«Dunyo mamlakatlari: Avstraliyadan Hindistongacha» deb nomlangan yangi kitob nashr qilindi
Shunday kitoblar borki, ularga har kuni ehtiyoj sezasan. Bular lug‘at va qomus tarzidagi kitoblardir. «Qobusnoma»ning asrlar osha qo‘lma-qo‘l bo‘lib kelayotgani siri ham shundadir. Chunki bunday mazmundagi kitoblar ma’lumot beradi, o‘ylantiradi va ruhlantiradi. Shuning uchun ham ularni tarixga guvoh, taqdirga hamroh kitoblar sifatida e’zozlash o‘rinlidir. Kundalik hayot uchun qo‘llanma, keng qamrovli bilim uchun yo‘llanma bo‘ladigan kitoblar qadrga, e’zozga loyiq.
848 sahifadan iborat bo‘lgan «Dunyo mamlakatlari: Avstraliyadan Hindistongacha» deb nomlangan, ta’bir joiz bo‘lsa, «tosh bosadigan» katta bir kitob mana, qo‘limizda turibdi. Muallifi ham sizga yaxshi tanish. Iqtidorli jurnalist, xalqaro va siyosiy mavzudagi maqolalari bilan e’tiborga tushgan yosh olim, publitsist Laziz Rahmatov.
«Yangi kitob» nashriyotida chop etilgan maskur salmoqli kitob har bir davlatga xos bo‘lgan iqtisodiy, siyosiy, huquqiy jihatlarni qamrab olganligi bilan ajralib turadi. Shu bois tahrir hay’atida turli yo‘nalishlar bo‘yicha 22 nafar mutaxassisning, yirik olimlarning ismi-shariflari qayd etilganligi ham bejiz emas. Ular tarkibida siyosiy fanlar, tarix, falsafa, yuridik, iqtisodiyot, filologiya, pedagogiga, texnika fanlari nomzodlari va doktorlaridan tortib Badiiy akademiyaning akademigigacha bor.
Kitob O‘zbekiston fanlar akademiyasining akademigi, iqtisodiyot fanlari doktori professor Qalandar Abdurahmonov, yuridik fanlari doktori Nuriddin Normatovlarning umumiy tahriri ostida chop etilgani ham kitobning ancha e’tiborga molik ekanini tasdiqlaydi.
Anvar Namozov, Navro‘z Bekmurodov kabi iste’dodli muharrirlar nazaridan o‘tib, 5000 (besh ming) nusxada chop etilgani hozirgi davr uchun ham salmoqli. Gap bundayam emas, balki, uning ijtimoiy qiymatida, kirill alifbosi tartibida mamlakatlar haqidagi ma’lumotlarning mufassal keltirilishida, qat’iy tartibga, izchilikka rioya etilganidadir.
Har bir mamlakat haqida ma’lumot berilar ekan, o‘sha mamlakatning maydoni, boshqaruv shakli, bo‘linishi, aholisi, joylashuvi, tabiati, tarixi va iqtisodiyoti, tashqi siyosati, shuningdek, e’tiborga molik qo‘shimcha ma’lumotlarning berilishi kitobni ancha boyitgan. Jami 238 ta mamlakat haqida eng sara va so‘nggi ma’lumotlarning jamlangani ahamiyatlidir. Muallif faqat tuzuvchi sifatida emas, balki nuqtai nazari o‘tkir siyosatshunos sifatida o‘zining tahliliy va tanqidiy munosabatlarini ham bildirib o‘tganligi qiymatlidir. Jumladan, aksariyat davlatlarning O‘zbekiston bilan munosabati, a’loqalari, turli yo‘sindagi hamkorliklari borasidagi tajriba va yutuqlar haqida ham mufassal ma’lumot keltirilganki, bu o‘quvchini zeriktirmaydi, balki, qiziqishini orttiradi. Har bir davlatning tarixi, iqtisodi, xalqaro maydondagi nufuzi bilan qiziqadigan kitobxon bunga bee’tiobor bo‘lmasligi aniq.
Kitobda keltirilgan mamlakatlarning poytaxti, aholisi soni, milliy bayrami, rasmiy tili, dini, pul birligi, telefon kodi va hatto internet domenigacha ma’lumot berishni e’tibordan qochirmagan muallif.
Har bir davlatning boshqaruv shakli haqida gap ketganda, ijroiya hokimiyatiga kimning rahbarlik qilishi, konstitutsiyasi, mavjud bo‘lgan siyosiy partiya va ularning soni hamda nomlarini keltirishni ham unutmaydi. Eng muhimi bu ma’lumotlar eng so‘ngi ma’lumotlar bilan boyitilgan holda izohlangan.
Muallifning ana shunday sinchkovligi, hafsala bilan ish tutishi, mamlakatlarning «Bo‘linishi va aholisi» ruknida ham o‘zining teran ifodasini topgan. Mamlakatning nechta viloyat, provinsiya va avtonom shaharlaga bo‘linishi, aholisining tarkibi qaysi millat vakillaridan iboratligi, foizlar ko‘rsatkichi bilan ifodalangan. Ayni paytda mahalliy aholining qancha foizi qaysi dinga mansubligi ham qayd etiladi. «Joylashuvi va tabiati» ruknida esa mamlakatga xos bo‘lgan geografik ma’lumotlar joylashish o‘rni, iqlimi, qanday daraxtlar va qaysi hayvonlar o‘rmon va butazorlarda, o‘tloq va yaylovlarda yashashi borasida qiziqarli ma’lumotlar keltiriladi.
Har bir davlat o‘zining qadiymiyligi, boy madaniyati, tarixi bilan dunyo zarvaraqlaridan o‘rin olishi tabiiy hol. Bu borada mamlakatning «Tarixi» ruknida qisqa va lo‘nda, mag‘izli ma’lumotlar keltirishni ma’qul ko‘radi. O‘sha hududda dastavval, qanday qabilalar yashagani, ularning ijtimoiy hayoti va yon atrofidagi elatlar bilan munosabati bosqinchilik va mudofaa janglari, kimlar qaysi davrda hukmronlik qilgani xususida ham yetarlicha ma’lumotlar beriladi.
«Iqtisodiyoti» ruknida esa o‘sha mamlakatning yalpi ichki iqtisodi ayni paytda qancha dollarni tashkil etishi, yer osti va yer usti boyliklari, sanoati, qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat, yengil sanoatning hatto, chorvachilik, baliqchilikning qay darajada rivojlanishi, qanday mevalarni yetishtirishi va eksport qilishi, turizmning rivoji, asosiy savdo sheriklari, avtomobil yo‘llari uzunligi, temir yo‘llari, qancha aeroport va bandargohlarning borligi borasida aniqlik bilan ma’lumotlar keltiradi.
«Tashqi siyosati» sohasida qanday hamkorlik tashkilotlari va ittifoqlarga a’zoligi borasida ham so‘z yuritadi.
«E’tiborga molik ma’lumotlar» qismida qanday sport turlari, mamlakat nufuzini oshirishga xizmat qiladigan yana qanday xalq xo‘jaligining tarmoqlari bo‘lsa, ular haqida ham qiziqarli ma’lumotlar berishni e’tibordan soqit qilmaydi.
Ushbu kitobni tayyorlashga kirishishning o‘zi bir jasorat bo‘lsa, uni yozib tugatish va tuzish ham chinakam matonatdir. Ma’lumotlarning asosli va dalillangan bo‘lishi uchun mamlakatlar mavzuiga daxldor qanchadan-qancha kitoblarni ko‘rib, solishtirib muqoyasa etish asnosida ushbu muhim va mukammal manbani yuzaga keltirgan. Fikrimiz yalang‘och bo‘lmasligi uchun foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxatiga birrov nazar tashlashning o‘zi kifoya.
Unda 231 ta manba qayd etilgan bo‘lib, muallif har birini erinmasdan mushohada ila mutolaa etib, ushbu qomusni vujudga keltirdi. Bu kitob ilm, marifatga, raqamli iqtisodiyotga qiziquvchi, turizm yoxud jahon davlatlari borasida ma’lumotga ega bo‘lishga intilgan har bir rahbar va xodimning ish stolida turishi maqsadga muvofiq. Ayniqsa, kitobning qoq o‘rtasida mamlakatlar bayroqlari tasvirining berilishi uning qiymatini yana bir karra oshirgani haq.
Barchani mazkur kitobni o‘qishga, mutolaa etishga chorlaymiz. Zeroki, bu sizning ruhiy-ma’naviy ehtiyojlaringizni to‘la qondirishiga ishonamiz.
Rahimboy Jumaniyozov,
TIQXMMI matbuot xizmati rahbari,
«Notiqlik san’ati akademiyasi» ta’lim muassasasining rahbari
Bahriddin Muqimov,
«MA’RIFAT» targ‘ibotchilari jamiyati a’zosi,
TIQXMMI «Gumanitar fanlar» kafedrasining assistenti
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter