Yeri olib qo‘yilgan shaxsga qo‘shimcha to‘lov to‘lanadi
Yer uchastkasi olib qo‘yilganligi munosabati bilan egasiga noqulayliklar uchun ko‘chmas mulk qiymatining 5 foizi miqdorida qo‘shimcha to‘lov to‘lanadi.
Qonunga asosan, yer uchastkasi olib qo‘yilishi munosabati quyidagilar kompensatsiya qilinadi:
- olib qo‘yilgan yer uchastkasida joylashgan ko‘chmas mulkning bozor qiymati;
- olib qo‘yilgan yer uchastkasiga bo‘lgan huquqning bozor qiymati (bundan qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlarga bo‘lgan ijara huquqi mustasno);
- olib qo‘yilgan yer uchastkasida joylashgan ko‘p yillik dov-daraxtlarning bozor qiymati;
- ko‘chish, shu jumladan boshqa ko‘chmas mulkni vaqtinchalik ijaraga olish bilan bog‘liq xarajatlar;
- yer uchastkasidan va unda joylashgan ko‘chmas mulkdan foydalanishdan olinishi mumkin bo‘lgan boy berilgan foyda (bunda yer uchastkasi va unda joylashgan ko‘chmas mulk bo‘shatib qo‘yilgan paytdan e’tiboran avvalgi faoliyatni tiklashgacha bo‘lgan, biroq 1 yildan ortiq bo‘lmagan muddatdagi foyda yoki mavsumiy hosildan olinishi mumkin bo‘lgan foyda hisobga olinadi);
- huquq egasining qonunchilikda yoki kelishuvda nazarda tutilgan boshqa xarajatlari va zararlari.
Yer uchastkasi olib qo‘yilganligi munosabati bilan huquq egasiga noqulayliklar keltirib chiqarilganligi uchun kompensatsiya sifatida yer uchastkasida joylashgan ko‘chmas mulk bozor qiymatining 5 foizi miqdorida bir martalik to‘lov amalga oshiriladi.
Qonunchilikka muvofiq, huquq egasiga tegishli bo‘lgan, olib qo‘yilgan yerda o‘zboshimchalik bilan qurilgan turar joylar (yashash uchun mo‘ljallanmagan joylar), ishlab chiqarish binolari va inshootlari hamda boshqa binolar va inshootlar mavjud bo‘lgan taqdirda, ularning bozor qiymati ham to‘liq hajmda qoplanishi lozim.
Shuningdek, turar joyga nisbatan huquqni belgilovchi hujjatlari mavjud bo‘lmagan, ushbu turar joyga 15 yil (egalik qilish huquqini yuzaga keltiruvchi muddat) mobaynida xuddi o‘z mulkidek halol, oshkora va uzluksiz egalik qilgan shaxslarga, ushbu ko‘chmas mulk ob’yektlari uchun soliqlar to‘lab kelinganligi tasdiqlangan taqdirda, mazkur ko‘chmas mulk ob’yektlari qiymatining o‘rni qoplanadi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter