«O‘zbekneftgaz»: Boshqaruv raisi boshchiligidagi «Ishchi guruh» tabiiy gaz qazib chiqarish maqsadida «ERIELL» kompaniyasi bilan hamkorlikda bajarilayotgan ishlar holatini o‘rgandi (foto)

«O‘zbekneftgaz» AJ Boshqaruvi raisi Mehriddin Abdullayev va «Ishchi guruh» a’zolari Ustyurt gaz qazib chiqarish boshqarmasida «2017–2021 yillarda uglevodorod xomashyosi qazib chiqarishni ko‘paytirish Dasturi» doirasida konlarda olib borilayotgan quduqlarni burg‘ilash, texnologik ob’yektlar va gaz quvurlari loyihalari ijrosi bilan tanishdi.
Dastur doirasidagi ishlarni amalga oshirishga «ERIELL Oilfield Services Middle East DMCC» kompaniyasi Bosh pudratchi sifatida jalb qilingan bo‘lib, Ustyurt gaz qazib chiqarish boshqarmasi konlarida yanvar-iyul oylarida 19 ta quduqlar ishga tushirilishiga erishildi.
Natijada esa, 260,1 mln kub metr tabiiy gaz qazib chiqarildi va yil yakuniga qadar yana 10 quduqlarni burg‘ilash bilan yakunlab ishga tushirish bo‘yicha ish olib borilmoqda. Bu chora-tadbirlar sabab jami 728 mln kub metr tabiiy gaz qazib chiqarishga erishiladi.
Dasturga ko‘ra tabiiy gaz qazib chiqarish hajmini ko‘paytirish, gaz konlaridan gazni kompleks tayyorlash qurilmalarigacha va qurilmalardan «O‘ztransgaz» AJ magistral gaz quvurlarigacha uzatish tizmini gaz o‘tkazish quvvatini oshirish maqsadida jami 45,4 km turli o‘lchamdagi gaz quvurlarini qurish ishlari rejalashtirilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalda ushbu rejalashtirilgan gaz quvurlaridan birinchi bosqichda 14,0 km gaz quvurlari hamda yiliga 2,0 mlrd kub metr tabiiy gazni kompleks tayyorlash quvvatiga ega bo‘lgan «Arslon» Gazni kompleks tayyorlash qurilmasi ishga tushirilgan edi.
2021 yil iyul oyida «Quyi Surgil» koni va «Arslon» konlaridan gaz qazib chiqarishni yanada ko‘paytirish, quvurlarning gaz uzatish quvvatini oshirish maqsadida «Arslon» Gazni kompleks tayyorlash qurilmasigacha qo‘shimcha diametri 426 mm li umumiy uzunligi 8,2 km, «Shimoliy Berdaq» konidan «Sharqiy Berdaq» Gazni kompleks tayyorlash qurilmasigacha diametri 325 mm li uzunligi 6,2 km bo‘lgan, jami 14,4 km gaz quvurlari qurilib ishga tushirildi.
Gaz quvuri «2017–2021 yillarda uglevodorod xomashyosi qazib chiqarishni ko‘paytirish Dasturi» doirasida ishlar Bosh pudratchi tomonidan loyiha asosida zarur quvur, quvur armaturalari yetkazib berilib, qurilish-montaj ishlari to‘liq bajarildi.
Ushbu gaz quvurini ishga tushirilishi natijasida, hozirgi kunda gaz qazib olinayotgan «Quyi Surgil», «Arslon» konlaridan va «Araliq», «G‘arbiy Quyi Surgil» kabi istiqbolli maydonlardan qazib olinadigan tabiiy gazni «Arslon gazni kompleks tozalash qurilmasi»ga uzatish, qurilmada kompleks tayyorlash imkoni yaratildi.
Mavjud quvurlarnin gaz o‘tkazish quvvatini oshirish bilan quvurlarda gaz bosimlari farqining o‘sishi, ya’ni gidravlik qarshiliklar oldi olinishi evaziga kunlik tabiiy gaz qazib chiqarish hajmi ko‘payishiga erishiladi.
Shuningdek, tashrif davomida «Arslon» va «Sharqiy Berdaq» Gazni kompleks tayyorlash qurilmalaridan «O‘ztransgaz» AJ magistral gaz quvurlariga tozalangan tabiiy gaz uzatish quvurlarining gaz o‘tkazish quvvatini oshirish maqsadida, loyihalashtirilgan 17 km uzunlikdagi diametri 530 mmli gaz quvurida olib borilayotgan qurilish montaj ishlari holati ham o‘rganildi.
Hozirgi kunga qadar gaz quvurini montaj qilish ishlari yakunlanib, gaz sarfini o‘lchash qatorlarni montaj qilish, quvur armaturalarini o‘rnatish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar joyida ko‘rib chiqildi. Mavjud kamchiliklarni barataf etish bo‘yicha mas’ullarga ko‘rsatmalar berildi.
Quvurni ishga tushirish uchun zarur material-texnik resurslarni yetkazib berish, qurilish-montaj ishlarini tezlashtirish, xususan gaz sarfi o‘lchov qatorlaridan ma’lumotlarni boshqarmaning ishlab chiqarish dispetcherlik xizmati boshqaruv pultiga, tegishli departamentlarga «onlayn» rejimida uzatishni ta’minlash yo‘lga qo‘yish bilan gaz hisobini yuritish jarayonlarini avtomatlashtirish bo‘yicha boshqarma rahbariyati, tegishli departament boshliqlariga topshiriqlar berildi.
Loyiha bo‘yicha ushbu quvurga va gaz sarfi o‘lchov qatorlariga xizmat ko‘rsatuvchi ishchi-xodimlar uchun o‘rnatilayotgan «vagon-uy»larda yaratilayotgan shart-sharoitlarni yaxshilash bo‘yicha boshqarma rahbariyati va Pudratchi tashkilot vakillariga vazifalar topshirildi.
«O‘zbekneftgaz» AJ matbuot xizmati
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter