Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Ichan Qal’aning sirini bilib olish necha pulga tushadi? Barchasi hisoblangan

Ichan Qal’aning sirini bilib olish necha pulga tushadi? Barchasi hisoblangan

Dunyoda chiroyli joylar ko‘p, ammo ular orasida shunday maskanlar borki, har qanday inson borib ko‘rishi shart. Ichan-qal’a aynan shunday joy! Agar O‘zbekistonda yashab, hali Xivaga bormagan bo‘lsangiz, hali qiladigan ishlaringiz ko‘p ekan.

Albatta mashhur spektaklda aytilganidek, dilni yayratadigan ham, tilni sayratadigan ham – pul! Hamyonda pulingiz bo‘lsa, istalgan joyga safarga otlanish mumkin. Safar harajatlari qanchaga tushishini bilish esa, safarga tayyorgarlikning yarmi deganidir!

Biz o‘ylab-o‘ylab, Ichan Qal’a safari qanchaga tushishini hisoblab berishga qaror qildik.

Safar

Ko‘pchilikning nazdida Toshkentdan Xivagacha bo‘lgan masofa 1100 kilometrni tashkil qiladi. Ammo bu to‘g‘ri emas, hamma faktlarni ham qo‘shiqqa qarab tekshirib bo‘lmaydi. Aslini olganda, poytaxtdan Xivagacha bo‘lgan masofa 1000 kilometr ham chiqmaydi. Biroq bu masofa ham baribir avtomobilda safarga chiqish uchun uzoqlik qiladi. Shunday ekan, Toshkentdan Xivaga borish uchun poyezd yoki samolyotdan foydalangan yaxshiroq.

Poyezd

Poyezd bu masofani 14 soatdan ziyodroq vaqt davomida bosib o‘tadi, ammo shunga yarasha narxi arzonroq – o‘rtacha 250 mingdan, 830 minggacha. 450 ming so‘mga kupeda bemalol dam olib, ketsangiz bo‘ladi.

Samolyot

Uzoq yo‘l yurishni yoqtirmaydiganlar samolyotda parvoz qilishlari mumkin. Faqat aviatsiya ishqibozlari Xivaga emas, Urganchga uchadilar. U yoqdan esa 30 daqiqada taksida Xivaga yetib olishlari mumkin. Samolyotga chipta narxlari ham turlicha, hammasi qachon buyurtma berishingizga bog‘liq. Ekonom toifaga 600 000 so‘mdan 1 000 000 so‘mgacha borishi mumkin, biznes toifa narxlari esa qimmatroq, 2-3 million atrofida.

Albatta sayohatga chiqish degani, faqat Toshkent orqali yurish kerak degani emas. Misol uchun vodiydan Xorazmga yurmoqchi bo‘lganlar uchun Andijon – Xiva temir yo‘l reysi qo‘yilgan. Bu reysdan vodiy ahli tugul Toshkent, Sirdaryo, Jizzax, Samarqand, Navoiy va Buxorodan yo‘lga chiqadigan sayyohlar ham foydalanishlari mumkin. Surxondaryo va Qashqadaryodan yo‘lga chiqadigan vohalik sayohatchilarimiz esa avtomobil yo‘li orqali Samarqand yoki Buxoroga kelishlari poyezdga chiqib olishlari mumkin.

Mehmonxona

Xiva – yurtimizdagi turizm eng rivojlangan hududlardan. Bu yerda mehmonxona va xostellar juda ko‘p. Ularning narxi ham turlicha, misol uchun 40 ming so‘mga xostel topsa ham bo‘ladi, 1 million so‘mdan qimmatga qulay va zamonaviy xona topish imkoniyati ham mavjud. O‘rtacha 200 ming so‘mga esa qulay va shinam xonada tursa bo‘ladi.

Ichan Qal’a

Xorazmda ko‘rsa bo‘ladigan diyorlar anchagina, ammo ular orasida Ichan-Qal’aning o‘rni boshqacha. Uning har bir g‘ishti tarixdan hikoya qiladi. Qiziq fakt – Ichan Qal’a hozirga qadar mahalliy aholi yashaydigan kam sonli qal’alardan hisoblanadi. Aynan shunisi bilan u unikal.

Darvozalar

Ichan Qal’aga 4 ta darvoza orqali kiriladi – Bog‘cha darvoza, Tosh darvoza, Polvon darvoza va Ota darvoza. Sayyohlar asosan Ota darvoza orqali qal’aga kiradilar. Ichan Qal’aga kirish pullik, har bir sayyoh uchun 20 ming so‘m.

Kalta Minor

Ichan Qal’aning eng taniqli ob’yektlaridan biri - Kalta Minordir. Bu minora shu qadar dunyoga mashhurki, uning hech bo‘lmaganda suratini ko‘rmagan odam topilmasa kerak. Minora Xiva xoni Muhammad Aminxon tomonidan qurilgan. U bilan bog‘liq juda qiziqarli tarix bor.

Muhamad Aminxon minora qurilishi avjiga chiqqan vaqtda Marv yaqinidagi Seraxs qal’asi sari yurishga chiqadi. Jangda Seraxs hokimining qo‘li baland keladi va Muhammad Aminxon vafot etadi. Shundan so‘ng xonning tashabbusi bilan boshlangan minora qurilishi ham to‘xtab qoladi.

Afsona

Minoraning bitmay qolgani to‘g‘risida bir necha afsonalar to‘qilgan. Ulardan biriga ko‘ra, Xiva xoni ustaga dunyodagi eng baland minorani qurasan, deb amr qiladi. Usta boshlagan ish ikki yil davom etadi va minora ham bo‘y cho‘za boshlaydi. Bu minoraning ovozasi Buxoro amirining qulog‘iga yetadi. Amir usta bilan xufiyona shartnoma tuzadi. Unga ko‘ra usta Xivadagi minorani bitkazgach, bundan ham baland va chiroyli minorani Buxoroda qurib berishi kerak ekan. Bu shartnoma haqidagi ma’lumotlarni eshitgan Xiva xoni minora bitgach, ustani o‘ldirishini aytadi. Xonning mash’um niyatidan xabar topgan usta qochib ketishni rejalashtiradi. O‘z navbatida xon ustaga minoradan tushmasdan ishlashni buyuradi. Endi usta shogirdining xizmatiga muhtoj bo‘lib, unga qanot yasash uchun kerakli bo‘lgan qog‘oz, qamish, ip kabi ashyolarni yetkazishni so‘raydi. Asta-sekin bu narsalardan minora tepasida qanot yasab, bir kun tong saharda janubga tomon uchib ketadi. Shundan keyin minora ham bitmay qolgan ekan.

Toshhovli

Albatta Ichan qal’a haqida qancha gapirsa kam va bittagina safar davomida hammasini qamrab olish qiyin. Shuning uchun eng sirli maskanlardan biri - Tosh hovli saroyi bo‘ladi.

Saroy Ollohqulixon tomonidan qurilgan, u taxtga chiqqach o‘zi uchun yangi saroy qurdiradi. Bu saroy uch qismdan iborat bo‘lgan - xaram, qabulxona va mehmonxona. Uzoq o‘lkalardan kelgan elchilar mehmonxonada uch kun mehmon qilingan va ular yashirgan sirlar turli yo‘llar bilan bilib olingan.

O‘rta asrlarda qanday voqealar bo‘lgan, xon tashqi va ichki dushmanlarga qarshi qanday kurashgan bularning barchasini filmni ko‘rish asnosida bilib olishingiz mumkin.

 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring