Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Farg‘onada o‘nlab bog‘chalarga sifatsiz go‘sht mahsulotlari yetkazib berilgani aniqlandi

Farg‘onada o‘nlab bog‘chalarga sifatsiz go‘sht mahsulotlari yetkazib berilgani aniqlandi

Farg‘ona viloyati shahar va tumanlaridagi 823 ta maktabgacha ta’lim muassasasiga yetkazib berilayotgan go‘sht mahsulotlarining iste’molga yaroqliligi, sifati va o‘z vaqtida yetkazib berilishi yuzasidan o‘rganish olib borildi. Bu viloyat hokimi Xayrullo Bozorovning topshirig‘iga asosan amalga oshirilgan.

O‘rganish natijasida Beshariq tumanida 15 ta, Quva tumanida 9 ta, Marg‘ilon shahrida 8 ta, Quvasoy shahrida 6 ta, Farg‘ona shahrida 2 ta, Oltiariq va Farg‘ona tumanlarida 1 tadan maktabgacha ta’lim tashkilotiga yetkazib berilgan go‘sht mahsulotlarining sifati qoniqarsiz ekani, tarkibida suyak va mol yog‘i miqdori belgilangan me’yor talablaridan yuqori ekani aniqlandi.

Xususan, Farg‘ona shahrida va  Farg‘ona tumanida «Volida» f/x tomonidan,  Beshariq tumanida «Oybek Aziya chorva» d/x hamda «Business Company Invest» MChJ tomonidan, Marg‘ilon shahrida «Qubbo tayyorlov ta’minoti» MChJ tomonidan, Quva tumanida «Isaqjon Tojiboyevich Toshboyev» d/x, «Qubbo tayyorlov ta’minoti» MChJ, «Ideal panper» MChJ hamda «Quva shukronasi» MChJ tomonidan MTTlarga yetkazib berilgan muzlatilgan go‘sht mahsulotining  sifatsizligi hamda tarkibida suyak va mol yog‘i miqdori belgilangan me’yor talablaridan yuqori ekani, ba’zi hollarda muzdan erishi oqibatida ortiqcha suv ajralib, taom sifatiga ta’sir qilayotgani ma’lum bo‘ldi.

Ushbu ta’minotchilarga qonun doirasida tegishli choralar ko‘riladi. Shuningdek, bu masalada ushbu  shahar va tumanlar maktabgacha ta’lim bo‘limlari rahbarlarining hamda sifatsiz go‘sht mahsulotlarini qabul qilib kelgan bog‘cha mudiralari bilan bog‘liq manfaatlar to‘qnashuvi hamda korrupsiya holatlari mavjud yoki mavjud emasligi yuzasidan tekshiruv o‘tkaziladi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring