Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Feysbuk va tvitterda sahifalarim bor — Hokim

Feysbuk va tvitterda sahifalarim bor — Hokim

Andijon viloyati, Baliqchi tuman hokimi Jasurbek Abdurayimov 2020 yilda amalga oshirilgan asosiy ishlar yakuni va 2021 yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha xalqqa hisobot berdi. Hisobotdan so‘ng tuman Xalq deputatlari kengashi hokimni savolga tutdi.

— Hozirgi vaqtda aholini qiynayotgan eng og‘riqli nuqtalardan biri — gaz masalasida savol bermoqchiman. Tuman mahallalarining necha foizi tabiiy gaz bilan ta’minlangan va qanchasiga suyultirilgan gaz yetkazib berilmoqda.
— Tumanda 36 mingga yaqin xonadon bor, shundan 26 mingtasiga suyultirilgan gaz yetkazib beriladi, yana 10 mingta xonadon tabiiy gaz bilan ta’minlangan. Aholi qulayligi uchun gaz balon tashiydigan ikkita yuk avtomobili sotib olindi. Shuningdek fuqarolarga 34 mingdan ortiq gaz balonlari yetkazib berildi. Oqqo‘rg‘on mahallasidagi ko‘pqavatli uylarga tabiiy gaz liniyasi tortilyapti. Bu borada ishlar yurishib qolgan, quvur masalasi hal bo‘lgan va tez kunlarda tabiiy gaz yetkazib beriladi.

— Maktablarda raqamlashtirish va masofadan ta’limga e’tibor katta. Buning uchun sifatli internet kerak bo‘ladi. Shu masalada ish qanday ketmoqda?
—Qaysi mahallaga borib, xalq bilan uchrashmaylik, yoshlarning birinchi savoli shu bo‘ladi — mahallaga qachon optik tolali internet yetib keladi? Ta’kidlash joiz, tumandagi 59 ta maktabdan 23 tasi optik tolali internet bilan ta’minlangan. 2021 yilda yana 33 ta maktab to‘liq internet bilan ta’minlanadi. Tumandagi eng chekka hududlarga ham internet yetkazishni maqsad qilib olganmiz, bu borada soha mutaxassislari ish olib bormoqda.

— Xususiy shifoxona va bog‘chalar samarali faoliyat olib bormoqda. Ammo umumiy o‘rta ta’lim maktalari orasida xususiysi yo‘q. Bu bo‘yicha qanday reja bor?
— Ma’ruzada ham aytilganidek, maktablar masalasida darhaqiqat davlat sherikchiligi asosida ish amalga oshirilmagan. Yaqinda tumanda birinchi xususiy maktab ochiladi, hozir qurilish ishlari olib borilyapti. Kelasi yilning 1 sentyabrida maktab ochiladi. Ikki hafta oldin viloyat hokimligida o‘tkazilgan tadbirda «Imomov akademiyasi» loyihasi taqdim etildi. Unga ko‘ra bolalarni bog‘chadan tortib oliy ta’lim muassasasiga qadar tayyorla beradigan xususiy tizim joriy etiladi.

— Tuman hokimi sifatida oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash uchun nimalar qildingiz? Bozorda narx sun’iy ravishda oshib ketmaydimi?
— Tumanimiz katta hududda joylashgan va iqtisodi asosan qishloq xo‘jaligiga ixtisoslashgan. Sanoat korxonalari qurish endi boshlanmoqda. Tumandagi 89 foiz yerga paxta ekiladi. Qolgan 564 gektar yer bog‘dorchilikka, 784 gektari esa sabzavotchilikka ajratilgan. Shu sababli tumanda oziq-ovqat xavfsizligi masalasi juda muhim. Rejaga ko‘ra biz 4200 tonnadan ortiq oziq-ovqat mahsuloti jamg‘arishimiz kerak edi. Shundan 2200 tonnasi kartoshka bo‘lishi lozim. Tumanda eng katta muammo — kartoshka. Biz bu mahsulotni chetdan import qilamiz. Hozir omborlarimizda 1800 tonna kartoshka bor. Yana 400 tonna olib kelish uchun tadbirkorlarga kredit berilgan. Bugungi kunga qadar lozim bo‘lgan mahsulotlarning 80-85 foizini jamg‘arib qo‘yganmiz. Bu borada hech qanday muammo bo‘lmasligi kerak.

— Yoshlar ishlagani uchun xorijga ko‘p chiqib ketmoqda. Bu masalada fikringiz qanday?
— Afsuski xorijga, xususan Rossiyaga ketgan hamma yoshlar ham yaxshi ish topa olmaydi. Shu sababli karantin boshlangan vaqtdayoq 17 gektar maydonda yoshlar bog‘i tashkil qildik va yoshlarga 10 sotixdan bo‘lib berdik. Bundan tashqari bug‘doydan bo‘shagan maydondan yer ajratib berildi. Shu yilning o‘zida 700 dan ortiq yoshlarga turli dasturlar orqali tadbirkorlik ishlarini boshlashi uchun imtiyozli kreditlar ajratildi. Albatta hali yoshlar oldida qarzimiz katta.

— Tumanda 178 nafar uysiz ayollar bor. Ularga qanday yordam berilmoqda?
— Aslini olsak, hokim qabuliga kelayotganlarning 50 foizi uy-joy va moddiy yordam bo‘yicha murojaat qiladi. Yaxshi ham sahovatli insonlar bor va homiylar ko‘magida uy-joy bilan ta’minlashga intilmoqdamiz. O‘tgan yili 20 ta uy qurib berilgan edi, joriy yilda 6 ta uy qurildi. Nogironligi bor, yolg‘iz ayollarning 18 nafariga ko‘p qavatli uylar uchun dastlabki to‘lov to‘lab berildi. 2021 yilda Baliqchi tumanida ham xuddi Sardobada qurilgani singari 4 ta besh qavatli arzon uylar tiklanishi rejalashtirilgan. Umumiy jihatdan 290 ta oilani uylik qilishni rejalashtirganmiz.

— Tumanda elektr energiyasi o‘chib qolishi holatlari uchrab turibdi. Bu borada nimalar qilmoqdasiz?
—Afsuski karantin tufayli o‘z vaqtida simyog‘ochlarni almashtirishning iloji bo‘lmadi. Ammo og‘ir ahvoldagi hududlarga 34 ta yangi transformator o‘rnatildi. Qish erta kelgani va avariyalar noyabr oyida mahallalarda kuniga 4 soatdan 6 soatgacha chiroq o‘chib turdi. Hozir hammasi izga tushgan va barcha hududlarda chiroq o‘chishi grafigi tuzilgan. Eng chekka joylarda ham ikki soatdan ko‘p elektr energiyasi o‘chmayapti. Tushunishingizni so‘ragan bo‘lardim, 25 yillik muammoni darhol hal qilish juda qiyin. Joriy yil 34 ta transformator almashgan bo‘lsa, kelasi yil mahalliy budjet hisobidan 20 ta transformator o‘rnatilishi rejalashtirilgan.

— Tuman qizil hududda ekan, ammo mahalliy budjet tushumlari rejasidan 4 milliard so‘m orttiribsiz. Pandemiya vaqtida tadbirkorlarga turli imtiyozlar berildi. Tumaningiz qizil hududga kiritilgan bo‘lsa, tadbirkorlarda imtiyoz bo‘lsa, 4 milliard so‘m pul qayerdan keldi?
— Hokim bo‘lganimga 2,5 yil bo‘ldi va bu vaqt oralig‘ida 60 dan ortiq loyihalar amalga oshirildi, 7 mingdan ortiq ish o‘rinlari yaratildi. Yangi ochilgan korxonalar daromad solig‘i to‘ladi. Bundan tashqari qishloq xo‘jaligidan tushum mavjud. Boz ustiga yil boshida, hali pandemiya boshlanmay turib tumanga 101 milliard so‘mlik budjet tushumini bajarish talabi qo‘yilgandi, karantin tufayli ushbu talab 75 milliard so‘mga tushirildi. Shu sababli budjet daromadlarini orttirib bajardik.

— Tuman matbuot xizmati yetarlicha yangiliklar tarqatmayapti. Bu bo‘yicha nima deysiz?
— Axborot xizmati ishini yaxshilashga harakat qilyapmiz, mana yangi matbuot kotibi ishga oldik. Telegramda tumanimiz kanali ishlab turibdi, bir yarim mingta obunachimiz bor. Shaxsan o‘zim Feysbuk, Tvitter va boshqa ijtimoiy tarmoqlarda sahifaga egaman. Imkon qadar yangiliklarni berib borishga harakat qilyapmiz.

— Tumanda korrupsiya bilan bog‘liq vaziyat qanday?
— O‘tgan yili mansadbor shaxslar tomonidan korrupsiya bilan bog‘liq holatlar 12 ta edi, bu yil 24 ta jinoyat fosh etildi. Bulardan 6 tasi mulkni o‘zlashtirish, 9 tasi poraxo‘rlik va yana 9 tasi savdo qoidalarini buzish bilan bog‘liq. Jinoyatning oldini olish uchun targ‘ibot-tushuntirish ishlari olib borilmoqda. Prokuratura va adliya xodimlari aynan jinoyat ro‘y bergan idoralarga ko‘proq e’tibor berishdi. Jinoyatga sabab — huquqbuzarlikning oqibatlarini tushunib yetmaslikdir. Shuni mansabdor shaxslarga yetkazish uchun kelgusi yilda tumanda yuridik maslahat xonalari ochiladi.

Ma’lumot uchun: Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan ilk marotaba hokimlar keng jamoatchilikka 2020 yilda amalga oshirilgan asosiy ishlar yakuni va 2021 yildagi ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning eng ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlangan murojaatnoma bilan chiqishlar qilmoqda. Xabar.uz axborot tahliliy portali ushbu murojaatlarda ko‘rsatilgan ishlar ko‘lamini o‘rganishda davom etadi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring