Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Fransiyada Mirzo Ulug‘bekka haykal o‘rnatildi

Fransiyada Mirzo Ulug‘bekka haykal o‘rnatildi

Foto: Dunyo AA.

O‘zbekiston va Fransiya o‘rtasida hududlararo diplomatiyani rivojlantirish doirasida Yevropaning aviakosmik poytaxti - Tuluza shahrida joylashgan Fransiya Fuqarolik milliy aviatsiyasi instituti hududida buyuk astronom olim, matematik va davlat arbobi Mirzo Ulug‘bek haykali ochildi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA agentligi.

Tuluza shahrida Mirzo Ulug‘bek haykalining tantanali ochilish marosimida O‘zbekistonning Fransiyadagi elchixonasi, Samarqand viloyati hokimligi delegatsiyasi, Tuluza shahri meriyasi, Fransiya kosmik tadqiqotlar instituti, Fuqarolik milliy aviatsiyasi instituti rahbariyati va ushbu mamlakatning ilmiy-akademik, madaniy va ishbilarmon doiralari vakillari ishtirok etishdi.

Tantanali tadbirda so‘zga chiqqan O‘zbekiston elchisi Sardor Rustambayev, buyuk ajdodimiz merosini targ‘ib etish maqadida bunyod etilgan ushbu yodgorlik O‘zbekiston va Fransiya o‘rtasida diplomatiya munosabatlari o‘rnatilganining 31 yilligi doirasida o‘tkazilayotgani ramziy ma’noga ega ekanligini ta’kidlar ekan, Mirzo Ulug‘bekning jahon tamadduni rivojlanishiga qo‘shgan hissasi, xususan, astronomiya sohasidagi ulkan kashfiyotlari to‘g‘risidagi fikrlarini o‘rtoqlashdi.

Fransiya Fuqarolik milliy aviatsiyasi instituti bosh direktori Olive Shansu, o‘z navbatida, Mirzo Ulug‘bek haykali uchun O‘zbekiston hukumatiga minnatdorlik bildirdi. Uning aytishicha, ushbu yodgorlik orqali ko‘plab fransiyalik talabalar aviatsiya sohasida o‘ta muhim hisoblanadigan matematika, fizika, astronomiya kabi fanlar rivojida Mirzo Ulug‘bekning muhim o‘rni borligini bilib olishadi.

Ta’kidlash kerakki, Mirzo Ulug‘bek haykalini Tuluza shahrida o‘rnatish borasidagi kelishuv O‘zbekistonning Fransiyadagi elchixonasining 2020-yilda Tuluza shahri meriyasi rahbariyati bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvi doirasida muhokama qilingan.

Mirzo Ulug‘bekning misdan barpo etilgan haykali muallifi - samarqandlik haykaltarosh Umirzoq Sharipov. Ushbu yodgorlikning bo‘yi 240 santimetrni tashkil etadi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring