Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Erkinjon Turdimov Samarqanddagi o‘zgarishlar haqida ma’lum qildi

Erkinjon Turdimov Samarqanddagi o‘zgarishlar haqida ma’lum qildi

Foto: «Xabar.uz»

Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimov Shanxay hamkorlik tashkilotining 22 sammitiga mezbonlik munosabati bilan murojaat yo‘lladi.

«Mazkur sammitga tayyorgarlik kecha yoki bugun emas, Prezidentimiz tomonidan ShHTning 2022 yildagi sammitini Samarqandda o‘tkazish tashabbusi ilgari surilganidan boshlangandi. Buning uchun Samarqand shahrining infratuzilmasi to‘liq yangilandi, yangi yo‘l va ko‘priklar, xiyobonlar qurildi. Rudakiy, Ibn Sino, Bo‘stonsaroy, Afrosiyob, Shohi Zinda, Sadriddin Ayniy, Registon, Panjikent, Firdavsiy, Dahbed kabi o‘ndan ortiq ko‘chalar rekonstruksiya qilindi. Usta Umar Jo‘raqulov ko‘chasi tubdan qayta qurildi. Bu ko‘chalar atrofidagi turar joy va boshqa ob’yektlar ham milliy va zamonaviy arxitektura uyg‘unligida yangidan bunyod etildi. Samarqand xalqaro aeroportining o‘ziga xos ko‘rinishdagi zamonaviy yangi terminali qurildi», deyiladi murojaatda.

Qayd etilishicha, 250 gektardan ortiq ochiq maydonda, eshkak eshish kanali atrofida «Buyuk ipak yo‘li» xalqaro turizm markazi qurildi. Bu majmuada jahon standartlariga mos mehmonxonalar va kongress markazi, «Boqiy shahar» majmuasi va yana ko‘plab boshqa inshootlar  qad rostladi. Ayni paytda esa Imom Buxoriy majmuasi qaytadan bunyod etilmoqda.

«Bu inshootlar, maydon va xiyobonlarda, ko‘chalar atrofida millionlab noyob daraxt va butalar, gullar ekildiki buning natijasida bugun Samarqand har qachongidan ko‘rkam qiyofaga kirdi», deydi Erkinjon Turdimov.

Eslatib o‘tamiz, ShHT sammitida 8 ta a’zo mamlakat – O‘zbekiston, Rossiya, Xitoy, Hindiston, Pokiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston; 3 ta kuzatuvchi maqomidagi mamlakat – Belarus, Eron, Mo‘g‘iliston va 4 ta mehmon sifatida taklif etilgan mamlakat – Turkiya, Ozarbayjon, Turkmaniston, Armaniston davlat va hukumat rahbarlari ishtirok etadi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring