Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Izzattalab hokimning «o‘jar» sudyaga gapi o‘tmadi (audio)

Izzattalab hokimning «o‘jar» sudyaga gapi o‘tmadi (audio)

Illyustrativ foto

Fuqarolik ishlari bo‘yicha G‘uzor tumanlararo sudining raisi Sattor Aqanov va G‘uzor tumani hokimi Sa’dulla Boboqulovning orasidan «olamushuk» o‘tdi. Bunga sabab hokimning izzattalabligi va sud raisining «o‘jarligi»dir. Ikki mansabdor o‘rtasida kechgan suhbat audiosi shunga dalolat qiladi.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan audioga ko‘ra, avvaliga hokim yordamchisi sud raisiga qo‘ng‘iroq qilib, hokim so‘rayotganini aytadi va go‘shakni rahbariga tutqazadi. Telefondagi suhbat boshlanmayoq qo‘r yemaydi. Yordamchisi tomonidan «o‘zini tanishtirganiga qaramay» sud raisi salom bermagani hokimga og‘ir botadi chog‘i, «yoshingiz kichik, salom bersangiz bo‘ladi-ku?!» deya  iddao qiladi. O‘z navbatida sud raisi «protsessda ekanini» aytar ekan, «Nima gap?» deydi. Chamasi, hokimning izzattalabgi sud raisiga ham yoqmaydi. O‘rtada xiyol gap o‘tgach, tuman rahbari sud raisidan «qabuliga kelish»ni talab qiladi. Bunga javoban rais: «Bormayman, kechirib qo‘yasiz, sizni qabulingizga», deydi...

Shundan so‘ng tomonlar bir-biriga  asabiy ohangda «salomatlik tilab», go‘shakni qo‘yishadi.

Suhbatdan so‘ng ikkala tomon ham ichida bir-birini rosa «alqagani» ehtimoli katta.

Bosh qomusga ko‘ra, sudyalar mustaqildir, faqat qonunga asosan ish ko‘radi. Shunday ekan, tuman rahbarining sud raisidan «qabuliga kelishni» talab qilishini oqlab bo‘lmaydi. Demak, sud raisining «o‘jar»ligini to‘g‘ri tushunish va qabul qilish kerak.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring