Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Iste’molchi sifatida huquqim buzildi, qayerga murojaat qilay?» (video)

«Xabar.uz» mehmoni — Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi huzuridagi Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi reklama faoliyatini tartibga solish boshqarmasi bosh mutaxassisi Said Boburxon Jo‘rayev iste’molchi huquqlari buzilishiga noqonuniy reklama qay darajada ta’sir ko‘rsatishi haqida o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.

– Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish agentligining vazifalari nimalardan iborat?

– Agentligimiz 2019-yil 11-sentyabrda davlatimiz rahbari tomonidan tegishli farmonga asosan tashkil topgan. Vazifamiz iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish va reklama bozorini tartibga solishdan iborat.

Agentlik 17 mingdan ortiq iste’molchilarning poymol bo‘lgan huquqlari bo‘yicha murojaatlarini ko‘rib chiqdi, 80 foiz murojaat ijobiy hal bo‘ldi. 16 mlrd. so‘mdan ortiq mablag‘ iste’molchilarga qaytarildi.

Iste’molchilar sizlarga qay tartibda murojaat qilishadi?

– Agentligimizning 1159 qisqa raqami bor. Barcha hududlardan murojaat qoldirsa bo‘ladi. Hozirgi kunda ommalashib borayotgan ijtimoiy tarmoqlar orqali ham murojaat qilishadi. Telegramda, instagram, feysbukda rasmiy profillarimiz mavjud, telegram-bot orqali mutaxassislar bilan bog‘lanish imkoniyati bor. Consumer.gov.uz veb-saytimiz orqali barcha ma’lumotlarni olish va murojaat qilish imkoniyati yaratilgan.

«Reklama to‘g‘risida»gi qonunga kiritilgan o‘zgartish va qo‘shimchalardan kutilayotgan natijalar, umuman, shu qonunga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritishga qanday ehtiyoj bo‘lgandi?

– Reklamaning aylanishi sohasidagi munosabatlarni tartibga solish, shu jumladan, iste’molchilarni noto‘g‘ri reklamadan himoya qilish, reklama bozori ishtirokchilariga uchun qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida joriy yilning 7-iyunida yangi tahrirdagi «Reklama to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni qabul qilindi va 9-sentyabrda kuchga kirdi. Reklama bozori tez rivojlanadigan bozorlardan hisoblanadi. Avvalgi reklama to‘g‘risidagi qonunda ko‘p tushunchalar yo‘qligi, vakolatli organlarning vakolatlari keraklicha yoritilmagani, reklama beruvchi va tarqatuvchilarning huquqlari belgilanmagani bois yangi qonun qabul qilishga ehtiyoj tug‘dirdi. Yangi qonunda shu kamchiliklar bartaraf etildi. Asosiy o‘zgarishlardan bittasi reklama endi faqat davlat tilida beriladi. Tadbirkor ehtiyojiga ko‘ra, boshqa tillarda ma’lum shartlar asosida tarjimasi berilishi mumkin.

– Keyingi vaqtlarda OAV hamda ijtimoiy tarmoqlarda joylashtirilayotgan dori vositalari reklamalarida ularning arzon, qulay narxda ekanligiga urg‘u berilib, taniqli shaxslar, tibbiyot xodimlari jalb qilinayotganiga guvoh bo‘layotgandik. Qolaversa, shaxslarning doridan ahvoli butkul yaxshilangani bo‘yicha minnatdorlik va e’tiroflaridan foydalanish holatlari video, audio hamda fotosuratlari bilan berilishi kuzatilayotgandi. Dorilar reklamasining bunday tarzda berilishi to‘g‘rimi? Ularni kim nazorat qiladi?

– Albatta, xalqimiz bunday reklamalarga ishonib, shifokor maslahatisiz ham dori vositalarini xarid qilaverishi mumkin. Oqibatda ba’zilarining sog‘lig‘iga ijobiy ta’sir ko‘rsatish o‘rniga ziyon yetkazadi. Bundan tashqari, xarid qilgan pullariga kuyib qolayotganlar ham bor.

Qonunning 34-35-moddalarida dori vositalari va biologik qo‘shimchalarga ma’lum bir cheklovlar o‘rnatilgan. Yangi qonunga ko‘ra, reklamalar biologik faol qo‘shimchalar davolash xususiyatiga ega, degan tasavvur uyg‘otmasligi kerak. Bundan tashqari, uchinchi shaxsga minnatdorlik bildirmaslik kerak. Ushbu mahsulotlar dori emasligi, qo‘shimcha, shunchaki biofaol mahsulot ekanligi ogoh qilib o‘tilishi kerak. Dori vositalari reklama qilinganda esa eng samarali, eng xavfsiz degan iboralarni aytish taqiqlandi. Va taniqli shaxslardan foydalanish mumkin emas. Agar shunday yo‘l tutilsa, biz bemorlar shifokor maslahatisiz o‘zini o‘zi davolashiga yo‘l qo‘yib bergan bo‘lamiz. Yo‘riqnoma bilan qabul qiling, degan ogohlantirish reklamada aytib o‘tilishi kerak.

Qonun qabul qilingandan keyin dori vositalari reklamasi bo‘yicha murojaatlar tushdimi?

– Biologik faol qo‘shimchalar haqida savollar tushdi. Biologik qo‘shimchalarni sotib olib, sehrli ta’sirini ko‘rishmaganini aytishdi. Shu bois targ‘ibot ishlari orqali qonunning mohiyati va tahrirlari tushuntirilmoqda, yangi kiritilgan o‘zgarishlar haqida tadbirkorlar bilan suhbatlar o‘tkazilmoqda. Qonunning 7-moddasiga ko‘ra, noto‘g‘ri reklama orqali sotib olingan tovar mablag‘i to‘liq qaytarilishi kerak. Shu asosda agentligimiz tomonidan dori va biologik faol qo‘shimchalar reklamasi orqali jabr ko‘rganlarga 70 mln. so‘mdan ortiq mablag‘ qaytarildi.

Reklamalarda qonunda, xususan taqiqlangan tamaki, alkogol, giyohvand, narkotik, pornografik, qurol kabi mahsulotlarni reklama qilganlik, noto‘g‘ri reklama berganlik, dori, energetik ichimliklar va boshqalar reklamasiga qo‘yilgan talablarni buzgan yuridik shaxslarga qanday javobgarlik belgilangan? Bularning oldini olish maqsadida agentlik tomonidan qanday ishlar amalga oshirilmoqda?

– Agent o‘rganishlari davomida 297 holatda alkogol va tamaki mahsulotlari, 162 holatda bukmekerlik va qimor o‘yinlari reklamasi aniqlandi. Reklama to‘g‘risidagi yangi qonun bilan moliyaviy sanksiyalar joriy etilgan bo‘lib, qonunchilikni buzganga tegishli moliyaviy sanksiyalarimiz bor, noto‘g‘ri reklama berganlik uchun ma’muriy javobgarlik belgilangan. Boshqa vakolatli davlat organlari bilan hamkorlikda 50 dan ortiq bukmekerlik va qimorga asoslangan saytlarga kirish cheklandi.

Qimor o‘yinlarining o‘zi noqonuniy, faqat reklamasi emas. Ijtimoiy tarmoqdagi mashhur shaxslar ushbu taqiqning mavjudigini bilmagan holda o‘zlarining shaxsiy sahifalari orqali yoritib borgan. San’atkorlar ichida, mashhur shaxslar bilan bu noqonuniy ekanligi mavzusida davra suhbatlari o‘tkazildi. Agentlik rasmiy saytida ham qimor o‘yinlari noqonuniy ekanligi haqida doim ogohlantiramiz.

Ba’zan televideniye va radio orqali berilayotgan ko‘rsatuv va eshittirishlar oralig‘idagi reklama va reklama haqidagi anonslar tovushi me’yordan baland ko‘tarilib ketayotgani iste’molchilarning haqli e’tiroziga sabab bo‘lmoqda. Bu holat keksa yoshdagilar, kichik yoshdagi bolajonlarga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Yangi tahrirdagi qonunda reklamalar tovushi balandligiga me’yor belgilanganmi?

– Reklama to‘g‘risidagi qonunda baland ovozli reklamalar berish mumkin emas. Maxsus vakolatli tashkilot bor. Iste’molchilardan e’tiroz keladigan bo‘lsa har bir telekanalga biriktirilgan xodim kunlik reklama hajmi, ovoz balandligini monitoring qilib boradi. Ekspertlarning xulosasiga ko‘ra, reklamaning ovozi ko‘tarilgan bo‘lsa, ya’ni reklama qonuni buzilgan bo‘lsa, maxsus komissiya ish qo‘zg‘atadi.

Bugungi kunda tijorat telekanallarida o‘tkazilayotgan yutuqli teleo‘yinlar haqida oldindan odamlarni qiziqtiruvchi reklamalari berib borilayotganiga guvoh bo‘lyapmiz. Teleo‘yinlar o‘tkaziladi, unda bir qator ishtirokchilar yutuq va sovrinlarga ega bo‘ladilar, ammo sovrin va yutuqlar o‘z vaqtida berilmaydi. Buni ijtimoiy tarmoqlarda ularning qoldirgan ko‘plab murojaatlaridan bilishimiz mumkin. Mazkur holatda muammolarga sabab nima? Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi bu masalaga qanday baho beradi? Rag‘batlantiruvchi aksiya ishtirokchilaridan tushgan murojaatlar bormi, ularning yechimi qanday?

– Agentligimizga yutuqli o‘yinlardan juda ko‘p shikoyatlar kelmoqda. O‘rganish natijalariga ko‘ra, sovrinlar yutib olingani va sovrinlar belgilangan muddatda yetkazilmagani aniqlandi. Qonunga o‘zgartirish kiritilmasdan oldin tadbirkor, aytaylik, o‘z faoliyatini boshlaganda hali brend bo‘lmagan tovarni sotib olishingiz uchun 100 ta uy yoki mashina va’da qiladi. Endi yangi tahrirdagi qonunda tadbirkor yutuqli aksiya o‘tkazishi uchun unda jamg‘arma bormi-yo‘qmi aniqlanadi. Yaqinda shunday yutuqli o‘yinlarning birida qonun buzilishi kuzatildi va barcha aksiya g‘oliblariga sovrinlarni belgilangan muddatda yetkazib berish bo‘yicha ko‘rsatma berildi. Afsuski, tashkilot ko‘rsatmani bajarmadi — pulni to‘lay olmadi. Ma’muriy javobgarlikka tortish bo‘yicha tegishli xat chiqarildi. Bundan tashqari, barcha materiallar yig‘ilib, firibgarlik alomatlari mavjudligi bois, Ichki ishlar vazirligiga xat chiqarildi.

Mahsulotni sotib olishda g‘oliblikka qiziqmaslik tavsiya qilamiz. G‘olib bo‘lishdan oldin sifatiga qarashsin. O‘sha tashkilotning salohiyati, jamg‘armasi bormi, shularga e’tibor berish kerak. Agar bu masala bo‘yicha izlanib topisholmasa, «aksiyada qatnashmoqchiman, reklamasida shu sovrin va’da qilingan, jamg‘armasini tekshirib berilishini so‘rayman», deyilsa, tegishli tartibda o‘rganib chiqiladi. Yil yakuniga ko‘ra, yutuqli aksiyalar bo‘yicha o‘rganish o‘tkaziladi. 2020-yil yakuni bo‘yicha agentligimiz tomonidan shunday tashkilotlar faoliyati o‘rganildi va 20 ga yaqin iste’molchiga sovg‘alari yetkazib berildi.

Bugungi kunda ko‘pchilik elektron tijoratdan foydalanadi. Mahsulotlar xarid qilishadi, xizmatlarga buyurtma berishadi. Elektron tijoratda mahsulot reklamasi qanday berilishi kerak? Chunki mahsulotni ushlab ko‘rishning imkoni yo‘q, ta’mini ta’tib ko‘rib bo‘lmasa.

– Murojaat qilayotganlar juda ko‘p. Qonunga muvofiq, kassa chekini olishlarini so‘rardik. Bu ertaga bizga murojaat qilishganida, shikoyatlarini ko‘rib chiqish uchun asos bo‘ladi. Bularni tadbirkor deyolmaymiz, chunki bularda kassa apparatlari mavjud emas. Mahsulot sifatsiz chiqsa buni qaytarish yoki tasdiqlash juda qiyin bo‘ladi. Ushbu tashkilotning yuridik manzili bormi, sertifikati bormi, ro‘yxatdan o‘tganmi, shularga e’tibor berish kerak.

So‘ngi vaqtlarda internet va ijtimoy tarmoqlarda biznes-treninglar, taqdimotlar, mahorat darslari, motivatsion darslarni reklama qilish holatlari ko‘plab uchramoqda va bu turkumdagi tadbirlar bugungi kunda asosiy muhokama mavzusiga aylanmoqda.

– Bunday treninglarning foydalilik yoki foydasizligini belgilash imkoni yo‘q. Lekin treninglar bo‘yicha aniq sizga foyda beradi, hayotingiz tubdan o‘zgaradi, cho‘qqilarga erishasiz, degan reklamalar mumkin emas. Ba’zi biznes-trening seminarchilarining u qadar bilimi yuqori emasligini ko‘ramiz. Mutaxassisning professionalligiga qarash kerak. Agar shunday holat aniqlansa, agentligimiz tomonidan reklama materiallari o‘rganiladi va mablag‘i qaytariladi. Qonun talablari, shunindek, o‘zlarini reklama qilayotgan psixologlarga ham tegishli.

Madaniy meros obyektlariga tashqi reklamalarning joylashtirilganiga ko‘zimiz tushadi. Agentlik tomonidan bunday reklamalar aniqlanib, choralar ko‘rilganmi?

– Nafaqat agentligimiz, balki Madaniy meros agentligi, hokimiyat vakillari hamkorlikda barcha madaniy meros obyektlari xatlovdan o‘tkazib turiladi. Joriy yilda 340 ta holat aniqlangan, madaniy meros obyektlari va tutash bo‘lgan hududlarda bannerlar, tashqi yozuvlar qo‘yilgan. Vazirlar Mahkamasining 104-sonli qaroriga muvofiq, tashqi reklama joylashtirish mumkin emas. Reklama to‘g‘risidagi yangi qonunda ham madaniy meros obyektlariga tashqi reklama joylashtirish taqiqlangan. Hududiy boshqarmalarimiz tomonidan muntazam tekshiruvlar olib borilib, bartaraf etilgan.

Mazkur suhbatdan foydalangan holda xulosa o‘rnida iste’molchilarga qanday tavsiyalarni berib o‘tasiz.

– Aholi orasida agentligimiz tomonidan moliyaviy savodxonlik darslari, iste’molchilik madaniyati yuzasidan o‘quv seminarlari o‘tkazilmoqda, ana shu tadbirlar doirasida biz o‘zimiz haqimizda muntazam ma’lumotlar berib boramiz. Qolaversa, iste’molchilar huquqlari qanday va reklama to‘g‘risidagi qonun bo‘yicha savollar paydo bo‘lsa, bizning qisqa raqamimiz — 1159, ijtimoiy tarmoqdagi rasmiy profillarimizga hamda Consumer.gov.uz veb-saytimiz orqali murojaat qilishlari mumkin.

Barno Sultonova suhbatlashdi

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring