Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Hur Vatan» kitobi muallifi 70 yoshni qarshiladi

«Hur Vatan» kitobi muallifi  70 yoshni qarshiladi

foto: Xabar.uz

Iqtidorli ijodkor – shoir, tarjimon va publitsist Nurulloh Ostonov tabarruk 70 yoshni qarshiladi. Nurulloh akaning she’rlari bilan o‘quvchiligimda tanishganman. Shoirning dastlabki «Yulduzlar chaqnagan tun» nomli she’riy to‘plami yosh ijodkorlar Temur Karimov va Asror Qilichevlar bilan hamkorlikda 1987-yili chop etiladi. Unda jajji bolajonlarga atalgan she’rlar talaygina. Ana shunday she’rlaridan biri «Nizomjonning orzusi» beg‘ubor bolakay tilidan aytiladi:

Men ulg‘aysam bo‘laman

Zo‘r uchuvchi,

Bulutlarni poygada

Qoldiruvchi

Yaqinlashib kelganda

Uyimizga

Darrov signal beraman

Oyi, sizga

Keyin qizil chiroqni

Yondiraman

Samolyotni  hovliga

Qo‘ndiraman!

Ajoyib topilma.  Aytish kerakki, she’r yozilgan yillarda bolalar adabiyoti ancha faol edi, bu jarayon bugun sust. Bolalar uchun yoziladigan asarlarimiz juda kam va maqtagulik emas. Ammo, Nurulloh aka ko‘p yillik ijodi davomida bolalar uchun vaqt topdi, unga sadoqat bilan qoldi. Hatto, bir necha xorijiy tillardagi asarlarni tarjima qildi. Keyinchalik Nurulloh aka shoir sifatida o‘sdi, she’rlarining qamrovi ham kengayib bordi, o‘quvchi sifatida she’rlarining muxlisiga aylanaverdim. Shoirning lirik qahramonlari turfa tabiatli odamlar – hech kimga o‘xshamaydi. Ularning birida «Oltovlon va yettinchi» qiyofasida gruzin birodarlarimizning vatanparvarligini misol qilib keltirsa, yana birida olis shahardan uzoq yo‘l yurib qizini sog‘ingan otaning uyiga yetib kelishi, otasini kuta-kuta qizchaning uxlab qolishi, yana bir she’rida shaharlik qizga aldangan yigitning g‘urursizligidan arazlagan baland tog‘lar tilga olinadi. Deyarli har bir she’rida boshqalarga o‘xshamaydigan, faqat Nurulloh Ostonovga xos uslub namoyon bo‘ladi. Ijodkor nafaqat yozgan, balki  ingliz, shved, chex, serb va yana bir qator tillardagi asarlarni rus tili orqali tarjima ham qilgan. Ammo ularning nashr salmog‘i, adadi juda kamligi achinarli. Shu bois, shoirning aynan bolalarga bag‘ishlangan asarlari jamlanib qaytadan chop etilsa, bu bolajonlar va adabiy jamoatchilik uchun munosib sovg‘a bo‘lar edi. Shu paytga qadar shoirning «Chumoliga xat», «Osmon to‘la farishta», «Oy cho‘milar chaylada», «Yashasin oftob kabi» bir qator kitoblari chop etilgan. «Hur Vatan» to‘plami esa turli yillarda yozilgan vatanparvarlik va lirik mazmundagi asarlarni o‘zida jamlagan.

Shuningdek, Nurulloh Ostonov tarixiy mavzularda – «Sulton Jaloliddin», «Shayx Najmiddin Kubro», «Ena tut», «G‘alaba noni» dostonlarini ham yaratgan. Ayni paytda uning asarlari rus, qozoq, tojik va nemis tillariga tarjima qilingan. 

                                                   Zavqli onlar sog‘inchi

Ijodkor haqidagi ilk ma’lumotni biz uning asarlari orqali bilamiz. Nurulloh akaning bolaligi va hayoti haqida esa o‘zidan eshitgim keldi.

– Bolaligim Samarqandning yonginasida Samarqand tumanidagi Turkman qishlog‘ida o‘tgan, – deydi Nurulloh aka. – Ko‘p farzandli oilada tug‘ilib o‘sganman. Otam rahmatli  xo‘jalikda oddiy ishchi bo‘lib ro‘zg‘or tebratgan. Biz bola paytlarimizda qishlog‘imiz hali katta va shaharlashmagan bo‘lsada, go‘yo sehrli bir mo‘’jizali maskan sifatida xotiramda saqlanib turibdi. Ertalabdan odamlar yumushlar bilan band bo‘lar, ro‘zg‘or tashvishlariga ko‘milib, go‘yoki gap sotish, g‘iybat yoki oliftalikka vaqti bo‘lmaganmi, deb o‘ylayman ba’zan. Shu sabab samimiyat odamlarni bog‘lab turgan. Dastlab 8-sinfgacha 36-umumta’lim maktabida, bitiruvchi sinfni qo‘shni maktabda o‘qiganman. Ko‘p fanlardan o‘qituvchi kam edi. Maktablarda o‘rin yetishmagan, bola soni ko‘payib borgan. Meni adabiyotga oshno qilgan o‘qituvchim To‘raqul Jo‘rayev edi.

                                             Jurnalistika ostonasida

U paytlar hozirgi O‘zMU (o‘sha paytdagi ToshGU) mamlakatimizdagi dovrug‘i baland dorilfununlardan biri edi. Har holda maktabda murabbiylarimiz bizni yomon o‘qitishmagan ekan. Buni jurnalistika fakulteti talabasi bo‘lgach his qilganman. Masalan, rus tilini yaxshi o‘zlashtirgan ekanman. Aslida bo‘lajak jurnalistning dastlabki tasavvurlari o‘quvchilik, jiddiy qadamlari talabalik davridayoq boshlanadi. So‘zning ma’nosini his qilish, o‘rinli foydalanish, gazeta o‘quvchisiga tushunarli va uni sehrlay oladigan tarzda yozish o‘sha havasmandlik davridayoq namoyon bo‘ladi. Ayniqsa, g‘alabani qo‘lga kiritgan chempion, cho‘lda qo‘y boqib yurgan cho‘pon, yer ostidan ma’dan kovlayotgan konchi mehnatini his qilib hayrat va hayajonsiz yozish qiyin. Shu kabi urinishlarim harbiy xizmatda ham namoyon bo‘lgan – jamoatchi harbiy muxbir sifatida yozgan maqolalarim arxivimda saqlanib turibdi. Hatto Lvov harbiy bilim yurti harbiy jurnalistika fakultetiga o‘qishga yo‘llanma bergan. Jurnalistika fakultetining kechki bo‘limida o‘qib, Toshkent metrosi qurilishida ishchi bo‘lib ishlaganman. O‘sha paytlari ishlagan talabaning maoshi o‘ziga yetib ortardi. Uydagilarga ham deyarli zararimiz tegmasdi. Qolaversa, ishlab o‘qiyotgan talabaning vaqtdan unumli foydalanishini, tirishqoqligini bilgan o‘qituvchilar hurmat bilan qarashardi.

Universitetdagi domlalarimiz Anvar Shomaqsudov, Ochil Tog‘ayev, Anvar  Karimov, Muxtor Xudoyqulov, Boybo‘ta Do‘stqorayev, Saydi Umirovlar bizni o‘qitganini faxr bilan tilga olaman. Ulardan faqatgina ustozimiz Muxtor Xudoyqulov tabarruk yoshda keksalik gashtini surmoqda. Hozir o‘ylayman, ustozlar bizday o‘jar va haqiqatgo‘y bo‘lajak jurnalistlarning erkaliklariga qanday chidaganiga hayron qolaman. Menimcha, butun dunyoda jurnalistlarni tayyorlashda shu kabi jarayon bo‘lsa kerak. Bo‘lajak «To‘rtinchi hokimiyat» vakillari hamisha yangilikka intiluvchi, haqiqatchi, eski qoliplardan voz kechuvchi, hamma narsani bilishga intiladigan yangi avlod vakillari bo‘ladi. Domlalarim orasida rahmatli Ochil Tog‘ayevga hurmatim cheksiz edi. O‘zbek jurnalistika nazariyasini va publitsistikasining tamal toshini qo‘ygan ustoz diplom ishimga ham rahbarlik qilgan.

                                                         Ustozlarim...

Bolalar shoiri Tursunboy Adashboyev bilan tanishishim ham qiziq bo‘lgan – «O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasi orqali menga maqola yozib, qayerdaligimni surishtirgan. Keyin bilsam, u kishi bolalar uchun yozgan she’rlarimni to‘plab, «Sharq» nashriyotiga kitob qilib chiqarishga bergan ekan. Tursunboy akaning  qo‘llovi bilan 2007 yil «Sharq» nashriyotida «Tongga peshvoz chiqaylik», «Qo‘rqmas uloqcha» to‘plamlarim bosilib chiqdi. Bundan hatto xabarim ham bo‘lmagan. Shundan keyin Tursunboy Adashboyev bilan ustoz-shogird bo‘ldik.

Ma’naviy ustozim esa Hakim Nazir deb hisoblayman. Sababi, 1991 yilda Yozuvchilar uyushmasi a’zoligiga qabul qilinayotganimda uyushma raisi Odil Yoqubov komissiya a’zolariga qarab: Qani, kimda Nurulloh Ostonovga savol bor, deb so‘raganida Hakim Nazir o‘rnidan turib shunday degan: «Men bu bolani tanimayman, birinchi ko‘rishim. Lekin ism-familiyasini aytishganidan keyin esimga keldi: uning bolalar uchun yozgan she’rlarini o‘qiganman, juda ma’qul bo‘lgan», dedi. Shundan keyin meni Yozuvchilar uyushmasiga qabul qilishgan. Lekin men ham o‘shanda Hakim Nazirni birinchi marta ko‘rganman, ilgari tanimaganman, xullas shunaqa gaplar...

                                           Samarqand mening taqdirimda

– Jurnalist hayot bilan teng odimlashi lozim,  – deydi Nurulloh aka. – Boisi, hayotdan ortda qolgan ijodkor ijodkor emas. Buni ko‘p ko‘rganman va kuzatganman. Aslida, Samarqandda tahsil olishim ham mumkin edi. Ammo... hayrat dunyosi sizni uzoq-uzoqlarga chorlayveradi, dunyoni keng tasavvur etishni xohlaysiz. Samarqand adabiy muhitining faollaridan hamyurtim taniqli adabiyotshunos Nuriddin Shukurovni eslab o‘tmasam bo‘lmas, ya’ni bu muhit menga begona emas va unga keyinchalik o‘zim ham hissa qo‘shdim, deb o‘ylayman. Ko‘p yillar O‘zbekiston Milliy axborot agentligining Samarqanddagi muxbiri bo‘lib ishladim. U paytlar hozirgidek qulayliklar yo‘q edi, ammo, tezkor axborot uzatish lozim. Keyin esa «Axborot» direksiyasining Samarqand viloyatidagi muxbiri bo‘lganman. Xizmat mashinasi yo‘qligi uchun jamoat transportida og‘ir apparat va mikrofonni ko‘tarib operator bilan birga chopib yurardik. Lavha suratga olingach, kasseta  avtovokzal orqali avtobusda poytaxtga berib yuborilar, Toshkentda maxsus mashina kasseta kelishini kutib turar, keyin uni televideniyeda montaj qilinib, ovozlashtirilib efirga berilardi. Deyarli har kuni shu ahvol, biz viloyat muxbirlari kechqurun lavhamiz efirda uzatilgachgina, ko‘nglimiz joyiga tushardi. Ko‘p yillik jurnalistlik faoliyatim shunday kechgan. Qolaversa, Samarqand viloyati hududi katta. Birda olis Paxtachida tadbirni suratga olsak, birda tog‘li Qo‘shrabodga chopamiz. O‘sha damlar mening eng qizg‘in va ajoyib jurnalistlik davrimmikin, deb o‘ylab qolaman. Buni 70 yosh  qarshisida turib, o‘zimni o‘zim sarhisob qilayotganimda tushungandayman...

Nurulloh Ostonov bundan o‘n yillar burun Samarqand shahar hokimligining nashrida bosh muharrir bo‘lib ishlaydi. Ajoyib jamoa bilan qisqa muddatda nashrni o‘qimishli qilishga erishadi.

– Jamoatchilik vakillarining e’tiborini tortadigan maqolalar berdik, – deydi hamsuhbatim o‘sha davrlarni entikib eslarkan, – mualliflar soni ko‘paydi. U paytlar odamlar gazeta va radio, tele ekranga juda bog‘langan edi. Farzandlarim Samarqandda tug‘ilib voyaga yetishdi. Samarqand mening qalbimda ilhomlantiruvchi kuch, kindik qonim to‘kilgan yurt, ulug‘ ma’vo bo‘lib  qolaveradi.

Yaqinda esa katta izlanishlar samarasi o‘laroq «Xalq so‘zi» gazetasida yana Samarqandga bag‘ishlangan «Dunyo sivilizatsiyasi poytaxti» maqolam e’lon qilindi. Unda ayrim izlanishlar Samarqandning 2700 dan ortiq yoshi bilan bog‘liq yangi topilmalar tilga olingan.

                                                    Qalamda  sehr bor

Buni Nurulloh Ostonovning turli davriy nashrlarda yozgan maqolalarini o‘qib his etdim. Internet kun sayin taraqqiy etayotgan yillarda Nurulloh aka «O‘zbekiston ovozi» gazetasida bo‘lim mudiri bo‘lib ishladi va turli publitsistik maqollari, sud ocherklari bilan gazeta sahifalarida faol qatnashdi. Muallifning o‘zi o‘sha davrni eslab «Hurriyat» gazetasining shu yil 19 fevral sonida  «Boqiylik saodati» maqolasida tilga oladi. Unda o‘zbek jurnalistikasining zabardast vakili, yaqin kunlarda oramizda bo‘lgan iqtidorli muharrir Safar Ostonov ijodi va muharrirlik qobiliyati haqida to‘lqinlanib yozadi.

«Fortochka ochiq bo‘lsin» pamfleti orqali esa («Hurriyat» gazetasi 2025-yil 25 aprel soni) Nurulloh aka bir paytlar ommabop janr sifatida shakllangan, keyinchalik unutilgan pamflet janrining imkoniyatlarini namoyon qiladi. Bundan ilgariroq «Oltin qalamli jurnalistlar» to‘plamida ham jurnalistning pamfletlaridan biri e’lon qilingan edi. Aslida Nurulloh Ostonov ijodida hajviya va hajviy tanqid ham munosib o‘rin tutadi. Bunga ijodkorning «Kesakning ta’siri», «Yig‘laydigan o‘lik» hajviy asarlar to‘plamini misol keltirish mumkin. Ayni vaqtda ijodkor «Xalq so‘zi» gazetasining bo‘lim mudiri sifatida ham faol ijod qilmoqda – gazetaning 2 avgust sonidagi «Ishonchni oqlamagan «Ishonch telefoni» maqolasida ham dolzarb masalalar ko‘tarilgan.

Mustaqillik bayramining 34 yillik tantanalari arafasida o‘tkazilgan «Eng ulug‘, eng aziz» tanlovida Nurulloh Ostonov bosma OAV xodimlarining eng yaxshi jurnalistik ishlari, vatanparvarlik, milliy qadriyatlarni ulug‘lash, nuroniylar va keksalarni e’zozlash borasida amalga oshirilayotgan ezgu ishlar xususida markaziy nashrlarda e’lon qilingan turkum maqolalari uchun 2-o‘rin sohibi deya e’tirof etildi.

Tinib-tinchimas, fidoyi, ijodkorlikni o‘ziga qismat bilgan zamondoshimizni tabarruk 70 yoshi bilan qutlab, oilaviy baxt va ezgu ishlarida omad tilaymiz.

Suhbatni O‘ljaboy Qarshiboyev yozib oldi

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring