Iyul oyida bizni qanday ob-havo kutmoqda?

Respublika gidrometeorologiya xizmati kelayotgan iyul oyida ob-havo qanday bo‘lishi mumkinligi haqida ma’lumot berdi.
Ushbu yilda, so‘nggi yillarda tez-tez qayd etilganidek, iyul oyi o‘rtacha yillik qiymatlardan 1-2 darajaga iliqroq bo‘lishi kutilmoqda.
Iyul oyi havo harorati ko‘tarilishi bilan boshlanadi. 2-iyul kuni respublika shimolida, janubida va cho‘l hududlarida, 3-5-iyul kunlari hududning katta qismida havo harorati 40-43 darajagacha, janubda va cho‘l hududlarda ba’zi joylarda 44-46 darajagacha ko‘tariladi.
5-iyul kuni respublikaning g‘arbiy yarmi bo‘yicha, 5-iyulda barcha hududlar bo‘yicha harorat 4-6 darajaga pasayadi. Biroq, iyul oyida salqin havoni kutmaslik kerak.
Oy oxirigacha harorat asosan 36-39 daraja, ayrim eng issiq kunlarda esa 40-41 darajagacha, janubda va cho‘l hududlarda 42-43 darajagacha bo‘lishi kutilmoqda.
Iyul oyida yog‘ingarchilik bo‘lishi ehtimoli kam.
Iyul yoz faslining o‘rtasi bo‘lib, O‘zbekistonda eng yuqori havo harorati aynan shu oyda kuzatiladi.
Iyul oyining o‘rtacha maksimal harorati (yoki iqlim me’yori) respublika hududining katta qismida 35-37 darajani, janubda va cho‘l hududlarda 38-40 darajani tashkil etadi.
Ammo deyarli har yili iyul oyida havo harorati 40-42 darajagacha, shimolda, janubda va cho‘l hududlarda 43-45 darajagacha, eng issiq yillarda esa undan ham yuqori bo‘ladigan juda issiq davrlar kuzatiladi.
Havo harorati 40 daraja va undan yuqori bo‘lgan o‘rtacha kunlar soni respublikaning markaziy va sharqiy hududlarda 1-3 kun, shimoliy va janubi-g‘arbiy hududlarda 3-7 kun, cho‘l hududlarda va janubda 10-15 kunni tashkil etadi.
So‘nggi yillarda bunday issiq kunlar sonining ko‘payish tendensiyasi kuzatilmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter