Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Farzandlarimizni og‘ir iqlim sharoiti kutmoqda

Farzandlarimizni og‘ir iqlim sharoiti kutmoqda

Foto: «Xabar.uz»

Yaqinda o‘tkazilgan tadqiqotlarga ko‘ra, 2021 yilda tug‘ilgan bolalar ularning 60 yil avval tug‘ilgan bobo va momolariga nisbatan 7 marta ko‘p anomal issiqlik to‘lqinlarini, ikki barobar ko‘p o‘rmon yong‘inlarini va qariyb uch barobar ko‘p qurg‘oqchilik holatlarini boshidan kechiradilar.

Ushbu ma’lumotlarni Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti Bosh kotibi Xelga Shmid  keltirdi.

Iqlim inqiroziga yechim topish davrimizning kechiktirib bo‘lmas ustuvor vazifasi ekanini YuNISEFning Yevropa va Markaziy Osiyo mamlakatlari bo‘yicha mintaqaviy direktori Afshan Xan ham tasdiqladi. Uning aytishicha, u vakillik qilayotgan mintaqalarning o‘zida 198,5 million nafar bola ekologiya va atrof-muhit bilan bog‘liq turli tahdidlardan aziyat chekmoqda.

«Zamin» fondi va YuNISEF tomonidan Butunjahon bolalar kuniga bag‘ishlab gibrid formatda «Bolalarning sog‘lom atrof-muhitga bo‘lgan huquqlarini ta’minlash» mavzusida ushbu xalqaro forumda «Zamin» fondi Vasiylik kengashi raisi Ziroat Mirziyoyeva ham nutq so‘zladi.

— O‘zbekistonning Bolalar, yoshlar hamda iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish harakatlari to‘g‘risidagi deklaratsiyaga qo‘shilganini chin dildan olqishlaymiz. Bu muhim qadam, mamlakatimiz bolalarning tom ma’noda hayoti uchun, yorqin kelajagi uchun kurashishga sodiqligining belgisi. Sog‘lom sayyora, toza havo, xavfsiz muhit. Aynan shular bolalarning voqeligiga aylanishi shart.

Biz  shunchaki qarab tura olmaymiz. Har birimizning hissamiz, tabiat uchun qilgan har bir harakatimiz barqaror atrof-muhitga erishish yo‘lida muhim o‘rin tutadi. Faqatgina birgalikdagi sa’y-harakatlarimiz va aniq amallarimiz bilan ushbu maqsadga erishishimiz mumkin, – dedi «Zamin» fondi Vasiylik kengashi raisi.

Qayd etilishicha, O‘zbekiston MDH hududida ushbu deklaratsiyaga qo‘shilgan birinchi davlat bo‘ldi.

Deklaratsiyada hukumatlarning iqlimga doir siyosatda va harakatlarda bolalarning huquq va manfaatlarini barcha darajalarda izchil hisobga olish borasidagi qator majburiyatlari aks etgan.

— Lekin muammo shundaki, ushbu huquq haqidagi ilhombaxsh gaplar va butun dunyodagi millionlab bolalar kundalik hayotida duch kelayotgan voqelik o‘rtasida katta tafovut mavjud. Ifloslangan havo har yili 600 mingdan ziyod bolaning hayotiga zomin bo‘lmoqda; yuz millionlab bola xavfsiz ichimlik suvi va to‘yib ovqatlanish imkoniyatidan bahramand bo‘la olmayapti; bolalar ularning rivojlanish jarayonlariga ziyon yetkazishi va hayotiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan qo‘rg‘oshin va simob kabi toksik kimyoviy moddalar ta’sirini boshidan kechirmoqda, – dedi BMTning inson huquqlari va atrof-muhit masalalari bo‘yicha maxsus ma’ruzachisi Devid R. Boyd.

Ekologik tahdidlarga qarshi turish uchun yechimlardan birini BMTning Atrof-muhit bo‘yicha dasturi (YuNEP) Inger Andersen taklif qildi:

— Biz birlashib, iqlim, tabiat o‘zgarishi, atrof-muhitning ifloslanishiga qarshi kurashish bo‘yicha barcha dasturlarni birlashtirish uchun zarur choralar ko‘rishimiz lozim. Atrof-muhitni nazorat qilish bo‘yicha qo‘limizdan kelgan eng salohiyatli sifat standartlarini belgilash va joriy qilishimiz kerak. Atrof-muhitni himoya qilish harakatlarini ilgari surish uchun kesishuv nuqtalarini topishimiz kerak. Toki yoshlarning ovozi eshitilsin. Sayyoraga zarar yetkazishdan olingan moliyaviy oqimlar uning farovonligiga yo‘naltirilsin. Bolalarimizga barqaror kelajak huquqini taqdim etish uchun zarur barchasini qilishimiz lozim, – dedi u.

Ma’lumot uchun: Butunjahon bolalar kuni 1954 yilda e’lon qilingan va har yili 20 noyabr kuni nishonlanadi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring