Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Innovatsion rivojlanish vazirligi professor Zarifboy Ibodullayevning murojaati yuzasidan bayonot berdi

Innovatsion rivojlanish vazirligi professor Zarifboy Ibodullayevning murojaati yuzasidan bayonot berdi

Toshkent tibbiyot akademiyasi professori Zarifboy Ibodullayev ilmiy jamoatchilikka murojaat qilgandi.

O‘zbekiston Respublikasi innovatsion rivojlanish vazirligi tibbiyot fanlari doktori, professor Zarifboy Ibodullayevning o‘zbek olimlari va ilmiy jamoatchilikka murojaati yuzasidan bayonot berdi:

«O‘tgan besh yil mobaynida O‘zbekiston ilmiy-innovatsion faoliyati boshqa sohalar kabi isloh etildi. «Ilm-fan va ilmiy faoliyat to‘g‘risida»gi Qonun va «Innovatsion faoliyat to‘g‘risida»gi Qonun qabul qilindi. 2019-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini innovatsion rivojlantirish strategiyasi, Ilm-fanni 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi ishlab chiqilib, ularda berlgilangan vazifalar amalga oshirilyapti. Hozirda O‘zbekistonning 2030-yilgacha innovatsion rivojlantirish strategiyasi ishlab chiqilyapti. Bu hujjatlar asosida ilm-fanda ijod erkinligi, manfaatdorlik, raqobat, rag‘batlantirish va javobgarlik muhiti yaratildi.

Fan doktori ilmiy darajasiga ega bo‘lgan oliy o‘quv muassasalari va ITI xodimlarining bazaviy lavozim maoshlari oshirildi (2016-yilga nisbatan 3,2 barobarga), ilmiy-pedagogik faoliyat bilan shug‘ullanuvchi xodimlarga qo‘shimcha haq to‘lash tartibi joriy etildi. Shuningdek, xorijda olingan ilmiy daraja va ilmiy unvonlarni tan olishning huquqiy asoslari belgilab berildi.

Ilmiy ishlanmalarni tijoratlashtirishda manfaatdorlikka asoslangan ilmiy ishlanmalarni tijoratlashtirishning yangi tizimi yo‘lga qo‘yildi. 2018-2021-yillarda jami 228,8 mlrd. so‘mlik 372 ta ilmiy ishlanmani tijoratlashtirildi. Olib borilgan ishlar natijasida umumiy qiymati 235,3 mlrd. so‘m miqdorida mahsulot ishlab chiqarildi. Olimlarga ilk bora tijorat kompaniyalari tashkil etishga ruxsat berildi. O‘z tadqiqot natijalarini joriy etish va ishlab chiqarishdan oladigan daromadining 70 foizi ilmiy loyiha rahbari va uning ilmiy jamoasiga tegishli bo‘lishini nazarda tutuvchi rag‘batlantiruvchi tizim yaratildi.

Innovatsion texnologiyalarni mamlakat iqtisodiyotiga faol joriy etish uchun texnologiyalarni transfer qilish amaliyoti qo‘llanilmoqda

Ilm-fan va innovatsiyalarga sarf-xarajatlar 2017-yildan buyon sezilarli darajada oshdi. Ilmiy va innovatsion faoliyat bo‘yicha dastur va loyihalarni amalga oshirish uchun davlat budjetidan jami 1,488,3 mlrd so‘m (2018-yilda – 198 mlrd so‘m, 2019-yilda – 347,7 mlrd so‘m, 2020-yilda – 428,6 mlrd so‘m, 2021-yilda – 514 mlrd so‘m) ajratildi. Yosh avlod orasida ilm-fanga qiziqish ortib bormoqda.

Hozirda yurtimizda ilg‘or xorijiy tajribalar asosida ilmiy- tadqiqot ishlariga davlat buyurtmasi mexanizmi joriy etildi. Yangi tartib sifatida, yakuniy mahsulot va moliyalashtirish hajmi aniq bo‘lgan tematik loyihalarga davlat buyurtmasi muntazam ravishda e’lon qilinmoqda. Natijada raqobat muhiti shakllandi, doimiy grant mablag‘larini olish imkoni yaratildi. 2017-yilga nisbatan bitta loyihani moliyalashtirish 3,5 barobarga oshdi hamda mablag‘larning kamida 40 foizi ilmiy-tadqiqot faoliyatidagi zaruriy asbob-uskunalar, reagent va materiallar xaridiga yo‘naltirildi.

2019-2021-yillarda ilmiy faoliyatga oid davlat dasturlari doirasida amalga oshirilgan loyihalarning asosiy natijalari to‘g‘risida havola orqali ma’lumot olishingiz mumkin.

Tijoratlashtirilgan ilmiy loyihalar bilan havola orqali ma’lumot olishingiz mumkin.

Innovatsion hududga aylantirilayotgan 13 ta tumanda amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida havola orqali ma’lumot olishingiz mumkin.

Innovatsion startap loyihalarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari amalga oshirilmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Ilm-fanni moliyalashtirish va innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi 2019-yildan beri umumiy miqdori 46,8 mlrd so‘mlik jami 58 ta loyihalar moliyalashtirildi, shundan 48 tasi – startap loyihalar (40,6 mlrd so‘m) va 10 tasi – innovatsion, ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik loyihalari (6,2 mlrd so‘m).

Ushbu sa’y-harakatlarning barida ilm-fan rivojidan iqtisodiyot, aholi va olimlarning manfaat ko‘rishi nazarda tutilgan.

2017-yilning 1 iyulidan falsafa doktorlari (PhD) va fan doktorlari (DSc)ni tayyorlash bo‘yicha oliy o‘quv yurtidan keyingi ta’limning ikki bosqichli tizimi joriy etilganidan keyin ilmiy va ilmiy-pedagogik kadrlarni tayyorlashga kvotalar soni barqaror ravishda ortib bormoqda. Hozirda 2020-yilga nisbatan doktoranturaga ajratilgan kvotalar soni qariyb 5 barobarga oshdi. Shuningdek, doktorantlarga ilmiy-tadqiqot ishlarini amalga oshirish uchun moddiy shart-sharoitlarni yaratish va ularning mehnat faoliyatini yanada rag‘batlantirish bo‘yicha chora-tadbirlar ko‘rildi.

Ilmiy va innovatsion loyihalar tanlovini sifatli amalga oshirish maqsadida birinchi marta xalqaro tajribani o‘rganish asosida texnik va ilmiy ekspertiza o‘tkazishning yangi mexanizmlari joriy etildi. Loyihalarni tanlashning asosiy mezonlaridan biri olimlar – loyiha rahbarlarining H-index (Xirsh indeksi) qiymati bo‘ldi.

Mahalliy hokimiyatlarning ilm-fan va innovatsiyalarni rivojlantirish bo‘yicha vakolatlarini  kuchaytirish va viloyat ahamiyatiga ega shaharlarda innovatsiya markazlarini yaratish bo‘yicha ishlarning amalga oshirilayotganidir. Innovatsion rivojlanish vazirligi viloyat hokimliklari bilan birgalikda ushbu hudud aholisi va iqtisodiyotining real sektori ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda ilmiy va innovatsion loyihalarni moliyalashtirish bo‘yicha tanlovlar o‘tkazmoqda.

Hozirgi kunda respublikada 144 ta oliy o‘quv muassasalari mavjud bo‘lib, ulardan filiallarni ham qo‘shganda 104 tasi mahalliy, 40 tasi xorijiydir. Oliy ta’lim va mutaxassislik yo‘nalishlari klassifikatori 329 ta ta’lim yo‘nalishlari va 582 ta magistratura mutaxassisliklarini o‘z ichiga oladi. Bakalavriat yo‘nalishlarida tahsil olayotgan talabalar soni 590 ming nafar, magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha – 13 ming nafarni tashkil etadi, bu 2019-yilga nisbatan 2,1 barobar ko‘pdir. Respublikaning kamida 10 ta oliy o‘quv yurtini QS World University Rankings jahon universitetlari reytingining birinchi 1000 taligiga kiritish bo‘yicha ishlar amalga oshirilmoqda. 2021-yilda mustaqil O‘zbekiston tarixida ilk bor mamlakatning to‘rtta oliy o‘quv yurti – Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti (251-300); Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston milliy universiteti (351-400); Samarqand davlat universiteti (351-400) va Toshkent davlat texnika universiteti (351-400) QS World University Rankingsning Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo – EECA mintaqaviy reytingidan o‘rin olgan.

Hozirgi vaqtda O‘zbekistonda mamlakat innovatsion tizimini tashkil etuvchi asosiy institutlar aniqlandi, innovatsion faoliyatning chegaralari, elementlari va ishtirokchilari belgilandi, ilmiy va innovatsion faoliyatni rivojlantirish bo‘yicha chora-tadbirlar qabul qilindi, innovatsion salohiyatni shakllantirish va yanada takomillashtirishning samarali mexanizmlari ishlab chiqildi, me’yoriy-huquqiy asoslari yangilandi. Shuningdek, olimlarning jamiyatdagi mavqei oshirildi, ularni moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlashda ijobiy natijalarga erishildi, yoshlarning innovatsion faoliyatda faol ishtiroki ta’minlandi, jahon tajribasiga asoslangan samarali va shaffof loyihalarni moliyalashtirish mexanizmlari joriy etildi.

Shu bilan birga, yaqin 10 yil davomida innovatsion tizim va uning faoliyatini yanada takomillashtirish, iqtisodiy va ijtimoiy ahamiyatga ega ilmiy-tadqiqot va innovatsiyalarni rag‘batlantirish, xususiy sektorning ilm-fanga bo‘lgan qiziqishini oshirish bo‘yicha ilg‘or tajribalarni joriy etish, shuningdek, innovatsion salohiyat va samaradorlikda hududiy nomutanosibliklarni bartaraf etish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar rejalashtirilgan.

Ilm-fanni 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi asosida sohani rivojlantirishning strategik vazifalari belgilandi.

Konsepsiyada belgilangan vazifalar bugun amaliy natijasini bera boshladi.

Matematika sohasida – issiqlik elektrostansiyalarida energiya tejamkorligi va uskunalarning ishlash muddatlarini uzaytirish imkonini beruvchi matematik model ishlab chiqildi va amaliyotda sinovdan o‘tkazilmoqda.

Fizika sohasida – konstruksion metallar – po‘lat, titan qotishmalarini yuqori sifatda payvandlash materiallari ishlab chiqilib, hozirgi kunda Janubiy Koreya korxonalarida sanoat sinovlaridan o‘tkazilmoqda.

Kimyo sohasida – mis tarkibli rudalardan qimmatbaho metallarni ajratib olish uchun mahalliy xom ashyodan import analogiga nisbatan 2 barobar arzon yangi mahalliy kimyoviy reagent – flotoreagent ixtiro qilindi va konchilik sanoatiga joriy etish maqsadida yillik quvvati 500 tonnadan iborat kichik innovatsion ishlab chiqarish tashkil etildi.

Biologiya sohasida – birinchi marta O‘zbekiston hududida yashovchi aholining genofondi o‘rganilib, o‘zbek millatini genetik jihatdan kelib chiqishi va O‘zbekiston hududlarida yashovchi etnik guruhlarning xilma-xilligi o‘rganildi. Natijada dunyo populyasion genetik kartasiga o‘zbek millati genetik kodi kiritildi va nufuzli ilmiy jurnallarda chop etildi.

Geologiya sohasida – Ustyurt, Buxoro-Xiva, Xisor, Surxondaryo, Farg‘ona va Xorazm hududlarining uglevodorod resurs bazasi so‘nggi 5 yilda 10 foizga oshirildi.

Shuningdek, texnogen chiqindilarni qayta ishlashning yangi texnologiyalarini joriy etilish natijasida konchilik sohasida yiliga qo‘shimcha 792,6 tonna mis va 10 tonna kumush ishlab chiqarish imkoniyati yaratildi va yiliga 15,0 mln dollarlik iqtisodiy samaraga erishilmoqda.

Arxeologiya sohasida – o‘zbek davlatchiligining 2,5 ming yillik tarixini aks ettiruvchi «Uchtepa-Buloqmozor» arxeologik yodgorliklari topilmalari asosida «Moviy osmon ostidagi muzey» arxeologik ob’yekti tashkil etildi.

Qishloq xo‘jaligi sohasida – uzun tolali g‘o‘zaning o‘ta havfli fuzarioz vilt kasalligiga chidamli 3 ta yangi liniyalari yaratilib, AQShlik hamkorlar bilan birgalikda ro‘yxatdan o‘tkazildi.

Farmatsevtika sohasida – koronavirus infeksiyasiga qarshi 7 turdagi yangi mahalliy nomzod vaksinalar yaratildi, undan 6 tasi klinik oldi sinovlariga yetkazildi, 2 ta mahalliy vaksina JSST tomonidan nomzod vaksina sifatida ro‘yxatdan o‘tkazildi. Hozirgi kunda hayvonlarda laboratoriya sinovlari o‘tkazilmoqda.

Xitoylik hamkorlar bilan hammualliflikda koronavirusga qarshi yangi vaksina yaratildi, tijoratlashtirish natijasida 21,5 mln dozada vaksinalar ishlab chiqarilib, aholiga emlanish uchun yetkazib berildi.

Maqola chop etish faolligi – ilmiy maqolalarni chop etish soni va muntazamligi, «iqtibos keltirish indeksi» (har bir maqola bo‘yicha iqtibos keltirish), maqola va boshqalar chop etilgan jurnalning impakt faktori kabi omillarni o‘z ichiga oluvchi ilmiy nashrlar ko‘rinishidagi tadqiqotchi olimlar natijadorligining eng muhim ko‘rsatkichlaridan biri.

Jahonga mashhur Springer Nature nashriyotining jurnallarida O‘zbekiston olimlari har yili 200 dan ortiq maqolalarni chop etadi. Bunda, maqolalarning eng katta ulushi fizika yo‘nalishi bo‘yicha chop etilgan (28%), undan keyingi o‘rinlarni muhandislik fanlari (19%), matematika (15%), farmatsevtika (15%) va boshqalar egallaydi.

Scopus – yana bir eng yirik xalqaro ilmiy ma’lumotlar bazalaridan birida mahalliy olimlar maqolalarining miqdoriy ko‘rsatkichi tobora oshib bormoqda. 2017-2021-yillarda jami 6 673 ta ilmiy maqola chop etildi.

Shubhali jurnallarda maqola chop etish muammosi ham poytaxt, ham viloyat ilmiy va ta’lim muassasalariga xosdir. Bu fakt ushbu yo‘nalishdagi institutlarning tavsiya etilgan nashriyotlar bilan ishlashni tashkil etish vositalari va mexanizmlari haqida past darajada xabardorligini ko‘rsatadi.

Shuni alohida ta’kidlash kerakki, shubhali jurnallarda chop etilgan maqolalar olimlarning nafaqat vaqtini, moliyaviy resurslarini, balki professional obro‘sini yo‘qotishiga olib keladi, ya’ni mualliflar jahon ilmiy maydonida o‘z tadqiqotlarining natijalarini taqdim etish imkoniyatidan mahrum bo‘lishadi. Bundan tashqari, salbiy oqibatlar butun mahalliy ilm-fan imijiga ta’sir qiladi.

Maqolani rasmiylashtirish, mos nashrni topish bo‘yicha qiyinchiliklardan qochish uchun, shuningdek, maqola chop etish jarayoni muddatini qisqartirish istagida olimlar ko‘pincha haq evaziga ushbu majburiyatlarni o‘z zimmasiga olishga tayyor bo‘lgan vositachilarning xizmatlariga murojaat qilishadi. So‘nggi uch yil mobaynida chet ellik olimlar bilan hamkorlikda yozilgan maqolalar sonining pasayishiga ham ta’sir qilgan akademik firibgarlikning bunday shakllari ilmiy jamoatchilikning asosiy muammosiga aylandi

2020-yilning boshidan beri Innovatsion rivojlanish vazirligi olimlar uchun SpringerLink (Springer Nature) va Wiley (John Wiley & Sons, Inc.) kabi dunyodagi eng yirik ilmiy nashriyotlarning elektron platformalaridan erkin foydalanish imkonini ta’minladi. Ushbu platformalarda dunyoning eng yetuk olimlari tomonidan chop etilgan maqolalarning to‘liq matni mavjud. Mazkur kompaniyalarning vakillari tomonidan muntazam ravishda quyidagi mavzularda o‘quv seminarlari va vebinarlar o‘tkazib kelinmoqda

Shuningdek, 2019-yil avgust oyidan boshlab olimlarning ilmiy maqolalarini yuqori reytingli ilmiy jurnallarda chop etishga ko‘maklashish maqsadida Innovatsion rivojlanish vazirligi Xitoy tajribasiga tayangan holda «Proofreading Service» bepul xizmatini taqdim etmoqda. Texnik talablarga muvofiq rasmiylashtirilgan, yuqori reytingga ega ilmiy jurnallarda chop etilishi rejalashtirilgan ilmiy maqolalar vazirlikning proofreading@mininnovation.uz elektron manziliga ingliz tilida taqdim etiladi.

Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Ilmiy-texnik axborot markazi tomonidan O‘zbekiston olimlari va tadqiqotchilari uchun ingliz tili bilimi va amaliyotini takomillashtirishga qaratilgan «English for Science» dasturida olimlarga nufuzli ilmiy jurnallarda maqolalar chop etish ko‘nikmalari berib kelinmoqda.

Mamlakatda plagiatning oldini olish va ilmiy etikaga rioya qilish bo‘yicha ishlarning yo‘lga qo‘yish maqsadida 2021-yilning mart oyida Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Ilmiy-texnik axborot markazi milliy plagiatga qarshi kurash tizimi va ilmiy chop etilgan maqolalar bo‘yicha milliy ma’lumotlar bazasining elektron platformasini joriy etish bo‘yicha konsepsiya va amalga oshirish rejasi loyihasini ishlab chiqdi. Hujjatda birinchi navbatdagi vazifa etib ilmiy va innovatsion loyihalar bo‘yicha hisobot hujjatlari, patent bazasi, dissertatsiyalar va chop etilgan maqolalar fondini o‘z ichiga olgan ilmiy-texnik ma’lumotlarning yagona Milliy bazasini (markaziy repozitariy) shakllantirish belgilangan. Hozirgi vaqtda ushbu ma’lumotlarning barchasi Milliy kutubxona, Davlat arxivi, Ilmiy-texnik axborot markazi, Intellektual mulk agentligi, OTM va ITIlari kabi tashkilotlarda saqlanmoqda.

O‘zbekiston va jahon ilmiy jamoatchiligi vakillari mahalliy ilm-fan yutuqlari, so‘nggi voqealar va bo‘lajak ilmiy tadbirlar haqida va yana ko‘plab boshqa narsalar bilan tanishib chiqishlari mumkin bo‘lgan Milliy ilmiy veb-portali (www.nsp.gov.uz) hamda ilm-fan va innovatsiyalar sohasi rivojlanishining statistik ma’lumotlari va ko‘rsatkichlarini to‘plash, qayta ishlash va taqdim etish jarayonlarini optimallashtirish uchun Ilmiy-texnik axborotning ixtisoslashgan axborot-tahliliy tizimi (www.ias.gov.uz) ishlab chiqilmoqda. Investitsiya kompaniyalari, IT-parklar, konsalting firmalar, kovorking markazlar, texnoparklar, biznes akseleratorlar, maxsus iqtisodiy zonalar, erkin iqtisodiy zonalar, kichik iqtisodiy zonalar, ilmiy laboratoriyalar)to‘g‘risida ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan O‘zbekiston Respublikasi Ilmiy va innovatsion infratuzilmasi navigatori (www.navigator.uzmip.uz) ishga tushirildi.

Respublikada so‘nggi yillarda innovatsion faoliyat borasida olib borilayotgan islohotlar natijasida O‘zbekiston 2020-yilda Global innovatsion indeksi xalqaro reytingiga besh yillik tanaffusdan so‘ng 2015-yilga nisbatan 29 pog‘onaga ko‘tarilgan holda qayta kiritildi. Xususan, 2021-yilda O‘zbekistonning GII dagi o‘rni yaxshilanib, 2020-yilga nisbatan 7 pog‘ona ko‘tarilgan.

Yuqorida keltirilgan ma’lumotlardan kelib chiqib, professor Z. Ibodullayevning “O‘zbekiston ilm-fani tobora jar yoqasiga yaqinlashmoqda” degan fikri haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini ma’lum qilamiz».

Innovatsion rivojlanish vazirligi
axborot xizmati

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring