Ijod bo‘stonidagi «asalari» jurnalist
Kuni kecha «Oltin meros press» nashriyotida mahoratli jurnalist Saidxon Rahmonovning «Hamohanglik» nomli kitobi nashrdan chiqdi.
Doim kamsuqum, kamtar va chehrasi samimiy tabassum balqib turadigan Saidxon asli Chiroqchi tumanidan. U O‘zbekiston milliy universitetining jurnalistika fakultetida tahsil olib yurgan talabalik yillaridanoq nihoyatda faol va tirishqoq ijodkor edi.
Bizdan bir kurs keyin o‘qigani sababli, uning «Qishloq hayoti» gazetasida muxbir sifatida qalami toblanganini yaxshi eslayman. Qolaversa, u ham kursdoshlari – Faxriddin Hayit, Shuhrat Orif, Husniddin Berdiyev, Bekzod Shukurov, Anvar Samadov, Olim To‘raqulov, Baxtiyor Yoqubov va Muhiddan Abdusamad bilan milliy jurnalistikamizga yangi to‘lqin-ovoz bo‘lib kirib keldi.
U tahririyat qozonida pishib yurgan kezlari ustozlari taniqli jurnalist, yozuvchi va shoirlar Alisher Shoimov, O‘tkir Rahmat, G‘ofur Shermuhammad, Dilmurod Qirg‘izboyev, Sunnat Saydaliyev, Habib Temirov, Ikrom O‘tbosarov, Shuhrat Jabborov, Abduvali Qutbiddin, O‘rol G‘oimov, Faxriddin Karimov va Gulchehra Umarovadan ijod sirlarini, hayot hikmatlarini o‘qib-o‘rganib, turkum tahliliy maqolalari bilan e’tiborga tushdi.
2007-2020 yillarda esa «Xalq so‘zi» gazetasida bo‘lim muharriri bo‘lgan davrida ayniqsa sermahsul mehnat qildi. Bu davrda Saidxon «Yilning faol jurnalisti» (2008) va «Eng ulug‘, eng aziz» respublika tanlovlari (2018), «Oltin qalam» xalqaro tanlovi (2016) g‘olibi ham bo‘ldi. Shundan keyin qator qo‘shma korxona va uyushmalarda matbuot xizmatlarini boshqarib kelmoqda. So‘nggi yillarda garchi ijodda biroz sustlashganday ko‘rinsa-da, ammo uni to‘xtab qoldi, deb bo‘lmaydi. Filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktorligini himoya qilish uchun faol ilmiy izlanishlar olib bormoqda.
Muallifning mazkur ilk to‘plamida 2017-2024 yillarda respublikamizdagi turli markaziy nashrlarda chop etilgan 35ga yaqin turkum maqolalar saralab jamlangan. Jumladan, taraqqiyotimizning eng ustuvor vazifalari – kambag‘allikni qisqartirish, ehtiyojmand aholi ijtimoiy muhofazasini kuchaytirish, vatandoshlarimizning qonuniy manfaatlarini himoya etish, inson qadrini ulug‘lash, kafolatli daromad manbai, tibbiy xizmatlar, uy-joy, sifatli ta’lim bilan ta’minlash, ayniqsa, qishloq xo‘jaligining barcha tarmoqlarida zamonaviy texnologiyalarni olib kirish ularning bosh mazmunidir.
Xususan, jurnalist kambag‘allikni kamaytirishga oid maqolasida afsuski, kambag‘allik tushunchasi, uni aniqlash mezonlari va baholash usullarini, umuman olganda, metodologiyasi bizda hali-hanuz mukammal bir tarzda ishlab chiqilmaganini ta’kidlab haqli savol qo‘yadi: «Ilgari kambag‘allik daromadning bor-yo‘qligi bilan o‘lchangan. Keyinroq asosiy talab-ehtiyojni qondirishga noqobillikka kambag‘allik sifatida qarala boshlangan. O‘tgan asrning 80-90-yillarda bu tushuncha doirasiga yakkalanib qolish, nochorlik, zaiflik va xavfsizlik kafolatining yo‘qligi, qisqasi, farovon yashash imkoniyati hamda qobiliyatidan mahrumlik ham muhim o‘lchov mezonlariga qo‘shildi. So‘ng kambag‘allikka qoniqarli turmush tarzini ta’minlash uchun tanlov va imkoniyatning yo‘qligi sifatida qaralib, uzoq umr ko‘rish, savodsizlik hamda iqtisodiy imkoniyatlarning cheklangani bosh mezonga aylandi.
Xo‘sh, «kam ta’minlangan» deya tasniflangan aholi qatlamiga berilayotgan nafaqalar ularni boy qilib yubormagan, tekin tarqatilgan tovuq va qoramollar samarasi ham amalda sezilmagan ekan, kambag‘allikka qarshi kurashishda qaysi yo‘ldan borgan ma’qul?
Bu nozik mavzu bo‘yicha S.Rahmonov jahonning eng ilg‘or tajribasiga tayanib, aniq va jo‘yali takliflarni ilgari suradi hamda O‘zbekiston eng maqbul tajribalarni o‘zlashtirayotganini ta’kidlaydi: «Bunday paytda ikki xil usuldan biri tanlanadi. Birinchisi, Xitoy, Vetnam yoki Indoneziya kabi bozor iqtisodiyoti mexanizmlarini joriy etib, yuqori iqtisodiy o‘sishga erishish yo‘li bo‘lsa, ikkinchisi, davlatning faol aralashuvi bilan ijtimoiy tengsizlikka barham berish usulidir. Bunga Efiopiya, Pokiston, Gana, Peru, Hindiston tajribasi misol bo‘la oladi».
Inson qadri va erkinligiga bag‘ishlangan yana bir maqolasida islohotlarning yangi bosqichida davlat xalqqa tobora yaqinlashgani, barcha bo‘g‘indagi hokimlar, vazirlik va idoralar, prokuratura, sud-huquq va ichki ishlar organlari rahbarlari, deputat va senatorlar, qo‘yingchi, katta-kichik darajadagi mutasaddilar bevosita joylarga chiqib, odamlarni qiynayotgan hayotiy muammolarni ichidan o‘rgana boshlagani, hisobdorligi oshganini aniq faktlarda qiyoslaydi: «Tan olmay iloj yo‘q, «propiska» atalmish taqiq tufayli mamlakat bosh kentining aholisi ikki toifaga ajralib qolgan edi. Propiskalilar va propiskasizlar. Toshkent shahrida doimiy yashash huquqiga egaligini tasdiqlaydigan o‘sha yumaloq muhrni pasportiga qo‘ydirish alohida martaba edi. Bunga erishish uchun esa odamlar aylanma yo‘llarni izlab topish, tavakkal qilish, hatto ayrimlar propiskasi bor ayolga uylanishga ham rozi bo‘lishdi...».
Bu muammo azim poytaxtda qolgan «viloyatlik» juda ko‘pchilikni qiynagani rost. O‘zim ham Toshkentdan olgan uyimga o‘zimni ro‘yxatga qo‘ya olmaganim, notariusda boshqa ishonchli inson nomiga ming bir hijolatda rasmiylashtirganim, ishga kirish uchun esa poytaxtdan «propiska»ga o‘tish shartligi, buning uchun esa avval unga yondosh viloyatdan ro‘yxatdan o‘tganim, faqat «Jahon» axborot agentligiga ishga o‘tgachgina, ne-ne mashaqqat ila Tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov imzosi bilan Toshkent shahar hokimiga «bu kadr bizga kerak, ijozatingiz ila shuni olib qolsak, yaxshi bo‘lar edi» qabilida rasmiy noma bitilgandan keyingina masala bir tomonga siljiganini eslasam, hanuz yuragim orqamga tortib ketadi.
Katta-katta vazirlik, idoralar, hukumat muassasalari respublika miqyosida hisoblansa-da, ularda ishga qabul qilish uchun Toshkent shahrida «propiskasi» bo‘lish shartligi talabi nafaqat g‘ayriqonuniy, balki milliy birdamlik-jipslikka rahna soladigan tor dunyoqarashning fojiaviy misoli edi. Toshkent shahrida «propiska»ga kirish boshqa tuzukroq bir davlatning fuqaroligini olish ham osonroq kechardi o‘shanda...
Oddiy gazeta muxbiri bo‘lgan Saidxon bu kabi mashmashayu, sun’iy to‘siqlarning qancha-qanchasini o‘z boshidan o‘tkazib, yurakzada bo‘lib yozganidan ham sezish mumkinki, u anchayin sipo-halim ko‘rinsa-da, ijtimoiy muammolar qarshisida hech qachon jim turgan emas, ichki katta isyoni doim bo‘lgan.
Albatta uzoq yillar davomida to‘planib qolgan ko‘plab muammolarning barchasini ham Yangi O‘zbekistonda birdan hal etib tashlash ham imkonsizligi rost. Ammo katta siyosiy iroda va ulkan sa’y-harakatlar ko‘rsatilib, bunday allaqachon yetilgan-osilib qolgan masalalarni tizimli hal qilinayotgani xalqimizga anchayin manzur bo‘lmoqda. Jaydari qilib aytganda, mamlakat sansalorligu ovoragarchiliklardan holi jamiyatga aylantirilmoqda.
Muallifning mavzular qamrovi keng. U yilqichilik va ot sportidagi bugungi o‘zgarishlar haqidagi maqolasini juda qiziqarli ma’lumot bilan boshlaydi: «Otning quloqlari orasidan behisht shamoli esib turarmish. Shundanmi, egarga mingan kishi dunyo tashvishlarini unutib, o‘zini ruhan tetik his etar, kasallik esa uning yaqiniga yo‘lamas ekan. Bu qanchalik haqiqatga yaqinligini bilmadig-u, ammo ushbu jonivorning serxosiyatligi bor gap. Ota-bobolarimiz ot parvarishlangan xonadon fayz-barakali bo‘lishini bot-bot uqtirishining boisi ham shunda».
Albatta, betakror zaminimizda ot sporti azaldan o‘zining chuqur an’analari asosida rivojlangan, to‘y-tantanalarimiz «Ko‘pkari», «Olomon poyga», «Ag‘darish» kabi milliy o‘yinlarsiz o‘tmagan. Ne-ne polvonu chavandozlarimiz bu bahslarda saralangan. Aslida ot sporti eng qimmat sport turi hisoblanadi. «Bu soha serdaromad hamdir. Fransiyada ushbu sportdan olinadigan sof foyda yiliga o‘rtacha 13 milliard yevroni tashkil etadi. Bu ko‘rsatkich Avstraliyada 11 milliard dollar, AQShda esa 100 milliard dollarga teng!»
Sohada naslchilikni saqlash va rivojlantirish, sport va xizmat otlarini yetishtirish, ayniqsa, o‘zbek xalqi tarixi bilan uzviy bog‘liq bo‘lgan Qorabayir zotini ko‘paytirish nihoyatda zarurligi, buni kelgusida milliy iftixor timsoliga aylantirish muhimligi haqida kuyunib yozadi: «Qorabayir otlarining tana tuzilishi o‘ta xushbichim va qotma bo‘ladi. To‘shi keng, bo‘yni qisqa esa-da, ancha yo‘g‘on, qarchig‘ayi uncha baland emas. Rangi, asosan, qora, to‘riq, jiyron, ko‘k, malla, chavkar, shuningdek, saman tusda bo‘ladi. Ot tabiatan hurkak jonivor hisoblanadi. Ammo bu – Qorabayirga yot xislat. U dovyurakligi, jangovarligi bilan chavandozlar ishonchini, ishqibozlar mehrini qozonib kelmoqda. Yurtimizda bu zotning «Olovxon», «O‘zbekiston» kabi tiplari yaratilgan. Bu boradagi izlanishlar yakuniga yetkazilmagani achinarlidir».
«Pomidorning dorisi ko‘pmi, zori ko‘pmi?» maqolasida esa so‘nggi yillarda ushbu mahsulotni yetishtirish dehqonlar uchun tobora azobga aylanib borayotgani, respublikamizning deyarli barcha hududida mazkur sabzavot turining barori yo‘qligi, katta mablag‘ evaziga xarid qilinayotgan kimyoviy dorilarning samarasi pastligi, ko‘chatlarga hosil bermasidanoq kuya tushayotgani, bu muammolarning yechimi uchun nima qilmoq kerak, masalaning o‘q ildizi qayerga borib taqaladi, degan savollarni o‘rtaga qo‘yadi va yechimlarini ko‘rsatadi: Dehqonlar bilan suhbatlashsangiz, fig‘oni falakka o‘rlaydi. Ularning yozg‘irishicha, pomidor issiqxona ekiniga aylanib qolmoqda. Issiqxona xo‘jaligini yuritayotgan tadbirkorlarning fikri esa bundan boshqacharoq.
Agar pomidor o‘rtacha uch oyda pishib yetilsa, bu davr ichida olti marta nihollarning ildiz tizimi kasalliklariga qarshi ishlov beriladi. Haftasiga bir marta shira, oqpashshaga qarshi dorilanadi. Bundan tashqari, ikki haftada bir marta, dehqonlar tili bilan aytganda, «rassom» hasharotiga, har 10 kunda virusli kasalliklarga qarshi dori sepiladi. Dorilarning deyarli hammasi chetdan keltirilgani uchun juda qimmat. Bular mayliku-ya, keyingi paytda pomidor kuyasi degan ofat paydo bo‘lganki, unga yopiq sharoitda ham bas kelish qiyin bo‘lyapti. Endi ochiq daladagi ekin taqdirini o‘zingiz tasavvur qilib ko‘ravering».
S.Rahmonov paxta yakkahokimligiga va majburiy mehnatga uzil-kesil barham berish, bank-moliya tizimida og‘riqli muammoga aylangan plastik kartochkalar va pulni naqdlashtirish bilan bog‘liq muammolarga samarali yechim topilgani, ishbilarmon ayollar erishayotgan katta natijalar, zamonaviy shaharsozlik sohasidagi yutuqlar, Markaziy Osiyoda yagona bo‘lgan «Toshkent siti» qurilishi haqida ham so‘z yuritadi. Anorchilik, gilamchilik, asalarichilik, pillachilik, ipakchilik, echkichilik, chorvachilik, kanopchilik, polizchilik, uzumchilik, baliqchilik kabi ko‘plab tarmoqlaridagi yangiliklarni, islohotlar va natijalarni mutaxassis sifatida tadqiq qiladi.
Jurnalistikada «Sarlavha yarim yutuq», degan fikr bor. Saidxon ularni topishda juda kreativ yondashadi: «O‘zbekistonda yashash brendga, biznes yuritish trendga chiqadi», «Ne’matidan xizmati qimmat», «Unutilgan eskilikning biz bilmagan yangiliklari», «Pomidorning dorisi ko‘pmi, zori ko‘pmi?», «Achchiq ekinning shirin hosili», «Kuyaning uyi kuysin», «Bozorga tushganlarning tarvuzi qo‘ltig‘idan tushib qaytayotgani rost...mi?», «Saryog‘dek kesilgan tog‘lar maskani», «Sara urug‘ – hosil bo‘liq» kabi e’tiborli sarlavhalar, maqolalar ichida ko‘plab maqollarning qo‘llanilishi o‘quvchi ishtiyoqini qitiqlaydi.
U aytganidek, «dehqonni yuragiga hadik emas, balki mehnatiga yarasha daromad olishiga ishonchini uyg‘otsakkina, faqat bozor mexanizmlarini joriy etsakkina» qishloq xo‘jaligida kutilgan natijaga erishish mumkin.
Bundan tashqari, to‘plamdan muallifning Hindiston, Qozog‘iston, Saudiya Arabistoni, Turkiya davlatlariga amalga oshirgan safarlari haqidagi juda qiziqarli maqolalari ham joy olgan.
S.Rahmonov dala bilan tillashgan, yurt kezgan, jahongashta qalamkash. Men uni jurnalistikamiz bo‘stonidagi mehnatkash asalariga o‘xshataman. Jurnalist har bir maqolasida sohaning yetakchi olimlari, sohada suyagi qotgan mutasaddilar bilan suhbatlashadi, so‘ngra tahlil doirasini kengaytirib, kichik bir daladan, katta hududga, so‘ng mamlakat va global miqyosiga o‘tib ketish mahoratiga ega. Sohaga oid dunyoning eng ilg‘or amaliyotini raqamlar orqali ochadi, ilmiy asoslaydi, O‘zbekiston hayotiga eng yaxshilarini tatbiq etishning foydali tomonlarini ravon va tushunarli tilda bayon etadi. Bu so‘nggi yillarda tobora jo‘nlashib-siyqalashib ketayotgan jurnalistikamizning yo‘qolib borayotgan fazilatlardan biri hisoblanadi.
Ushbu qimmatli kitob qishloq xo‘jaligi sohasi vakillari, ixtisoslashgan mutaxassislar, umuman qo‘liga qalam olib, ijod qilayotgan har bir jurnalist, ayniqsa, oliygohlarda tahsil olayotgan talabalar uchun foydali nashr bo‘lgan.
Laziz RAHMATOV, O‘zbekiston jurnalistlar uyushmasi a’zosi, siyosiy fanlar bo‘yicha falsafa doktori
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter