«Jahonga yo‘l». Ko‘ngillilar boshlagan dastur qanday davom etmoqda?

Bir guruh ko‘ngillilar asos solgan O‘zbekistonda mustaqil xalqaro ijodiy rezidensiya dasturi doirasida yurtimizga dunyo davlatlaridan o‘ndan ziyod shoir, adib va tarjimonlar tashrif buyurdi.
Bahorgi dasturda jumladan, Mariya Filipova (Bolgariya), Muhammad Al-Domayni (Saudiya Arabistoni), Muhsine Arda (Turkiya), Irena Kobald (Avstraliya), Kyo‘ Bih Hau (Vetnam), Boyan Angelov (Bolgariya), Attila Balaj (Ruminiya), Henriyetta Somogyi (Slovakiya), Chagnam Erkmen (Turkiya), Yorma Kastinen (Finlyandiya), Qubonichbek Mamarayimov (Qirg‘iziston), Mehriddin O‘tegenov (Qozog‘iston) kabi ijodkorlar qatnashmoqda.
Dastur doirasida mushoiralar, ijodiy seminarlar, Samarqand, Buxoro, Xorazm, Jizzax, Toshkent, Namangan, Andijon, Farg‘ona viloyatlaridagi tarixiy manzillarga madaniy sayohatlar tashkil etilmoqda. Shuningdek, xalqaro adabiy va badiiy hamkorlik loyihalari muhokama etilmoqda.
“Qaysi yurtga borsam, odamlar O‘zbekistonda ham yillik xalqaro adabiyot festivallari yoki rezidensiya dasturlari o‘tkaziladimi, deb so‘rashadi. Afsuski, bunday tadbirlar bizda hali yo‘q, shuning uchun men yetti yil oldin ushbu dasturni oilam, do‘stlarim va volontyorlar yordamida boshladim. Biz adabiyot va san’at do‘stlik ko‘prigi barpo etib, jahonga yo‘l ochishiga qodir ekaniga ishonamiz. Dasturimizni yanada yuqori pog‘onada o‘tkazishimiz uchun mahalliy biznes, madaniyat tashkilotlari va mustaqil ijodiy ovozlarni qo‘llab-quvvatlashni muhim deb biladiganlar yordam berishsa, biz juda minnatdor bo‘lamiz”, – deydi dastur asoschisi, shoir va tarjimon A’zam Obid.
Yaqinda dasturning xalqaro ishtirokchilari, “Sayyora shoirlari” xalqaro tarmog‘i va boshqa ijodkorlar O‘zbekiston Prezidentiga ochiq xat yo‘llab, mustaqil adabiy va madaniy tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlashni so‘radilar. Maktubda moliyaviy to‘siqlarni kamaytirish va O‘zbekistonning madaniy va intellektual salohiyatini xalqaro maydonda mustahkamlash uchun erkin ijodiy muhit yaratish muhimligi ta’kidlanadi.
E’tiborga molik jihati, Uzbekistan’s Literature and Art Bridge (O‘zbekistonni dunyo adabiyoti va san’ati bilan bog‘lovchi ko‘prik) deya ramziy nom bilan atalgan dastur budjet mablag‘larisiz, ko‘ngillilarning himmati evaziga amalga oshirilmoqda. Ishtirokchilar ham mehmonxonada emas, balki o‘zbekistonlik futuvvatli ijodkorlarning uylarida yashashadi.
Rezidensiya dasturi, shuningdek, o‘zbek ijodkorlarining chet elga chiqib, xalqaro adabiy va madaniy tadbirlarda ishtirok etishlari uchun ko‘prik vazifasini bajaradi. Bundan tashqari, dastur o‘zbek adabiyotini jahon tillariga tarjima qilishni qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirilgan. Shuningdek, dastur faollari YuNESKOning “Adabiyot shaharlari” ro‘yxatiga o‘zbek shaharlaridan birini kiritishga hissa qo‘shish niyatida.
Rezidensiya dasturining muvaffaqiyatli natijalaridan biri uning ishtirokchilari tomonidan yaratilgan ijodiy asarlardir. O‘tgan dasturlar natijasi o‘laroq, yurtimiz adiblarining she’riy va nasriy asarlari xorijiy tillarda dunyo yuzini ko‘rdi. Dunyo matbuoti va ijtimoiy tarmoqlarda yurtimiz madaniyati, san’ati va adabiyotiga oid maqolalar chop etilmoqda. Masalan, dasturning ilk ishtirokchisi bo‘lgan bolgar yozuvchisi Mariya Filipova O‘zbekistonga bag‘ishlab “To‘rtinchi ustun” nomli kitob yozdi. Ushbu asar rus tiliga tarjima qilinib, Moskvada nashr etildi, o‘zbekcha talqini esa hali chop etilishini kutmoqda.
2018 yilda tashkil etilgan ushbu unikal dastur shu kunga qadar 20 dan ziyod mamlakatdan 100 ga yaqin shoir, yozuvchi, tarjimon va rassomni O‘zbekistonga taklif qildi.
Avval xabar berganimizdek, dasturning 2024 yil kuzgi bosqichida Yaponiyadan Kiprga qadar – turli madaniyat va jug‘rofiy hudud vakillari qatnashgandi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter