Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Fohisha millionli jarimani «qanday» to‘laydi?!

Fohisha millionli jarimani «qanday» to‘laydi?!

Foto: VVS

Shu kunlarda turli ommaviy axborot vositalarida reydlar tashkil etilayotgani natijasida fohishalik bilan shug‘ullanayotganlar aniqlangani haqida xabarlarga ko‘zimiz tushmoqda. Albatta, hech bir qonunbuzarlik jazosiz qolmaydi. Yagona qoida – barcha qonun oldida barobar. Bu kabi xabarlar orasida fahsh ishlar bilan shug‘ullanayotganlar haqidagi maqolalar ham ko‘p uchrab turibdi.

Jumladan 23 aprelda «Xabar.uz» saytida «Gulistonda fohishalik bilan shug‘ullanayotgan fuqarolar aniqlandi» nomli Sirdaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasi axborot xizmatining maqolasi e’lon qilindi.

Ming afsuski, unda fohishalarning manzili, tug‘ilgan yili, qo‘lga tushgan qiz va yigitlarning rasmlarigacha e’lon qilingan. To‘g‘ri, rasmlarda yuz qiyofasi hamda ismi-sharifi yashirilgan tarzda berilgan. Lekin, bu xabarni o‘qigan ularning yaqinlari rasmdagilarni tanib olishlari muqarrar.

«Mazkur holat yuzasidan Guliston shahar IIO FMB HPB tomonidan fuqaro Ya.N.ga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 54-modda 2-qismi, 190-modda 2-qismi asosida ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, to‘plangan hujjatlar Guliston shahar ma’muriy sudi tomonidan ko‘rib chiqildi. Sud hukmi bilan huquqbuzar Ya.N.ga Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 54-moddasi 2-qismi bilan bazaviy hisoblash miqdorining 20 (yigirma) barobari, ya’ni 4.460.000 so‘m miqdorida jarima, 190-moddasi 2-qismi bilan 5 (besh) sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlangani» yoziladi.

Muqaddas dinimiz asosi Qur’oni Karimning Isro surasi, 32-oyatida shunday bayon qilingan: «Zinoga yaqinlashmanglar! Chunki bu buzuqlik va eng yomon yo‘ldir». Robbimiz ham biz bandalariga fahsh ishlardan saqlanishni qatiy buyurgan.

O‘zbekiston Respublikasi tegishli kodekslarida javobgarlik masalasi aniq-tiniq qilib belgilab qo‘yilgan. Ammo mening e’tiborimni boshqa narsa tortdi. Nazarimda, bunday mazmundagi xabarlarni tarqatishdan oldin chuqurroq mushohada qilish lozim.

Maqolani o‘qigandan keyin o‘tkazilayotgan reydlardan asosiy maqsad go‘yoki ulardan ma’lum miqdordagi jarima undirish-u bir necha sutkaga qamoq bilan jazolashmikan, degan xayol o‘tadi.

Jazo bilan bu muammo yechim topadimi, qolaversa, ular haqidagi ma’lumotlar bu qadar ochiq-oshkor berilishi ularning ahloqu odobiga qaytganga salbiy ta’sir ko‘rsatmaydimi? Ota-onasi-ku mayli, aybning bir qismi zimmasida, lekin yaqin qarindoshlar, begunoh farzandlar va qarindoshlar, qo‘ni-qo‘shnilar qay ahvolda qoladi? Ularning bir umrlik ruhiy tushkunlikka solib qo‘ymaymizmi?

Bu o‘rinda biz oilasini boqa olmagan, karantin paytida hatto mardikor bo‘lib ishlashga ham ilojsiz ayolning qonuniy yo‘l bilan pul topish imkoniyatini yaratish haqida uylashimiz kerak emasmi?

Xo‘sh, badnafsini qondirish uchun ayolning uyiga qadam qo‘ygan yoki uyiga chorlagan «er yigitlar»ni kim deb atash mumkin? Yigitlarning oila oldidagi mas’uliyati, or-nomusi va g‘ururi qani? Aslida bunaqa «kapalaklar» ko‘payishiga belida belbog‘i bo‘lmagan erkaklarning o‘zi sababchi emasmi? Ayollarimiz nima sababdan chet ellarga chiqa boshladi? Oilasidagi yetishmovchikdan, farzandining och qolganidan emasmi?

Muqaddas ro‘zai ramazon oyida bu kabi ayollarni fahsh yo‘ldan qaytarib, ularni foydali mehnatga jalb etish, agar bu noqonuniy harakati ilojsizlik ortidan kelib chiqqan bo‘lsa, saxovat ko‘rsatib, ro‘zg‘orini ta’minlashga ko‘maklashish to‘g‘riroq bo‘lmasmidi.

Bir manbada keltirilishicha, qizlar ona qornidan yengiltak yoki tarbiyali bo‘lib tug‘ilmas ekan. Ularning odobi va xulqi oilada, undan keyin jamiyatda kamol topib boradi. Bu kabi sayoqlar oilada savob-gunoh nimaligini bilmay katta bo‘lgandir.

Ehtimol, reyd qurbonlari orasida birinchi marotaba yo‘ldan adashib, «bu ishga» bosh suqqanlar ham bordir. O‘zi mushkul vaziyatda qolgan bo‘lsa, buning ustiga olamga jar solib, sharmanda qilinsa, pul topish dushvor bo‘lib qolgan paytda, 4-5 million jarima «bo‘yniga ilinsa» kimga foyda-kimga zarar. Agar iqtisodiy imkonsiz bo‘lsa, bu jarimani to‘lash uchun yana «nimalar qilmaydi» deysiz.

Albatta, men jinsiy xizmatlar savdosi, qo‘shmachilikni oqlash pozitsiyasida emasman.

Axir o‘zbek ayoli eng qiyin vaziyatda ham, yillarga cho‘zilgan urush davrlarida ham o‘z vijdonini, or-nomusini, sharm-hayosini va iffatini saqlagan, opa-singillarimiz va onalarimiz o‘zlarining mislsiz sabr-bardoshi va sadoqati bilan ham hurmatli va qadrli bo‘lib kelganlar.

Shunday sinovli kunlarda mahalliy tadbirkorlarimiz o‘z ixtiyorlari ila ko‘pgina xonadonlarni ma’lum muddatga oziq-ovqat mahsulotlari bilan, keyinchalik ish o‘rinlari bilan ta’minlashlari bo‘yicha tashabbus bilan chiqishdi. Buni ham savobli ishlar qatoridagi eng yaxshisi, deb atashimiz mumkin.

Aynan fohishalik bilan shug‘ullangan, yo‘ldan adashgan, asl maqsadi boshqa bo‘lgan xotin-qizlarni to‘g‘ri yo‘lga boshlash, ularga psixologik ko‘mak berish, muammosiga jo‘yali yechim topib, gunohlardan qaytarish yo‘llari haqida ko‘proq bosh qotirishimiz kerak nazarimda.

Manija Bahriyeva
jurnalist

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring