Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

G‘isht zavodidagi voqea yoki OBXSSga atalgan so‘nggi pora

G‘isht zavodidagi voqea yoki OBXSSga atalgan so‘nggi pora

O‘z vaqtida g‘isht zavodi direktori bo‘lib ishlagan Falonchi aka qiziq «hangoma»ni aytib berdi...

Esimda, yangi yil bayrami arafasi edi. 1994 yil. Ishchilarga bepul oziq-ovqat mahsulotlari tarqatdik. Yog‘, go‘sht, guruch... ro‘yxat anchagina edi. Ammo ishchilar o‘zlariga kerakli mahsulotlarni olishar, bu esa bitta yagona vedomost tuzishga monelik qilardi. Men o‘ylab-o‘ylab, har bir ishchiga alohida ro‘yxat tuzishni, uni qog‘ozga ikkita ustunda bir xil tarzda yozib, o‘rtasiga muhr urishni va bu qog‘ozni uzunasiga yirtib, yarmini ishchiga, yarmini o‘zimizga olib qolishni buxgalteriyaga tayinladim.

Xuddi shunday bo‘ldi. Hamma shodon, kayfiyatlar zo‘r. Men o‘zim bayramdan so‘ng, yangi yilning dastlabki kunlariga oromgohga xotinim bilan ketish uchun yo‘llanma olib qo‘yganman.

O‘shanda boshqa g‘isht zavodlari direktorlari meni ko‘rganida yozg‘irib qolar, ishchilari norozi bo‘layotganini aytishardi. Sababi, ular o‘zining jamoasiga bepul oziq-ovqat mahsulotlari berisholmas, ishlab chiqarish ko‘rsatkichlari past edi. Ishchi-xodimlari bizning korxonamiz jamoasi yaxshi maoshdan tashqari ro‘zg‘origa kerakli mahsulotlar olayotganini ham aytib, g‘avg‘o ko‘tarisharkan...

Yangi yil bayrami o‘tdi. Ishga sal kechikib borsam, xonamning eshigiga muhr bosilgan, hisobchilar alag‘da! Nima gap, deb so‘rasam, OBXSSdan ikki xodim kelib muhrlab ketganini aytishdi. Hayron bo‘ldim. Ular qo‘ng‘iroq qilishimni kutayotgan bo‘lsa-da, men sim qoqmadim. Ertasi kuni o‘zlari bog‘lanishdi.

– Ishlaringiz chatoq-ku, – deyishdi. – Ishchilarga oziq-ovqat tarqatganmiz deb, hujjat tuzmagansiz. Qonun buzilishiga yo‘l qo‘yilgan. Korxonangiz yopiladi, ishingiz sudga oshiriladi. Siz – jinoyatchisiz!

– Marhamat, kelib tekshiringlar, – dedim men.

Kelishdi. Men kim arz qilgani bilan qiziqdim, aytishmadi. Balki hamkasblarimdan biri uyushtirgandir deb ham o‘yladim. Aytishmadi. Korxonamizning avra-astarini ag‘darishdi. Ishchilarda va o‘zimizda qolgan muhrli qog‘ozlarni ko‘rib, hech nima qilisholmadi.

– Senlar nomardsan, – dedim men OBXSS xodimlariga. – Haromdan hech qachon qaytmaysan!

Oradan ma’lum vaqt o‘tgach, trest boshlig‘i meni chaqirib qoldi.

– Nega jim yurmaysan? – dedi u. – OBXSS bekorga tekshirmaydi.

– Menda hammasi joyida, – javob berdim men.

– Sen bu gaplarni qo‘y, bo‘ladigan gapdan gapir! Agar bular yana tekshiradigan bo‘lsa, baribir ayb topishadi.

– Marhamat, tekshirsin, – dedim achchiqlanib.

– Bas qil, bularning og‘zini yopish kerak.

Xulas, trest boshlig‘i, OBXSSning o‘sha ikki xodimi va men birga tushlikka chiqdik. Rosa yeb-ichdik. Men ularga ertaga 1 million so‘m-kupon berishimni aytdim. Darrov rozi bo‘lishdi – aybim yo‘q-da!..

Kechqurun uyda televizor ko‘rib o‘tirib, ko‘zlarim charaqlab ketdi: OBXSS tashkiloti tugatilgani e’lon qilingan edi.

Biroq ikki xodim baribir pul so‘rab keldi. «Siz lafz qilgansiz, bir millionni bering», deyishdi.

– Senlarga aytgandim-a, nomardsan, deb, – dedim ularga. – Tashkiloting tugagan bo‘lsayam kelib o‘tiribsanlar. O‘rganib qolgansanlar-da! Mayli, senlar nomard bo‘lsang ham men mardlik qilib aytgan pulimni beraman!

Bir million so‘m-kuponni qopday qilib ularning oldiga qo‘ydim. Indamay olishdi. Orqalaridan qarab qoldim...

Shu odamlar ham o‘lib ketdi, deb tugatdi so‘zini Falonchi aka.

A.Fathullayev

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring