Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

IHTga a’zo davlatlar o‘rtasida mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash masalalari muhokama qilindi

IHTga a’zo davlatlar o‘rtasida mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash masalalari muhokama qilindi

Ozarbayjon poytaxti Boku shahridagi O‘zbekiston Milliy pavilonida BMTning iqlim o‘zgarishi bo‘yicha konferensiyasi (COP29) doirasida Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti (IHT)ning ekologik muammolar bo‘yicha ishchi guruhi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda IHT Bosh kotibi Asad M.Xon, O‘zbekiston Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri o‘rinbosari Obidjon Qudratov, IHTga a’zo davlatlar vakillari ishtirok etdi.

Yig‘ilishda ishtirokchilar IHT davlatlarining atrof-muhit holati to‘g‘risidagi ma’ruzalarini taqdim etdilar va ekologik barqarorlikni ta’minlashda mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash bo‘yicha keyingi qadamlarni muhokama qildilar.

«Iqtisodiy Hamkorlik Tashkiloti mintaqasida dunyodagi eng noyob ekotizimlar, shuningdek, suv va biologik xilma-xillikning eng katta zaxiralari joylashgan. Ammo bu atrof-muhitning jiddiy zaifligi bo‘lgan mintaqadir. Qurg‘oqchilik va suv toshqini kabi ekstremal ob-havo hodisalari atrof-muhitni muhofaza qilish va barqaror kelajakni ta’minlash uchun birgalikda harakat qilishimiz kerakligini eslatadi.

O‘zbekiston doimo ekologiya masalalarida hamkorlik tarafdori bo‘lib kelgan. Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti muloqot va hamkorlik platformasi sifatida o‘zining qadr-qimmatini allaqachon isbotlab bo‘lgan, biroq u bugungi kunning oshib borayotgan ekologik muammolarini hal etish uchun ham rivojlanishi kerak», — dedi O‘.Qudratov.

Muhokamalar chog‘ida qayta tiklanadigan energiya manbalarini rivojlantirish, cho‘llanishga qarshi kurashish, suv resurslaridan oqilona foydalanish va biologik xilma-xillikni saqlash kabi qo‘shma ekologik loyihalarni amalga oshirishga qaratilgan aniq tashabbuslar ilgari surildi.

Ilg‘or tajriba va texnologiyalar almashish, shuningdek, iqlim o‘zgarishi sohasidagi ilmiy tadqiqotlarni kuchaytirish zarurligiga alohida e’tibor qaratildi. A’zo mamlakatlar vakillari ekologik muammolarga yanada samarali qarshi turish uchun IHT mexanizmlari orqali sa’y-harakatlarni muvofiqlashtirishni kuchaytirish muhimligini ta’kidladilar.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring