Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Erkinjon Turdimov soxta hisobot bergan rahbarlarni jazolashni tavsiya qildi

Erkinjon Turdimov soxta hisobot bergan rahbarlarni jazolashni tavsiya qildi

Foto: «Gazeta.uz»

Paxtachi tumani hokimligida «Jamoatchilik nazorati» guruhlari o‘rganishi natijasiga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Bu haqda «Zarnews.uz» saytida xabar berildi.

Xabarda aytilishicha, Paxtachi tumani hokimiga kelgan 1 070 ta murojaatning 931 tasi yechimini topmagan.

Yig‘ilishda viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Erkinjon Turdimov mahalliy boshqaruv idoralari vakillarining sust faoliyatini keskin tanqid ostiga olarkan, muammolarni bartaraf etishda mutasaddilar fuqarolardan soxta tashakkurnomalar yozdirib olganini aytdi.

Jumladan, gaz ballonlari yetkazish bo‘yicha 370 ta, qishloq xo‘jaligi masalalari bo‘yicha 4 ta, ishga joylashtirishda 9 ta, tijorat banklari tomonidan 5 ta arz ijobiy hal bo‘ldi, deb yolg‘on ma’lumot berilgan.

Turdimov noto‘g‘ri ma’lumot bergan rahbarlarga ma’muriy jazo qo‘llashni tavsiya qildi.

— O‘z faoliyati mas’uliyatini his qilmay ish yuritayotgan bu kabi rahbarlar tufayli aholida ishonchsizlik kayfiyati ortib ketgan, — deb aytgan u.

Shu kunlari o‘tkazilgan «Jamoatchilik nazorati» guruhlari o‘rganishi natijasida gaz balloni yetkazish yuzasidan 1 yarim mingga yaqin murojaat kelib tushgan. Aniqlanishicha, ba’zi hududlarga 4 oydan beri to‘ldirilgan gaz balloni yetib bormagan.

Shuningdek, ishsizlik va ish xaqlari bo‘yicha 1 258 ta murojaat olingan.

Tuman hokimining sanoat va qurilish masalalari bo‘yicha o‘rinbosariga 3 300 ta, yoshlar bo‘yicha o‘rinbosarga 550 ta, investitsiya bo‘yicha o‘rinbosarga 36 ta, tuman xotin-kizlar qo‘mitasi raisiga 91 ta murojaat kelib tushgan. Ularni ko‘rib chiqish va yechimini topish uchun 5 kun muhlat berildi.

«Jamoatchilik nazorati» guruhlari dushanba kuni Qo‘shrabot tumanida ish boshlaydi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring