Fotoaybnoma! Pochcha va er... sotiladi!
Yaqinda bir notanish muallif internetdagi yozishuv orqali menga murojaat qilib qoldi: «Sizda kitob chiqarmoqchiydim, qancha ganaral berasiz?». Bu savolga savol bilan javob qaytardim: «Ganaral degani nima?». Uni xijolatga qo‘ydim, bilaman, biroq shunday ish tutishim, xato yozayotganiga shama qilishim kerak edi. «Gonorar» so‘zini to‘g‘ri yoza olmaydigan muallifning kitobi qanday bo‘lishi mumkin, o‘ylab ko‘ring!
Biz tevarak-atrofdagi, korxona-tashkilot, muassasalar, ijtimoiy tarmoqdagi xato yozuvlar, bitiklar, shiorlardagi noto‘g‘ri qaydlarga shu qadar o‘rganib qoldikki, aksar hollarda buni tabiiy qabul qila boshladik. E’tiborsiz, loqaydga aylandik. Ehtimol, xatolar haqida gapiraverib, yozaverib, natija chiqmagach, hafsalamiz pir bo‘lgandir. Shunchaki qo‘l siltab qo‘ygandirmiz! Axir gazetalar, TV, radio va saytlar bu mavzuda chiqish qiladi va tanqidlar qumga singib ketgandek yo‘q bo‘ladi!
Eng achinarlisi, g‘aliz nomlanishlar, qo‘pol imloviy xatolar, kulgili darajadagi qaydnomalar davlat idoralarida ham uchramoqda. O‘zbekiston madhiyasi matni muallifini «Abdulla Qurbonov so‘zi» deb yozish qaysi aqlga sig‘adi? «Ta’lim muassasalari rahbari»ni «Ma’lim muassasalari rahbari» tarzida tayyorlash nimadan dalolat beradi? Nahotki savodsizlik shu darajaga yetgan bo‘lsa?
Qaratqich va tushum kelishigi qo‘shimchalaridagi tavofutlar borligi haqida deyarli unutdik. Ayniqsa, «H» va «X» (lotin yozuvidagi «N» bilan «X») almashinuvi ayrimlar uchun doimiy, muqim holat bo‘lib qoldi. Hatto bir yigit mazkur harflarda farq yo‘q deb hisoblab, ijtimoiy tarmoqda fleshmob uyushtirishgacha bordi. Vaholanki, «xabar»ni hech qachon «habar» demaymiz! Yoxud «hurmat»ni «xurmat», «hukumat» «xukumat» deyish, yozish to‘g‘ri emas!
Talabalik davrimiz esimda. Darsdan so‘ng o‘sha paytda ancha ommalashgan videobarlarga kirib, yangi kinofilmlarni tomosha qilardik. Bu dargohda kino qo‘ygichlar oddiy qora taxtachaga bo‘r bilan film nomini yozib qo‘yishardi. Bir kuni qarasak, oddiy rus yigiti film nomini yozgan bolaga imloviy xatolarini ko‘rsatib, bittalab tuzattirayapti. Natijada «Paliseyski iztoria» o‘rniga Jeki Channing o‘zi ko‘rsa ham xursand bo‘ladigan «Politseyskaya istoriya» jumlasi paydo bo‘ldi.
Bugun ham ko‘cha-ko‘ydagi, tashkilot, idoralardagi imloviy xatolarni bartaraf etadigan, mazkur masalada rasman murojaat qiladigan fidoyilar bor, biroq afsuski ular barmoq bilan sanarli! Xatolarni nazorat qiladigan mas’ul idora haqida esa aniq bilmaymiz. «Ma’naviyat va ma’rifat» markazimi? (Xatosiz yozish ham ma’naviyatning bir belgisi) Madaniyat vazirligimi? (Madaniyatning ham ko‘rinishi bu) Umuman, nazorat qilinadimi xatolar? Qat’iy choralar ko‘riladimi? Qonun doirasida jazolanadimi, jarimalar solinadimi?
To‘g‘risi, xato yozuvlar uchun qanday jazo qo‘llanishi mumkinligini mening o‘zim ham bilmayman. Agar xuddi svetoforning qizil chirog‘idan o‘tib ketgan haydovchi muqarrar va muayyan stavkada jazolanishi kabi aniq jazo choralari belgilanganida mutasaddilar imloviy xatolarga ham mutlaqo jiddiy yondashgan bo‘lardilar. Aslida hamma vaqt, har qachon har qanday ishga vijdonan yondashish kerak, xolos. Odamlar, ayniqsa rahbarlar qonundan qo‘rqishi emas, unga hurmat bilan munosabatda bo‘lishlari lozim. Biz qonun-qoidani, ma’lum me’yorlarni buzish ona yurtga, fuqarolarga hurmatsizlik ekanligini anglab yetsak, tartib-intizom, mezonlarga ham rioya qilamiz.
Xatolar bobida xususiy firmalar, AYoQSh, dorixona, do‘konlardagi yozuvlarni aytmay qo‘ya qolaylik. Xuddi kalaka qilgandek yozaverishadi. Aksar hollarda bu ish kompyuterchi yoki dizaynerga ishonib topshiriladi, vassalom! U esa ko‘chaning jargonida yozib yuboradi. Lotin yozuvidagi xatolar hatto maktablarda ham uchramoqda. «Axboratnoma», «Javohallar» deb yoziladigan dargohda o‘quvchi qanday bilim olsin, savodini oshirsin?
Har qanday tashkilot mutasaddilari yozish, yozdirishdan oldin matnni biror savodli o‘qituvchi, ziyoli yoki jurnalistga ko‘rsatsa bo‘lmasmikan? Yo‘q, buni xayollariga ham keltirmaydilar. Vaholanki, ishlar savodxonlik asosida tashkil etilsa, bu eng avvalo o‘sha muassasaning ham obro‘si!
Masalaga jiddiy yondashish fursati kelgan. Aks holda 27-yilda ham ko‘nikishda davom etaveramiz. Natijada yana hozirgidek «kalla-pocha» o‘rniga «kala pochcha», «yer sotiladi» o‘rniga «er sotila(vera)di»!
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter