Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Infolib Uzbekistan» haftaligiga start berildi

«Infolib Uzbekistan» haftaligiga start berildi

Foto: Matbuot va axborot agentligi

Bugun, 15-oktyabr kuni O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston milliy kutubxonasida joriy yilning 15-20-oktyabr kunlari bo‘lib o‘tadigan «Infolib Uzbekistan» VII Milliy axborot-kutubxona haftaligiga start berildi. Bu haqda Matbuot va axborot agentligi rasmiy sayti xabar bermoqda. 

Haftalik O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi tizimidagi Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim, Xalq ta’limi, Madaniyat, Sog‘liqni saqlash vazirliklari, Fanlar akademiyasi, O‘rta maxsus va kasb ta’limi markazi bilan hamkorlikda tashkil etilmoqda.

Mazkur haftalikini o‘tkazishdan asosiy maqsad – axborot-kutubxona foydalanuvchilarga yuqori darajada xizmat ko‘rsatish hamda kutubxona sohasida faoliyat yuritayotgan xodimlarni rag‘batlantirish, yoshlarda mutolaaga bo‘lgan mehrni oshirish, aholiga axborot-kutubxona xizmatlari ko‘rsatishni tashkil etishda kutubxonachilar o‘rtasida tajriba almashish va ilg‘or tajribalarni hududlarga borib joriy etishdan iboratdir.

— Mustaqillik yillarda boshqa sohalarda bo‘lgani kabi kutubxonachilik sohasida ham bir qator ishlar amalga oshirilib, qator muvaffaqiyat va yutuqlarga erishildi. Jumladan, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev va Hukumatimizning axborot-kutubxona sohasini rivojlantirishga qaratilgan ko‘plab qarorlari qabul qilinib, mazkur tizimda faoliyat yuritayotgan xodimlarga imtiyozlar yaratilishi bilan birga yangi-yangi vazifalar yuklatildi, — deydi tadbirning ochilish marosimida so‘zga chiqqan O‘zMAA Bosh direktorining birinchi o‘rinbosari Sobir Shukurov. — Ta’kidlash kerakki, o‘tgan yillar davomida mamlakatimizda kutubxona xizmatini yangi bosqichga olib chiqish bo‘yicha bir qator amaliy ishlar qilindi. Barcha qulayliklarga ega bo‘lgan Qoraqalpog‘iston Respublikasining Nukus va Beruniy shaharlarida bolalar kutubxonasi, Surxondaryo viloyati aholisi uchun Axborot-kutubxona markazlariga zamonaviy binolar qurib bitkazilib, foydalanishga topshirildi. Bundan tashqari kutubxonachilarimizning chet mamlakatlardagi kutubxonalarga tajriba alamashishi maqsadida xizmat safarlariga yuborilayotganligi ularning malakasini oshirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Yetti yildan buyon o‘tkazib kelinayotgan «INFOLIB» Milliy axborot-kutubxona haftaligining mavqei va ahamiyati ham yildan-yilga oshib bormoqda. Ushbu haftalik doirasida 40 dan ziyod turli mavzulardagi tadbirlar, seminarlar, davra suhbatlari, uchrashuvlar, taqdimotlar, mahorat darslari, ko‘rgazmalar, ko‘rik-tanlovlar, aksiyalar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Aytib o‘tish kerakki, mazkur haftalik O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Kitob mahsulotlarini nashr etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ‘ib qilish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturi to‘g‘risida» 2017 yil 13 sentyabrdagi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida o‘tkazilmoqda.

Haftalik 20 oktyabrgacha qadar davom etadi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring