Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Har kishining ikki bo‘lsa ayoli...» — har qancha nozik bo‘lsa-da, oqibati mudhish masala xususida

«Har kishining ikki bo‘lsa ayoli...» — har qancha nozik bo‘lsa-da, oqibati mudhish masala xususida

Hayotda xotin ustiga xotin olayotganlar oz emas. Ta’bir joiz bo‘lsa,  keyingi paytlarda xotin ko‘paytirish ayrim erkaklar uchun «moda»ga aylangandek, go‘yo....

Qonunsiz nikohdan tug‘ilgan  farzandini tan oladiganlar, boshqa bolalariday ko‘rib voyaga yetkazadiganlar yo‘q emas, albatta. Biroq «ikkinchi» bo‘lishga rozi bo‘lgan ko‘pgina ayollarning ham, ular dunyoga keltirgan bolalarning boshiga og‘ir savdolar tushayotgani ham rost.  Onasi «ikkinchi» bo‘lgan bolalar baribir o‘ksiydi. Voyaga yetgunicha va undan keyin ham yo ochiq yuziga yoki ortidan «qanday tug‘ilganini» eslatib turadiganlar topiladi. Oqibatda bola jamiyatga noxolis qaraydi. Shuning uchun ham shar’iy nikoh haqida gap ketganda, haq-huquqsiz ikkinchi (yoki uchinchi) xotinlar emas, ko‘z o‘ngimda himoyasiz, begunoh bolajonlar gavdalanadi... Bu masalada davlatimiz rahbarining ham kuyunchaklik bilan aytgan fikrlari bor: «Axir, tegishli davlat idorasida qonuniy qayd etilmagan nikohdan tug‘ilgan farzandlarning taqdiri, kelajagi ertaga nima bo‘ladi? Tabiiyki, davlat qonunlari bo‘yicha ular ko‘pgina huquqlardan mahrum bo‘ladi, xususan, otalikni belgilash, tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnomani olish, meros huquqi, o‘sib ulg‘aygandan keyin, bog‘chaga, ta’lim muassasasiga qabul qilish masalalarida qanchadan-qancha muammolar paydo bo‘ladi. Eng yomoni, bunday bolalar ruhan majruh bo‘lib, turli ma’naviy nuqsonlar bilan voyaga yetadi. Ular o‘zini jamiyatning to‘laqonli a’zosiman, deb his etolmaydi».

Qo‘shxotinlikni yoqlaydigan, buni e’tiqod bilan bog‘laydiganlar yetarli bizda. Ularning ba’zan sayoz, yuzaki fikrlaridan na kulishni, na yig‘lashni bilasan. Emishki, agar erkaklar ko‘p xotin olmasa, ko‘pchilik ayollarga er yetishmasligi yuzaga kelib, jamiyatda fohishalar ko‘payarkan, chunki ayollar soni erkaklarnikidan ko‘p ekan.

Zimdan qaralganda esa hayot haqiqati butunlay boshqacha. Qo‘shxotinlikning o‘zi – jamiyat uchun o‘tkir muammo. Hatto o‘ta og‘ir jinoyatlarga olib kelayotgan omillardan biri. Buni Bosh prokuratura taqdim etgan, 2018-2022 yillar va 2023 yilning 6 oyiga oid quyidagi ma’lumotlar ham tasdiqlaydi:

- Jinoyat kodeksining 126-moddasi (ko‘p xotinli bo‘lish) bilan 38 ta jinoyat ishi ko‘rib chiqilgan;

- MJtKning 473-moddasi 3-qismi (Nikoh yoshiga yetmagan shaxs bilan nikoh tuzishga doir diniy marosimni amalga oshirish) bilan 44 nafar shaxslar ma’muriy javobgarlikka tortilgan;

- MJtK 201-moddasi 2-qismi (diniy yig‘ilishlar, ko‘cha yurishlari va boshqa diniy marosimlar o‘tkazish qoidalarini buzish) bilan jami 2,192 nafar shaxslar ma’muriy javobgarlikka tortilgan;

- 2018-2022 yillarda fuqarolik sudlariga otalikni belgilash bo‘yicha 3,267 ta arizalar berilgan, shundan 2,929 tasi qanoatlantirilgan;

- 2018-2022 yillarda fuqarolik sudlariga aliment tayinlash yuzasidan 135 257 ta arizalar kelib tushgan va 127 841 tasi qanoatlantirilgan.

Maishat emas, mas’uliyat

Odatda, nikoh ikki insonning rozi-rizoligi, mehru muhabbati bilan bunyod bo‘ladigan umrlik ittifoq. Nikoh – baxt ostonasi. Qonunlarimizda ham nikoh tenglikka, rozilikka asoslanadi. Kundoshli bo‘lishni hech bir ayol istamaydi. Xalqimizda «Er bermoq – jon bermoq» degan maqol bejiz aytilmagan. Ko‘pxotinlilik vaqtinchalik maishatni ko‘zlab amalga oshirilmoqda, uning mas’uliyatlariga esa yuzaki qaralmoqda. Beva ayolga uylanmoqchi bo‘lgan erkak uning bolalarini ham o‘z bolalaridek voyaga yetkazishi, har ikki ayolini birdek e’zozlashi shart. Ko‘pxotinli hamma erkaklar bunining uddasidan chiqadimi?  Albatta, yo‘q!

Qonuniy nikohidagi ayolidan ko‘ra go‘zalroq ko‘ringan ayolga yashirincha uylanib, «o‘tli muhabbat» onlari sovigach, bunisi ham ko‘zlariga balodek ko‘rina boshlaydi. Shu o‘rinda ikkinchi xotinlik qismati naqadar og‘ir ekanini, bunga ko‘ngan ayolning nafaqat qalbi azoblanishi, balki qonuniy haq-huquqlari ham himoya ostida emasligini unutmaslik kerak. Aslida qonunlarimizda onalik huquqi ziyodasi bilan muhofaza qilgan. Ammo bu haq-huquqlar qonuniy turmush qurganlarga tegishli. «Ikkinchi»  esa ming sha’riy bo‘lmasin, hech qanday huquqiy asosga ega emas. «Ikkinchilar» yomon ayollar emasdir, ammo baribir ularda qonuniy nikoh  beradigan huquq va imtiyoz yo‘q. Oddiy misol, shar’iy nikoh bilan turmush qurgan ayol nikoh davrida topilgan mol-mulkning yarmiga da’vo qilishi mumkin emas. Tuqqan bolasi uchun aliment  olishida ming bir to‘siqqa duch keladi. Shu bois bunday turmush er uchun ham, xotin uchun ham, hatto tug‘iladigan bola uchun ham birdek g‘urbat. 

Ko‘p xotinlilik kishini qanday sinovlarga ro‘baro‘ etishini bilish uchun quyidagi ma’lumotlarga ko‘z tashlash kifoya.

Ko‘p xotinli bo‘lish bu – jinoyat

Urgut tumanida 36 yoshli erkak 2004 yildan buyon A.Z. bilan qonuniy nikoh asosida  er-xotin bo‘lib yashab kelib, 2018 yil avgust oyida R.M.ni shar’iy nikoh asosida «ikkkinchilik»ka oladi. 2018 yil avgust oyidan 2021 yil iyul oyiga qadar bir hovlida ikkita xotin bilan umumiy ro‘zg‘or asosida er-xotin bo‘lib yashab kelgan.

Mazkur holat bo‘yicha Jinoyat kodeksining 126-moddasi 1-qismi bilan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan.

Talaba yigit ko‘p xotinlilikka davo qildi

Jizzax davlat pedagogika instituti «Chet tillar fakulteti» 4-bosqich talabasi bo‘lgan yigit M.Ye. 2012 yilda U.M. bilan qonuniy nikohdan o‘tib turmush qurib, yashab kelgan. Ikki o‘rtada mojaro chiqib, kelin ota-onasining uyiga ketib qolgan. Bundan foydalangan M.Ye.  boshqa ayol bilan sha’riy nikoh o‘qitib, er-xotin bo‘lib yashab kelgan. 2018 yil 1 fevralda qonuniy nikohdagi turmush o‘rtog‘i uyga qaytib kelganidan so‘ng har ikkala xotini bilan umumiy ro‘zg‘or asosida er-xotin bo‘lib yashab kelgan.

JIB Sharof Rashidov tuman sudining hukmi bilan M.Ye. Jinoyat kodeksining 126-moddasi 1-qismi bilan aybli deb topilib, jazo muqarrarligi ta’minlangan.

Yongan chaqaloq

2023 yilning 24 yanvar kuni soat taxminan 19:00 larda fuqaro M.U. «Matiz» rusumli avtomashina boshqaruvida homilador turmush o‘rtog‘i (shar’iy nikoh asosida) 1987 yilda tug‘ilgan M.X.ni shifoxonadan yashash xonadoniga olib ketayotgan vaqtida, rashk tufayli janjallashib ketadi. Avtomashinaning orqa o‘rindig‘ida o‘tirgan ayol o‘ziga benzin sepib, yoqib yuboradi. Erkak qochib, o‘zini qutqargan, ayol esa kuyib kul bo‘lgan. Eng ayanchlisi, yonayotgan mashina ichida murdaning ko‘zi yorib, o‘g‘il chaqaloq dunyoga keladi. Terisi qovjirab yonib ketgan chaqaloq shifokorlarning sa’y-harakatiga qarmay azob cheka-cheka joni uzilgan.

Rashk

1990 yilda tug‘ilgan ayol turmush o‘rtog‘i – 1986 yilda tug‘ilgan O.A.ni Qarshi shahrida ijara uyda, 1993 yilda tug‘ilgan fuqaro N.D. bilan qonuniy nikohdan o‘tmasdan yashab kelayotganligidan xabar topadi. 2023 yilning 16 aprelida ayol yoniga qarindoshlarini to‘plab borib, kundoshini urib jarohatlaydi, ruhiy tazyiq o‘tkazishadi. Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 138-moddasi (zo‘rlik ishlatib g‘ayriqonuniy ravishda ozodlikdan mahrum qilish) jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Kelishmovchilik

Shu yilning 23 martida taxminan tungi ikkilarda 36 yoshli rishtonlik erkak o‘zining shar’iy nikohidagi 31 yoshli xotinini oshxona pichog‘i bilan o‘ldiradi. Aniqlanishicha, fojiaga davomli janjallar, kelishmovchilik sabab bo‘lgan. Jabrlanuvchi olgan tan jarohatlari oqibatida voqea joyida vafot etgan. Mazkur holat bo‘yicha Jinoyat kodeksining 94-moddasi 1-qismi (qotillik) bilan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan.

Ov pichog‘i

2023 yil 28 yanvar kuni soat 19:30 lar. Xatirchi tumani «Koriz Arab» mahallasida yashovchi O‘.T. qo‘liga ovchilar pichog‘ini olgancha bir necha yillardan buyon sha’riy nikoh asosida yashab kelayotgan ayolining manzili tomon ketadi. Yotoqxonasiga o‘tib, ayolning pichoqlab tashlaydi. Sevgan va ishongan insonidan kutilmaganda bunday vahishiylikni ko‘rgan ayolni o‘limi olididan hayot uchun xavfli jarohatlardan ko‘ra, pushaymonlik azobi ko‘proq qiynagan bo‘lsa, ne ajab. Voqea joyidan yashiringan erkak huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari tomonidan ushlanadi.

Dezdemona kabi

Poplik O. M. shar’iy nikoh asida yosh ayolga uylanayotib, sevgilisiga yetishganidan quvongan, baxtli bo‘lishiga ishongandi. Ammo bu hol uzoqqa bormadi, yosh xotinning mashmashalari bitmas ekan. O‘sha kuni – 2022 yil 31 iyulda ham ular Pungon-Namangan avtomobil yo‘li bo‘ylab ketisharkan birdan yana oilaviy mojarolar boshlanadi. Jahlga erk bergan erkak ayolini bo‘g‘a boshlaydi... Oqibatda er qotil bo‘lib, xotinining yosh umriga zomin bo‘ldi.

Qodiriyni o‘qimaganlar

Yaxshi niyat bilan qurilsa ham turmushdan baxt topganlar kam, aksincha ayanchli yakun topgan taqdirlarni har qadamda uchratasiz. «Ota-bobolarimiz uch-to‘rt xotin bilan ahil-inoq yashashgan», deb vaysaydiganlar atoqli adibimiz Abdulla Qodiriyning «O‘tkan kunlar»ini o‘qishsin. Kundoshlik tufayli butun boshli oila boshiga tushgan fojialar juda ta’sirchan va aniq tasvirlab berilganini o‘qib, zora dunyoqarashlari kengaysa...

Ko‘pxotinlilikning mudhish oqibatlari juda ko‘p qirrali, ularni nomma-nom sanash, tahlil qilishning imkoni yo‘q. Yana bir tomonini esa eslamasak bo‘lmaydi. Yuqorida shar’iy juftini o‘z qo‘li bilan o‘ldirganlar haqida to‘xtalgan edik. Ammo bu balo insonni shu darajada tushkunlikka tushiradiki, oqibatda u o‘zini o‘ldirishga majbur bo‘ladi. O‘zingiz o‘ylang, imi-jimida ikkinchi xotinga uylanib, buni yaqinlaridan yashirib yurgan erkakning siri fosh bo‘ldi, deylik. Orada janjal chiqdi, xotiniyu bolalari yuz o‘girdi, ishxonasi, mahallasiga yetib borib, misqollab yiqqan obro‘-e’tiboridan, oridan ham ayrildi.

Dahshatga tushmay bo‘ladimi? Endi hammasini qaytadan tiklash mumkinmi? Yerparchin bo‘lgan obro‘ni qaytarib bo‘larmidi?

2022 yilning 22 iyunida Mingbuloq tumani «Qirqchek» mahallasida bir odam o‘zini osdi. Somon bog‘lashda ishlatiladigan ipdan sirtmoq yasab, o‘zini yong‘oqqa osgan kishi bu qilmishi uchun endi chin dunyoda ham javob beradi. Qarang, qo‘shxotinlik tufayli ikki dunyosi ham barbod bo‘ldi.

Shunga o‘xshash voqea yaqinda, 2023 yilning 6 iyunida ham yuz berdi. Namangan shahar «Oromgoh» mahallasida istiqomat qiluvchi erkak shar’iy nikohidagi xotinining yoniga kelganda janjallashib qoladi. Ayol erining faqat o‘ziniki bo‘lishini xohlaydi, erning esa boshqa oilasi, voz kecholmaydigan bolalari bor. Ikkinchi xotini buni tushunishni istamaydi. Oxiri erkak turmush o‘rtog‘iga zarda qilib, oshxona pichog‘ini oladi-da, o‘zining qorniga tiqadi. Ko‘rsatilgan muolajalar tufayli hayoti saqlanib qolsa-da, yigitlik sha’ni bir pul bo‘lganini o‘zgartirolmaydi.

Maxtumquli – Buxoroyu Xivada tahsil olib, ko‘plab nasihat she’rlar, ash’orlar bitgan donishmand shoir. Uning qo‘shxotinlilikka bag‘ishlangan ham ajoyib she’ri bor. Maqolani shu she’rdan bir parcha keltirib yakunlasak:

Har kishining ikki bo‘lsa ayoli,

Kecha-kunduz ishi mojaro bo‘lar.

Har birining bordir yuz ming xayoli

Oshi zahar, noni ham uvol bo‘lar.

Zarda qilib kelmas bo‘lsa yoniga,

So‘z aytmasa har birining sha’niga,

Bunday er qo‘shilmas odam soniga

Ikki xotin, bir er – uch ayol bo‘lar!

GULHAYoT

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring