Farg‘onada kadastr xodimi jinoyat ustida qo‘lga olindi
Kadastr agentligining Farg‘ona viloyati Rishton tumani bo‘limi bosh inspektori korrupsion xatti-harakatiga chek qo‘yildi.
Dastlabki surishtiruv jarayonida kadastr agentligi bosh inspektori fuqaroning yashash hududida qo‘shimcha yer maydoni qo‘shib olingani va u o‘zboshimchalik egallab olingan yerda qurilish qilgani uchun 84 mln so‘m jarima solinishini bildiradi. Shundan so‘ng, bosh inspektor fuqaroga bu vaziyatdan oson qutulish yo‘lini ko‘rsatib, unga jarima qo‘llamaslik hamda yerni qonuniylashtirib berish evaziga 400 AQSh dollari talab qiladi.
DXXning Farg‘ona viloyati bo‘yicha boshqarmasi hamda boshqa huquq-tartibot idoralari hamkorligida fuqaro arizasi asosida o‘tkazilgan tezkor tadbirda bosh inspektor talab qilingan mablag‘ni o‘z xizmat joyi binosi oldida olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Shuningdek, qurilish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi xususiy korxona 2025-yilning oktyabr oyida «Farg‘ona suv qurilish invest» davlat muassasasining ma’muriy binosida 850 mln so‘mlik mukammal ta’mirlash ishlarini amalga oshirish uchun o‘tkazilgan shaffof tender tanlovida g‘olib chiqadi. Biroq, ushbu davlat muassasasi bosh muhandisi va boshqalar o‘zaro til biriktirib, xususiy korxonada mukammal ta’mirlash ishlarini boshlash uchun ruxsat berish evaziga xususiy korxona rahbaridan 5500 AQSh dollari talab qilishadi.
Mazkur xolat bo‘yicha o‘tkazilgan tezkor tadbirda yuqoridagi shaxslar 5 ming AQSh dollarini olgan vaqtlarida ularning noqonuniy xatti harakatlari fosh etildi.
Ayni paytda mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter