Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Farg‘onada 4 oyda 18 marta «fotoradar»ga tushgan haydovchidan (ayol) 10.7 mln. so‘m jarima undirildi

Farg‘onada 4 oyda 18 marta «fotoradar»ga tushgan haydovchidan (ayol) 10.7 mln. so‘m jarima undirildi

Foto:«Zarnews.uz»

Farg‘onalik 32 yashar G.M. (ayol)  shaxsiy «Neksiya-3»ini  «uchirtirib» yurishni xush ko‘radi, chog‘i. Yo‘qsa, 4 oyda 18 marta «fotoradar»ga «bezak» bo‘larmidi?! Birinchi marta  (2020-yil 1-mart) Yozyovon tumanida harakatlanib ketayotgan vaqtida yo‘l harakati qoidasini buzgani qayd etilgandi.  2020-yil 18-iyun kunigacha ular soni 18 taga yetdi. G. M.ning oxirgi (oxirgimikan?) qoidabuzarligi Toshkent viloyatining Ohangaron tumanida  aniqlangan.

Shuncha qoidabuzarligiga qaramay jarimalarni vaqtida to‘lamaganiga nima deysiz?! Natijada barcha «jarima qog‘ozlari»  MIB Farg‘ona shahar bo‘limiga oshirildi.

Hisob-kitob qilingandiki, 18 ta qoidabuzarlik natijasida yig‘ilib qolgan jarimalar miqdori 10 mln. 700 ming so‘mni tashkil qildi. MIBchilar unga  15 kunlik ixtiyoriy muddat berdi.  Shundayam uning jarimalarni to‘lash siyoqi ko‘rinmadi. Yuraverdi. Pichoq suyakka yetgach,  «Neksiya-3» jarima maydonchasiga tiqib qo‘yildi.

Natija? O‘sha kunning  o‘zidayoq  qarzdor jami jarimani shaqqilatib to‘ladi.

Bilasiz, O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 332-1-moddasida huquqbuzar tegishli qaror qo‘liga tekkanidan  o‘n besh kun ichida jarima miqdorining yetmish foizini ixtiyoriy ravishda to‘lasa, qolgan qismini to‘lashdan ozod etilishi belgilangan. Ya’nikim, G. M. qonunda belgilangan ushbu imtiyozdan foydalanganida  2 mln. 510 ming so‘m mablag‘ tejashi mumkin edi. Bu hali hammasi emas. Qoidabuzar  ijro hujjatini o‘z vaqtida bajarish chorasini ko‘rmaganligi uchun unga nisbatan  2. mln 230 ming so‘m ma’muriy jarima jazosi ham qo‘llanildi. Bu esa G. M. jami jarimalarni to‘lashdan tashqari  qo‘shimcha 2 mln. 230 ming so‘m  majburiy chiqim qilganini anglatadi.

Yana bir gap. Puli borlarning million-million jarimadan «beli chiqmas», ehtimol. Biroq har bir yo‘l harakati qoidalarini buzish - inson o‘zi va atrofdagilarning hayotiga xavf tug‘dirish demakdir. Shu oddiy haqiqatni kim-kim, AYoL kishi anglamasligi karrasiga og‘riqlidir.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring