Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

IIB xodimlarini haqorat qilgan shaxs: haqiqatmi yoki tuhmat?

IIB xodimlarini haqorat qilgan shaxs: haqiqatmi yoki tuhmat?

Foto: Xabar.uz

Buxoroda «102» xizmati operatorlarini haqorat qilganlik va pora talab qilishda ayblangan shaxsga nisbatan sud hukmi chiqdi. Bu haqda «Xabar.uz»ga ma’lum qilgan Jinoyat ishlari bo‘yicha Qorako‘l tumani sudi raisining so‘ziga ko‘ra, aybdorga nisbatan 2 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi qo‘llanilgan.

Holatga ko‘ra, Buxoro tumanilik Q.O. o‘ziga avvaldan tanish bo‘lgan Buxoro shahrilik fuqaro I.M. bilan telefon orqali bog‘lanib, uning xonadonida mavjud bo‘lgan 2 dona cho‘yan isitish batareyalarini sotib olishga kelishgan. Biroq, Q.O. uning xonadoniga borgan vaqtda uyda hech kim bo‘lmagan. Yana shuncha olis manzilga qaytib kelishni istamay, cho‘yan isitish batareyalarining pulini egasiga keyin yetkazish fikri bilan ularni olib, o‘z yashash manziliga borish uchun yo‘lga tushgan. Uyiga endigina yetib kelgan paytda Q.O.ni profilaktika inspektorlari to‘xtatishgan. Ulardan biri o‘zini Buxoro shahar Shergiron mahallasi profilaktika inspektori, deb tanishtirgan, fuqarolik kiyimida bo‘lgan ikkinchisi esa JQB xodimi ekanini aytgan. Q.O. inspektorlarning so‘roviga cho‘yan isitish batareyalarining pulini keyin yetkazish fikri bilan yana ovvora bo‘lmaslik uchun uni egasidan so‘roqsiz olib kelganini, u bilan faqat telefon orqali bog‘langanini tushuntirgan. Shu payt Q.O. o‘z hovlisidan chiqib kelgan o‘g‘li J.A.ga ham vaziyatni aytib bergan. Biroq, J.A. jazavaga tushib, ichki ishlar organlari xodimlarini go‘yoki otasini o‘g‘rilikka ayblayotgan, deya o‘ylab, ularni haqorat qilib tashlagan.

Sergaklik va ogohlik yuzasidan o‘z xizmat vazifasini bajarayotganini tushuntirayotgan organ xodimlariga quloq solmay, o‘sha joyning o‘zida “102” qisqa raqamiga qo‘ng‘iroq qilgan. Ichki ishlar organlari xodimlarini jinoyat qilayotganlikda ayblagan. Hatto, «102» kichik mutaxassisini ham kurakda turmaydigan so‘zlar bilan so‘kkan. Ularning sha’ni va qadr-qimmatini oyog‘osti qilgan.

J.A. sudda yolg‘on ko‘rsatma berib, ichki ishlar organlari xodimlari uning oilasiga bosim o‘tkazib, pul talab qilib, o‘ziga nisbatan tahdidlar bo‘lganini bildirgan. Olib borilgan tezkor-tegov surishtiruv ishlari hamda sud tergovi harakatlari davomida J.A. biror-bir so‘zini isbotlay olmagan. Ikki nafar ichki ishlar organlari xizmat xodimlari bo‘lgan jabrlanuvchilar esa aybdorning haqoratli audioyozuvlarini hamda videokuzatuv kameralari orqali o‘zlarining hech qanday bosim o‘tkazishmagani, haqorat qilishmagani, o‘z xizmat vazifalarini olib borishganini faktlar bilan sudga taqdim etishgan.

Yetmaganiga aybdor inspektordan uning asablarini qo‘zitgani uchun pul talab qilish orqali uni ayblab, tuhmat qilish jinoyatini ham sodir etgan.

«Sud jarayonida J.A. aybini tan oldi, qilgan ishlaridan pushaymonligini bildirdi va oilaviy sharoitiga e’tibor qaratilishini so‘radi»,-deydi sud raisi Boborahim Ochilov.

Ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab bo‘lgan ushbu voqea davomida IIB xodimlari ham J.A.ning oilasidagi og‘ir sharoit va uning o‘z aybini tan olganini inobatga olgan holda insoniylik tamoyillarini ustun qo‘yib, suddan yengil jazo tayinlanishini so‘rashgan.

Sud tergovi davomida, jabrlanuvchilar va guvohlar ko‘rsatmalari, audio yozuvlar, sud-lingvistika ekspertizasi natijalari asosida J.A. O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi 139-moddasi (qasddan sha’nini va qadr-qimmatini haqorat qilish) hamda 140-moddasi (tuhmat) 3-qismlari bilan aybli, deb topilgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring