Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Energetik menejment: pul intizomni yaxshi ko‘radi

Energetik menejment: pul intizomni yaxshi ko‘radi

Tejab ishlatmasak, chiroqsiz o‘tiramiz...

Har bir fuqaro o‘zi sarf qilgan suv, gaz va elektrning hisobini bilishi zarur. Elektr energiyasi bozori hozirgi paytda butun dunyoda eng ko‘p kapital talab etuvchi bozorlardan biri bo‘lib turibdi. Ko‘plab rivojlanayotgan mamlakatlarda, xususan, O‘zbekistonda ham katta hajmda energiya talab qiluvchi ishlab chiqarishlarning ko‘payishi ortidan unga bo‘lgan talab keskin ko‘tarilib ketmoqda.

Mamlakatimizda energiya narxlari Hukumatning sa’y-harakatlari, aniqrog‘i, ajratilayotgan subsidiyalar evaziga ushlab turilgani bilan uning tannarxi muttasil o‘smoqda.

Narxlar oshishi oila budjetimizga ta’sir qilmasligining yagona yo‘li – hammamiz uni nazorat qilishga, shu orqali tejashga o‘rganishimiz lozim. Elektr energiya xarajatlarini kamaytirishdan eng avvalo yakuniy iste’molchining o‘zi, qolaversa, davlat ham manfaatdordir.

Hozir dunyoning rivojlangan mamlakatlarida bu borada alohida tizim shakllangan. Masalan, Yevropada «energetik menejment» degan tushuncha bo‘lib, uy xo‘jaliklari energiya resurslarini sarflashda turli zamonaviy vositalar va usullardan foydalanishadi. Turli-tuman tariflar, energiya tejash dasturlari, «qimmat energiya soatlari»da uni kamroq ishlatish, uydagi energiya sarfini real vaqt rejimida ko‘rib turish singari instrumentlar tobora ommalashib bormoqda.

«Ijtimoiy fikr» respublika jamoatchilik fikrini o‘rganish markazi yaqinda o‘tkazgan tadqiqotlar natijalariga ko‘ra, respondentlarning 50 foizdan ortig‘i o‘z xonadonida bir oyda qancha elektr energiyasi sarflanishi haqida bilmaydi.

Darhaqiqat, xalqimizda «Oldingdan oqqan suvning qadri yo‘q» degan maqol bor. Biz nafaqat o‘z oilaviy budjetimiz, balki butun mamlakat iqtisodiyoti va kelajagiga ta’sir qiluvchi bu muhim masalaga aksariyat hollarda shunchaki e’tiborsizlik bilan qaraymiz.

Rivojlangan mamlakatlarda esa energiya resurslari sarfini uy xo‘jaliklari darajasida qat’iy nazorat qilish, «energetik menejment»ni oila budjetining asosiy shartiga aylantirish, bu jarayonga «aqlli monitoring» usullarini faol joriy qilish orqali mamlakat miqyosida 30-40 foizgacha tejamkorlikka erishish mumkinligi allaqachon isbotlangan.

Xo‘sh, ushbu holatda hozirning o‘zida ishni nimadan boshlashimiz mumkin?

– Avvalo, barchamiz «Bir oyda qancha gaz, qancha elektr energiyasi yoqyapmiz, qancha suv ishlatyapmiz?», degan savolga aniq javobga ega bo‘lishimiz lozim. Agar masalaga jiddiyroq va mas’uliyat bilan yondashsak, xonadonimiz qaysi oyda, hatto kunning qaysi soatlarida ko‘proq energiya resurslari sarflashini ham nazorat qilishimiz mumkin. Bunday qat’iy nazorat birinchi navbatda o‘zimiz, cho‘ntagimiz uchun kerak.

– Energiya resurslari sarfini aniq va to‘g‘ri hisoblaydigan, zamonaviy hamda innovatsion yechimlarni ko‘paytirish maqsadga muvofiq. Onlayn rejimda energiya sarfini kuzatish instrumentlari, turli ilovalar hamda servislardan foydalanishni rag‘batlantirish lozim.

– Barchamiz uchun «energetik menejment»ga o‘rganish vaqti keldi. Bekorga oqib yotgan suvni berkitish, kechasiyu kunduzi shunchaki yoniq turadigan chiroqlarni o‘chirib yurishga o‘rganish, o‘z «Uy xo‘jaligimiz har kuni, har oy qancha elektr va gaz sarflayapti, nega bu safar birdan ko‘payib ketdi?!» kabi savollarni doimiy o‘zimizga berib turishga o‘rganishimiz ana shunday «aqlli monitoring» namunasidir.

Bu ishlar bizdan mablag‘ so‘ramaydi, katta tashvish tug‘dirmaydi, shunchaki bizdan bir oz mas’uliyatli bo‘lish talab etiladi xolos.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring