Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Jazolangan faqat San’at Umarov emas! Kattaqo‘rg‘on voqeasi yuzasidan bir guruh xodimlar ishdan olindi

Jazolangan faqat San’at Umarov emas! Kattaqo‘rg‘on voqeasi yuzasidan bir guruh xodimlar ishdan olindi

Foto: «Xabar.uz»

Shu yilning 4 iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining rasmiy saytida ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan «Samarqandlik tergovchi o‘g‘rilikda shubhalangan ayolni yechintirdi va haqoratladi» deb nomlangan videolavha yuzasidan rasmiy munosabat bildirilib, mazkur ma’lumot bo‘yicha Vazirlik tomonidan xizmat tekshiruvi o‘tkazilayotganligi ma’lum qilingan edi.

O‘zbekiston Respublikasi IIV Jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan aloqalar boshqarmasi xabar qilishicha, mazkur ish yuzasidan tekshiruv yakunlangan. Uning natijasiga ko‘ra, xizmat vazifalarini ijro etishda qo‘pol kamchiliklarga yo‘l qo‘yib, xodimlarning xizmat olib borish faoliyatini tegishli tartibda nazorat qilmagan hamda shaxsiy tarkib bilan yakka tartibdagi tarbiyaviy ishlar olib borilishini yetarli darajada tashkil etmaganliklari uchun Kattaqo‘rg‘on shahar IIB boshlig‘i Ilyos Abduqahhorov, uning birinchi o‘rinbosari Izzatillo Xo‘djamqulov hamda kadrlar bo‘yicha o‘rinbosari Zafar Sheraliyev, shahar IIB JQB boshlig‘i Alisher Shukurov Ichki ishlar vazirining buyrug‘i bilan ichki ishlar organlari xizmatidan bo‘shatilgan. Viloyat IIB va shahar IIBning bir qator rahbar xodimlariga nisbatan boshqa intizomiy jazo choralari qo‘llanildi.

Bundan tashqari, yuqoridagi voqea sodir etilishi bilan bog‘liq holatlarda xizmat vazifalarini bajarmagan Kattaqo‘rg‘on shahar IIB katta inspektor navbatchisi Nasim Aliyev va navbatchi yordamchisi Jahongir Shodiyevlar egallab turgan lavozimlaridan ozod etildilar, ushbu IIB profilaktika inspektori Shamshod To‘xtayev esa ichki ishlar organlari safidan bo‘shatildi.

Yuqoridagi videolavhani tasvirga olgan va unda aks etgan holatlarni keltirib chiqargan San’at Umarov ichki ishlar organlari safidan bo‘shatilishi bilan birga, unga nisbatan Samarqand viloyati prokuraturasi tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoqqa olingan. Jinoyat ishi bo‘yicha hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

Kelgusida bu kabi salbiy holatlar sodir etilishining oldini olish maqsadida, o‘tkazilgan xizmat tekshiruvi xulosasi barcha darajadagi ichki ishlar organlari shaxsiy tarkibi orasida keng muhokama qilinmoqda.

Shuningdek, bunday holatlarga qat’iyan yo‘l qo‘ymaslik hamda ichki ishlar organlarida fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari ishonchli himoya qilinishini ta’minlash borasidagi faoliyatning ahvolini har tomonlama o‘rganish, aniqlangan kamchiliklarni joyida bartaraf etish va tegishli chora-tadbirlar ko‘rish maqsadida, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi va Ichki ishlar vazirligining qo‘shma farmoyishi bilan ishchi guruhi tuzildi. Bugungi kunda O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri general-mayor P.Bobojonov rahbarligidagi ushbu ishchi guruhi Samarqand viloyati ichki ishlar organlari faoliyatini o‘rganmoqda.

Mazkur o‘rganishlar respublikaning barcha hududlarida bosqichma-bosqich o‘tkazilishi belgilangan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring