Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Jurnalist Abdukarim Mirzayevning vakili bayonot berdi

Jurnalist Abdukarim Mirzayevning vakili bayonot berdi

Foto: «Kun.uz»

Taniqli jurnalist Abdukarim Mirzayev Turkiyada qamoqqa olingani haqida xabar berilgandi. Biroz vaqt o‘tib, O‘zbekistonda unga nisbatan hech qanday jinoiy ish ochilmagani va u qidiruvda emasligi haqida Bosh prokuratura ma’lum qildi.

Abdukarim Mirzayevning vakili, advokat Mahmud Said Arslon holat yuzasidan bayonot berdi. Quyida uni to‘liqligicha e’lon qilamiz.

O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi Abdukarim Mirzayev, O‘zbekiston va Turkiyada nomi keng jamoatchilikka ma’lum bo‘lgan va tan olingan, hurmatga sazovor jurnalist, yozuvchi va rejissyordir. U oilasi bilan Kuchukchekmejeda istiqomat qiladi.

10.12.2020-yilda Istanbul Bosh prokuraturasining buyrug‘i bilan Abdukarim Mirzayevning uyida tintuv o‘tkazildi va uning telefoni tekshirildi. Jinoyat yoki jinoyat sodir etilganiga oid shubha tug‘diradigan hech qanday holat aniqlanmagani bois tergovni olib boruvchi prokuror tomonidan hatto uning ko‘rsatmalari ham olinmadi. Biroq politsiya guruhi Mirzayevni 3 kun mobaynida Kuchukchekmeje politsiya idorasida ushlab turgach, uni 14.12.2020-yil sanasida Istanbul immigratsiya ma’muriyati huzuridagi Binkilik (GGM) repatriatsiya markaziga topshirdi.

Istanbul immigratsiya ma’muriyati 15.12.2020 yilda Mirzayevga jamoat tartibiga va jamoat xavfsizligiga tahdid qilgani uchun deportatsiya qilish va ma’muriy qamoqqa olish to‘g‘risida buyruq chiqardi. Buyruqda esa Istanbul Bosh prokuraturasi tomonidan yozilgan xat tufayli Mirzayev jamoat tartibiga va jamoat xavfsizligiga tahdid solgan degan xulosaga kelingani yozilgan. Ammo Istanbul Bosh prokuraturasi tomonidan yozilgan hech bir hujjatda Mirzayevning jinoyat sodir etganligi to‘g‘risida dalil yoki ma’lumot mavjud emas, faqat tintuv o‘tkazish talab qilingan.

Abdukarim Mirzayev hech qanday jinoyatga aloqador emas. U Kastamonu universiteti Ijtimoiy fanlar institutida jurnalistika bo‘yicha magistratura bosqichida tahsil olmoqda. U munosib va sharafli hayot kechirmoqda. U Turkiyada bo‘lib turgan muddat davomida kuzatuvchilari soni 1 mlndan oshgan o‘z YouTube sahifalari orqali media mahsulotlar e’lon qilgan, jamoatchilikni ma’rifatga undagan va hech bir nutqida nojoiz fikrlarni ifoda etmagan.

Abdukarim Mirzayevning ijtimoiy tarmoqdagi kuzatuvchilari ushbu jarayondan xabardor bo‘lib, Mirzayevning vatanga qaytarish markazida ekanidan qattiq qayg‘uga tushishdi.

Ijtimoiy tarmoqlarda #freeAbdukariM ve #FreedomtoAbdukarim xeshtegi ostida boshlangan kampaniyada mashhur jurnalist Mirzayevni tanigan insonlar ushbu holatga norozilik bildirishdi.

Mirzayevning ijtimoiy tarmoqdagi ba’zi kuzatuvchilari ushbu ish ortida O‘zbekiston hukumati turganini aytib, O‘zbekiston hukumatini ayblashdi. Qariyb 35 ming tvitdan so‘ng, O‘zbekiston Bosh prokuraturasi bayonot berib, Abdukarim Mirzayevning deportatsiya qilinishini xohlamasligini bildirdi. Shu ma’noda, ma’muriy hibsga olish to‘g‘risida mazkur qaror qabul qilinishi ortidan sodir bo‘lgan voqealar ikki mamlakat o‘rtasidagi diplomatik inqirozga olib bormoqda.

Deportatsiya operatsiyasini bekor qilish uchun 1-sonli Istanbul ma’muriy sudiga da’vo arizasi kiritilgan. Ma’muriy qamoqni tugatish to‘g‘risida Istanbul Jinoyat sudi sudlariga yuborilgan arizalar murojaat sabablari o‘rganilmagan holda, hech qanday asoslarsiz rad etildi. Istanbul Immigratsiya Boshqarmasi va Migratsiya Bosh Boshqarmasiga qilingan murojaatlarga esa javob berilmagan.

Garchi hech qanday jinoyatda gumondor qilinmagani holda, Mirzayevni ozodlikdan mahrum qilish inson huquqlarini jiddiy buzish hisoblanadi, shu bois ma’muriy qamoq zudlik bilan bekor qilinishi darkor.

Hurmat bilan, Abdukarim Mirzayevning vakili advokat Mahmud Said Arslon.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring