bois deputatlik mandatimni tugatishga, yangi saylovlarda nomzodimni ilgari surmaslikka qaror qildim», – deya kutilmagan qarorini izohlagan D.G‘aniyev.

U, shuningdek, insonlar og‘irini yengil qilishga xizmat qiluvchi ijobiy normalarni qo‘llab-quvvatlashdan, fuqarolar manfaati va huquqlariga zid deb bilgan qonunlarga qarshi turishdan hech ikkilanmaganini qayd etgan.

Ijtimoiy tarmoq faollari, blogerlar faol va jonsarak deputatning parlamentni tark etishiga turlicha munosabat bildirdi.  

«Deputatim ishidan ketdi... Doniyor aka, ishlaringizga rivoj tilaymiz. Vijdonan, halol ishladingiz. Qo‘lingizdan kelgan hammasini qildingiz», – deb yozdi huquqshunos Zafarbek Solijonov.

«Parlament deputatsiz qoldi», – deya munosabat bildirdi iqtisodchi Otabek Bakirov.

«U nima uchun shunday qilganini kamchilik qatori tushunib turibman. U men uchun kamyob, hurmatga loyiq deputat», – deya tagma’noli fikr yozdi jamoat faoli Rasul Kusherboyev. Darvoqe, R.Kusherboyevning o‘zi ham 2022 yil dekabr oyida vakolat muddati tugamasdan Qonunchilik palatasidan ketgan va «bunga majbur bo‘lgani»dan taassuf izhor qilgan edi.

Jurnalist Muhrim A’zamxo‘jayev Doniyor G‘aniyevni «parlamentning eng dadil, eng jur’atli, hukumatni ham, hokimlarni ham ayamaydigan, haq so‘zni aytishdan qo‘rqmaydigan» deputati deb ta’riflagan.

«Deputat sifatida samarali faoliyat olib bordim, deb o‘ylasam-da, bu faoliyatda davom etish o‘zim ham uchun, saylovchilar uchun ham manfaatli bo‘lmasligini tushunib yetdim», deb qo‘shimcha qilibdi u. Yurtimizda so‘z erkinligini ta’minlash borasidagi ishlar kuchaygani sari Karimov davridagi «satr orasidan ma’no izlash» uslubiga yanada ko‘proq qaytib ishlashga to‘g‘ri kelayotganini hisobga olsak – juda purma’no fikrlar...

Deputatlik faoliyati uchun ham rahmat unga – uch oy umri qolgan bu jonsiz majlisdagi barmoq bilan sanarli jonliroq deputatlarga hurmatni saqlagan holda ta’kidlash kerakki, Doniyor dadilligi ham sobitqadamligi bilan tunnel oxiridagi nur kabi porlab turgandi», – deya mulohazalari bilan o‘rtoqlashdi Muhrim A’zamxo‘jayev.

«Fayzbog‘» kanali esa deputatning bu qarorini xato deb baholagan.

«Xalqning so‘nggi vakili ham parlamentni tark etdi. Vijdon yomon narsa, unga qarshi borishing ham mumkin, lekin u bir umr yuragingni ezadi, qiynalib ketganingdan oxiri hammasiga yakun yasashga qaror qilasan. Mening fikrimcha, Doniyor G‘aniyev (Rasul Kusherboyev ham) siyosatni tark etib xato ish qildi, faollarning parlamentdagi ovozi bo‘lib berish uchun ham oxirigacha qolish kerak edi. Lekin, shunday bo‘lsa-da, qarorini hurmat qilgan holda unga omad tilab qolamiz», – deb yozdi «Fayzbog‘» kanali.

1988 yilda tug‘ilgan Doniyor G‘aniyev 2019 yil 22 dekabrdagi saylovda Farg‘ona viloyati Marg‘ilon shahri okrugidan deputatlikka saylangan edi. 

U qonunchilik idorasidagi salkam besh yillik faoliyati mobaynida aholini qiynagan dolzarb muammolarni faol ko‘tarib chiqqan deputat sifatida jamoatchilik hurmatini qozondi. D.G‘aniyevning avtomobil monopoliyasi, «Dok-1 Maks» voqeasidan keyin siyosiy javobgarlik masalasi ko‘rilmagani, oliy o‘quv muassasalariga kirishdagi imtiyozlar, sifatsiz qurilishlar kabi mavzulardagi tanqidiy chiqishlari keng muhokamalarga sabab bo‘lgan. Masalan, u 2021 yil yanvar oyida energetika sohasidagi muammolarni qattiq tanqid ostiga olib, vazirning iste’fosini talab qilgan edi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring