Germaniyalik mashhur siyosatshunos va olim O‘zbekistonda trening o‘tkazmoqda
Media sohasidagi germaniyalik mutaxassis Yurgen Vermzer «Oila» ilmiy-amaliy tadqiqot markazi taklifiga ko‘ra O‘zbekistonga keldi. Bu haqda markaz matbuot xizmati xabar berdi.
Nemis iqtisodiyoti va xalqaro hamkorlik fondining Bosh ekspertlar xizmati (SES) eksperti, falsafa fanlari doktori, siyosatshunos va olim bo‘lgan Vermzer joriy yilning 11-fevraliga qadar Toshkent, Farg‘ona va Buxoro shaharlarida bo‘lib, «Oila» ilmiy-amaliy tadqiqot markazi xodimlari, jurnalistika sohasida ta’lim olayotgan yoshlar, magistrantlar, ilmiy tadqiqotchilar, shuningdek, oila masalasini yoritishga ixtisoslashgan ommaviy axborot vositalari xodimlari, blogerlar bilan uchrashadi. Tashrif doirasida u bir qator davra suhbatlari, seminar-treninglar hamda mahorat darslarini o‘tkazadi.
Dastlab germaniyalik mutaxassis «Oila» ilmiy-amaliy tadqiqot markazi direktori Dilorom Toshmuhamedova hamda muassasaning bir guruh xodimlari bilan uchrashdi.
Tashrif doirasida Yu.Vermzer «Oila» ilmiy-amaliy tadqiqot markazining hududiy bo‘limlari hamda Parkent tumanidagi Kelin-kuyovlar innovatsion maktabi faoliyati bilan tanishadi. Shuningdek, O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti, Xalqaro press-klub, «Sevimli» telekanalida uchrashuvlar o‘tkazadi. Qolaversa, joriy yilning 1-fevral kuni xotin-qizlar va oila masalalariga doir o‘tkaziladigan yirik media anjumanda qatnashadi.
Olmon mutaxassisi ishtirokidagi dastlabki trening mashg‘uloti bugun — 23-yanvar kuni poytaxtimizdagi «Grand Orzu» mehmonxonasida bo‘lib o‘tmoqda. Tadbirga «Oila» ilmiy-amaliy tadqiqot markazining jamoatchilik bilan ishlashga mas’ul bo‘lgan bir guruh xodimlari, shuningdek, talaba va magistrantlar jalb qilingan. Ular PR-xizmati ishini samarali tashkil etish, inqirozli kommunikatsiya menejmenti, OAV bilan munosabatlarni mustahkamlash san’ati bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarni o‘zlashtiradi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter