Inspektor besh yoshli bolaning hayotini saqlab qoldi

– Bolam, bolam, bolamga yordam beringlar. U o‘lib qolyapti…, – keksa onaxonning jonholatdagi qichqirig‘ini eshitgan odamlar unga qarab shoshishdi. Biroq, onaxonning yordam so‘rashlari zoye ketdi. Atrofda 20 dan ortiq kishi to‘plangan bo‘lsa-da, tutqanog‘i tutib, hushini yo‘qotgan bolaga hech kim yaqinlashmadi.
Ayni shu paytda Vobkent tumanidagi Terakli mahallasi hududidan o‘tib ketayotgan profilaktika inspektori odamlar to‘plangani va baqir-chaqir bo‘layotganini ko‘rib, zudlik bilan xizmat mashinasidan tushib, to‘da ichiga o‘zini uradi. Keksa onaxonning bag‘rida hushsiz yotgan 5 yoshar bolani shoshilinchda ko‘tarib, xizmat mashinasi bilan shu hududdagi 1-sonli oilaviy poliklinikaga olib boradi.
Tibbiyot xodimlari tomonidan bolaga tezkor yordam ko‘rsatilgan. Tibbiy muolajalar orqali bola o‘z hushiga keltirilgan. Bir necha soatdan so‘ng esa bola oyoqqa turgan.
«Nevaram qo‘limda jon talvasasida edi. Qo‘rqib qolganimdan shu qadar yordam so‘rab baqirdimki, bir pasda atrofimni yigirmadan ortiq odamlar o‘rab olishdi. Ammo, hech biri yordam bermadi. Aqalli, qo‘l uchini tekkizish tugul, «Tez yordam»gayam qo‘ng‘iroq qilishmadi. Shu topda inspektor bola kelib qoldi-da, o‘ylab ham turmay, bolamni dast ko‘tarib, mashinasiga qarab yugurdi. Bizga inspektor bolamni Xudo yetkazdi. Boriga shukur. Kam bo‘lmasin. Nevaramning hayotini saqlab qoldi. Dilim og‘rigan joyi: odamlar to‘planishdi-yu, tomoshabin bo‘lib turishdi. Agar shu yerda osh yoki boshqa yegulik tarqatishayotgan bo‘lishsa, o‘qdek otilishardi. Mening go‘dakkinam esa jon talashayotgandi…», – dedi o‘ksib onaxon.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter