Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Ilza Kox – Buxenvald jodugari

Ilza Kox – Buxenvald jodugari

Dunyo Ilza Koxni Buxenvald jodugari sifatida eslaydi. Ilza 1906-yilda Germaniyaning janubiy-sharqiy qismida joylashgan Bavariyaning Drezden shaharchasida ishchi oilasida tug‘ilgan. Maktabda u yaxshi o‘qigan. O‘qishni tugatgandan so‘ng fabrikada va shahar kutubxonasida harf teruvchi bo‘lib ishladi.

Ammo 1932-yilda yangi tashkil etilgan partiyaga ishga kirgach Ilzaning hayoti keskin o‘zgardi.  

Mehnatsevar va chiroyli qiz erkaklar e’tiborini tortdi va tez orada Zaksenxauzen konslagerining komendanti Karl bilan tanishdi.

Ilza mamnuniyat bilan eriga yaqin yordamchi bo‘ldi. Garchi Buxenvaldda mavqei yo‘q bo‘lsada, tez orada u o‘zini qattiqqo‘l boshliq ekanligini isbotladi. Lagerdagi butun ayol xodimlarni nazorat qila boshladi. Mahbuslar Ilzaning eridan ko‘ra ayoldan  ko‘proq qo‘rqishardi. U ochiqchasiga vahshiylik qilardi: uning eng sevimli mashg‘ulotlaridan biri «aybdor»larni itga talatib huzur qilish edi. Yoki u mahbuslarni qamchi bilan holdan toyguncha urardi. Hattoki oq otda lagerni aylanarkan unga bexosdan ko‘zi tushib qolganlarni ham kaltaklardi. Tatuirovkali mahbuslar Koxning haqiqiy ishtiyoqiga aylandi. Uning o‘zi mahbuslar orasidan erkaklar tanlar va badaniga tatuirovka chizilganmi yoki yo‘qmi tekshirib ko‘rardi. Ayniqsa Yaponiya, Malayziyada xizmat qilganlarning tatuirovkalari qizil va yashil rangda chizilgani uchun Ilzaning ilhomiga ilhom qo‘shardi.

Uning e’tiboriga tushgan baxtsiz odamlar o‘ldirilar, tatuirovka qilingan terilari shilib olinardi. Ushbu teri bo‘laklaridan Ilza uy anjomlari, masalan, abajur, ya’ni stol lampalari uchun g‘iloflar yasadi.

Ammo Ilza bu bilan tinchlanmadi. U o‘z mahoratini oshirishni yaxshi ko‘rardi: inson terisidan qo‘lqop va hatto ichki kiyim tikishni boshladi.

U mahbuslarning azoblari haqida o‘ylashdan zavqlanardi. Ma’lumotlarga qaraganda ayolning xonasida inson ichki organlarining butun to‘plami mavjud bo‘lgan.

Ilza Koxning o‘ziga xos shafqatsizligi va o‘zboshimchaligi e’tibordan chetda qolmadi. Er-xotinga ogohlantirish berildi va keyin hibsga olindi. Ammo ular jazodan qochishga muvaffaq bo‘lishdi va tez orada er-xotin yana Buxenvaldga qaytishdi. Ularning ustaxonalarida mahbuslar terisidan minglab mahsulotlar ishlab chiqarila boshlandi: sumkalar, soch qisqichlari, kitob muqovalari, hamyonlar va otkritkalar.

1944-yilda ma’lum bo‘lishicha, er-xotin tomonidan talon-taroj qilingan qimmatbaho narsalar Reyxsbank g‘aznasiga tushmagan, balki Koxning shaxsiy mulkiga aylangan. Bunday kattalikdagi o‘g‘irlik muqarrar sud va qatlni anglatardi. Karl tribunalga olib kelindi va lager hovlisida otib tashlandi.

Ilza qochib ketdi va 1947-yilda hibsga olinmaguncha ozodlikda edi. O‘lim jazosidan qochish uchun ayol homilador bo‘lishga qaror qildi. Prokuror Ilzaning ahvoliga qaramay, o‘lim jazosini talab qildi, ammo u umrbod qamoq jazosiga hukm qilindi.

Qamoqxonada u o‘g‘il tug‘di. Bir yildan keyin undan bolani olib qo‘yishdi. Bola ulg‘aygach onasining haqiqiy o‘tmishini bilish uchun oldiga kela boshladi. 1967-yilda Ilza 60 yoshida choyshabdan ilmoq yasab o‘zini osdi. Yillar o‘tib, uning o‘g‘li onasining aybsizligini isbotlashga harakat qildi, ammo Buxenvald mahbuslarining dalillari jodugarning qora ishlarini hech qanaqasiga yashira olmadi.  

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring