Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Institut kimga xalaqit beryapti? Taniqli olimdan tanqidiy maqola

Institut kimga xalaqit beryapti? Taniqli olimdan tanqidiy maqola

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida Sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy-tadqiqot institutining Farg‘ona ilmiy tajriba stansiyasini tashkil etish to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasi e’lon qilinibdi.

Meni hayratga solgan narsa boshqa institutga ilmiy tajriba stansiyasi qilib berilayotgan yer hozirda institutimizning tajriba stansiyasi hisoblanadi.

Ushbu tajriba stansiyasida O‘zbekistonning Farg‘ona vodiysi va unga qo‘shni davlatlar tuproq-iqlim sharoitlariga mos keladigan paxta va bug‘doy navlari seleksiyasi, urug‘chiligi bilan shug‘ullaniladi. Institut olimlari tomonidan ko‘plab istiqbolli navlar seleksiya qilingan va Farg‘ona tajriba stansiyasida ko‘paytiriladi. Shuningdek, ilmiy loyihalar, dissertatsiyalar bajariladi. Meni qayg‘uga solayotgan birinchi jihat – ishlayotgan, asta oyoqqa turayotgan institutning yerlarini olib qo‘yish mantiqqa to‘g‘ri keladimi?

Meni juda va juda ko‘nglimni og‘ritayotgan ikkinchi jihat – institutimizning yerlarini olib qo‘yilayotgani. Avvalroq, institutning Toshkent viloyati Zangiota tumanidagi 32 ga tajriba dalasi qay bir klasterga olib berildi. Hozir o‘t-o‘lanlar o‘sib yotibdi, ishonmasangiz borib ko‘ring. Bu institut uchun juda katta zarba bo‘ldi. Sababi, institutning asosiy yo‘nalishi g‘o‘za, bug‘doy va soya navlari, tizmalarini yaratish, ularni ko‘paytirish, urug‘chiligini yo‘lga qo‘yish bo‘lib, bu ishlar uchun dala kerak. Dala bo‘lmasa bu ishlar amalga oshirilmaydi.

Institutimizning aksariyat laboratoriyalari g‘o‘za va bug‘doy seleksiyasi, urug‘chiligi, genetikasi, o‘simliklar biokimyosi va fiziologiyasi, molekulyar biologiyasini tadqiq etishga ixtisoslashgan. Dunyo g‘o‘za navlari genofondini saqlaydigan alohida laboratoriya mavjud bo‘lib, unda 40 ga yaqin olimlar, doktorantlar faoliyat olib borishadi.

Meni shokka tushirgan uchinchi jihat – Do‘rmon tajriba dalamizning 2 ga maydonini Fanlar akademiyasining hozirgi rahbariyati tomonidan hovli qilib bo‘lib olinishi bo‘ldi. Qurilishlar avjida.

Asosiy yo‘nalishi qishloq xo‘jaligi bilan bog‘liq institutning yerlari olib qo‘yilsa olimlar tajribalarini qayerda bajaradi?

Eng qizig‘i, 2017 yili Prezidentimiz Farg‘ona viloyatiga tashrifi chog‘ida ushbu tajriba stansiyasiga tashrif buyurgan, bu yerdagi ishlarga yuqori baho bergan, ayrim mutasaddilarga ilmiy loyihalarni amalga oshirishga yordam berishni tayinlagan, bu vazifalar bo‘yicha yo‘l xaritasi tuzilgan va shu asosda qator loyihalar boshlangan edi.

Mutasaddilar qaror loyihasini tayyorlashdan avval Prezident ko‘rsatmalarini bir karra o‘qib chiqqanida maqsadga muvofiq bo‘lardi.

Eng og‘riqli masala, Fanlar Akademiyasi bu safar ham oddiy tomoshabin bo‘lib turibdi. Amalda, Fanlar akademiyasi va Qishloq xo‘jaligi tasarrufidagi institutlar raqobatchi hisoblanadi. Har ikki tizim qishloq xo‘jaligiga navlar yetkazib berishda raqobatlashadi. Lekin, raqobatchi tizimga FAning qarshilik qilmagani qiziq. Aslida-ku, men FA rahbariyatidan ijobiy narsalar kutmay qo‘yganman.

Birinchi savol: ishlayotgan institutni chopish o‘rniga qo‘llab-quvvatlash kerak emasmi? Ilmiy salohiyat tomonidan, komil ishonch bilan ayta olaman, institutimizda yuqori H-indeksli olimlar juda ko‘p va bu jihat bilan O‘zbekistonda yetakchi. Hammamizning ilmiy yo‘nalishimiz o‘simlik, biologiya; yerimiz tortib olinsa asosiy qurolimizdan ayrilamiz. Tajriba stansiyasi bo‘lmagan institutni amalda yopsa ham bo‘ladi, sababi, unda ilm bo‘lmaydi.

Ikkinchi savol: O‘zbekistonga o‘simliklar genetikasi kabi fan kerak emasmi? Axir, birgina shu institut o‘simliklar, mikroorganizmlar genetikasi bo‘yicha hozircha faoliyat olib bormoqda, unga yordam bermayapsizlar, hech bo‘lmasa, to‘g‘anoq bo‘lmanglar!

Ilm-fan taqdiriga befarq bo‘lmagan jamiki rahbarlardan bizga – O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi genetika va o‘simliklar eksperimental biologiyasi institutiga yordam berishingizni iltimos qilaman.

Iltimos, yerlar olib qo‘yilmasin. Usiz ilm qilolmaymiz.

Institutda bu yil har qachongidanda yoshlar ko‘p, ular aro yo‘lda qolib ketmasin.

Biz O‘zbekistonga kerakmiz.

Baxtiyor Abdug‘afur

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring